TIL – DIL KALITI
O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishini, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishni, jahon hamjamiyatiga qo‘shilishni ta’minlaydigan demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyat barpo etish yo‘lida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar zamirida esa kelajakning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yosh avlodni har tomonlama yetuk, ona Vatanga muhabbat, boy ma’naviy merosimizni qadrlash, milliy g‘urur, axloq va ma’naviyat, umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash kabi dolzarb vazifalar yuklatilgan.
Yurtboshimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida: “Vatanimizning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori avvalambor farzandlarimizning unib-o‘sib, ulg‘ayib, qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishiga bog‘liqdir. Biz bunday o‘tkir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak”, deb alohida ta’kidlagan.
Davlatimizning jahon mamlakatlari bilan olib borayotgan iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ma’rifiy aloqalari kuchayib borayotgan bir paytda yurtimiz yoshlarining xorijiy mamlakatlarning hayoti, madaniyati, urf-odatlariga, tiliga bo‘lgan qiziqishlari ortib bormoqda. Bu aloqalarning rivojida xorijiy tillarning, ayniqsa, ingliz tilining o‘rni beqiyosdir.
Davlatimiz Prezidenti Islom Karimovning 2012 yil 17 fevral kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimidagi nutqida e’tirof etilganidek, “Biz ta’lim tizimida o‘quvchilarning nafaqat keng bilim va professional ko‘nikmalarni egallashi, ayni paytda chet mamlakatlardagi tengdoshlari bilan faol muloqot qilish, bugungi dunyoda ro‘y berayotgan barcha voqea-hodisalar, yangilik va o‘zgarishlardan atroflicha xabardor bo‘lish, jahondagi ulkan intellektual boylikni egallashning eng muhim sharti hisoblangan xorijiy tillarni ham chuqur o‘rganishlari uchun katta ahamiyat bermoqdamiz”.
Til o‘rganish, uning ahamiyati, muloqot vositasi ekanligi haqida o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk bobomiz Alisher Navoiy quyidagi ta’rifni bergan:
So‘z zohir etar zamir ishi
ko‘pragidin,
Til muxbir erur ko‘ngil nihon
emgagidin,
Fahm ayla kishi holini so‘z
demagidin,
Kim, berdi xabar hadisi
ko‘nglidagidin.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish doirasida chet tillar o‘qitishning kompleks tizimi, ya’ni uyg‘un kamol topgan, o‘qimishli, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni shakllantirishga, respublikaning jahon hamjamiyatiga yanada integratsiyalashuviga yo‘naltirilgan barqaror tizim yaratildi.
Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori mamlakatimizda chet tili ta’limini rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni zamon talablariga mos yetuk mutaxassis etib tayyorlash kabi ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgan ishlarning uzviy davomi bo‘lib, bu boradagi sa’y-harakatlarimiz yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishi uchun huquqiy asos sifatida xizmat qiladi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida uzluksiz ta’lim tizimida chet tillarni, asosan, ingliz tilini faol o‘rgatish uchun zarur sharoit yaratish, zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlashni yanada takomillashtirish ko‘rasatilgan. Shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda buning negizida, ularning jahon sivilizatsiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari maqsad qilib qo‘yilgan.
Har bir ta’lim bosqichida chet tillarni bilish darajasining aniq mezonlarini nazarda tutuvchi yangi ta’lim standartlarini tasdiqlash, umumta’lim maktablarining birinchi sinfidan boshlab chet tillar ta’limini uzluksiz joriy etish, barcha darajadagi ta’lim muassasalari uchun o‘quv dasturlari, rejalari va darsliklar ishlab chiqish, ta’lim jarayonini tashkil etish uchun yetakchi xorijiy o‘quv markazlarini, chet tillar bo‘yicha xalqaro ekspert va mutaxassislarni jalb etish haqidagi Yurtboshimizning qimmatli takliflari yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, ularning yorug‘ istiqboli yo‘lidagi g‘amxo‘rlikning yana bir tasdig‘idir.
Ta’lim muassasalarida xorijiy tillar xonalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya hamda o‘qitishning texnik vositalari hamda anjomlari bilan jihozlashning jadallashtirilishi, shuningdek, televideniye, mahalliy telekanallar orqali bolalar va o‘smirlarni xorijiy tillarga o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatuvlar tayyorlash, boshqa xalqlarning tarixi va madaniyati, jahon ilm-fani va texnikasi yangiliklariga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop xorijiy badiiy hamda multiplikatsion filmlarni o‘zbek tilidagi subtitr yordamida muntazam ko‘rsatib borishni amalga oshirish kabi ishlarning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz yoshlariga dunyo xalqlari tarixi, madaniyati, ilm-fani bilan yaqindan tanishish imkonini berish bilan bir qatorda, o‘z tariximizni, madaniyatimizni va yutuqlarimizni ham namoyon etish imkonini beradi.
Bugungi yoshlarimiz orasida chet tilini mukammal biladiganlari, jahon adabiyoti namunalarini asliyatdan tarjima qiladiganlari, o‘zlari ham ingliz, nemis, fransuz va boshqa xorijiy tillarda ijod qilayotganlari ko‘p. Biz o‘qituvchilar bunday o‘quvchilarning chet tili faniga bo‘lgan qiziqishlarini yanada qo‘llab-quvvatlab borishimiz kerak.
Yosh avlodga xorijiy tillarni o‘qitishda qo‘shimcha manbalardan samarali foydalanish, ko‘rgazmali vositalar ko‘magida o‘quvchilarning xorijiy tilga qiziqish va munosabatini yanada yuksaltirish, har bir darsni interfaol usullarda olib borish, darslardan so‘ng o‘quvchilarga qo‘shimcha darslar berish va bu jarayonda noan’anaviy uslublardan keng foydalanishni taqozo qiladi.
Ushbu vazifalar barcha ta’lim muassasalari va chet tili o‘qituvchilari zimmasiga yosh avlodni mustaqil davlatimizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshiruvchi yuksak salohiyat va bilim egalari qilib tarbiyalashdek ulkan vazifalar yuklaydi.
Aziza NODIROVA,
O‘zDJTU qoshidagi 3-son akademik litseyi ingliz tili fani o‘qituvchisi