BUNYODKORLIK, OBODLIK VA FAROVONLIK AYYOMI
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida bo‘lib o‘tgan Navro‘z bayrami tantanalaridan reportaj.
Qish zahridan toliqqan zamin bahor nasimidan entikadi. Sharqirab oqqan suvlar unga yana hayot baxsh etadi. Daraxtlar suluv kelinchaklardek boshiga yashil gulchambar taqadi. Qiru adirlarda maysalar bo‘y cho‘zadi. Musaffo osmon uzra charaqlab chiqqan quyosh ko‘ngillarni-da yorishtirib yuboradi.
Bunday farahbaxsh damlarda inson qalbi beixtiyor quvonchga to‘ladi. Shu kunlarga yetganiga shukrona aytib, shodu xurramlik qilgisi keladi.
Ana shu tabiiy ehtiyojning, ezgu xohish-istakning hosilasi bo‘lib yurtimizga Navro‘z kirib keldi. Shaharu qishloqlarda, mahallalarda karnay-surnay sadolari yangramoqda. Ko‘chalarni to‘ldirib borayotgan odamlarning yuz-ko‘zlarida shodumonlik. Nabirasini yetaklagan otaxonlar, kayvoni onaxonlar, o‘yinqaroq bolakaylar, bahordek latofatli qiz-juvonlar, otashqalb yigitlar Navro‘z sayliga oshiqadi…
19 mart. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i bayramona bezatilgan.
Bu yerga senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, fan, madaniyat, san’at, sport namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, muhtaram otaxonu onaxonlar, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining vakillari tashrif buyurgan.
Soat 10:30. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keladi.
Bayram tantanasiga hozir bo‘lganlar davlatimiz rahbarini qarsaklar bilan kutib oladilar.
Chorlov musiqasi yangraydi.
So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga beriladi.
Davlatimiz rahbari xalqimizni Navro‘z bayrami bilan muborakbod etadi.
Muazzam maydon atrofida turfa ranglardagi bayroqchalar hilpiraydi. Sahna tegrasida o‘rnatilgan so‘rilar, qo‘shayvonlar xalqimizning obod va fayzli xonadonlarini eslatadi. Ohista aylanayotgan charxpalak bu manzillarga obodlik va farovonlik belgisi – obihayot olib keladi. Har bir yurtdoshimizga tanish, ko‘ngilga yaqin bunday fayzli manzara qalblarga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi.
Fusunkor maydon uzra borliq uyg‘onishi, yangi kunni madh etuvchi navo taraladi. Sarrin kuy og‘ushida ulkan monitorlarda yurtimiz manzaralari – yam-yashil bog‘lar, bepoyon dalalar, zamonaviy inshootlar, qadimiy obidalar, bunyodkor zamondoshlarimiz qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Maydonga Obod turmush mahallasi faollari chiqib keladi. Navro‘z bayramini ahillik va hamjihatlikda, mahallani yanada obod va ko‘rkam etgan holda kutib olish borasida kengashadi.
Navro‘z obodlik, orastalik, mehr-oqibat, xayru saxovat ayyomidir. Xalqimiz bu yil ham Yilboshini ana shu ezgu tamoyillarga muvofiq kutib olmoqda. Bahorning dastlabki kunlaridan yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari avjiga chiqdi. Umumxalq hashari tashkil etilib, mahallalar, ko‘chalar, aholi turar-joylari obodonlashtirildi, ariq-zovurlar tozalandi, ziyoratgoh, qabriston hamda muqaddas qadamjolar tartibga keltirildi, mevali va manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari o‘tqazildi.
Bayram kunlarida serg‘ayrat yoshlar, qo‘li ochiq tadbirkorlar ko‘makka muhtojlarga beminnat yordam berdi. Bemorlarning holidan xabar olindi. Qo‘ni-qo‘shnilar bir-birlariga Navro‘zning tansiq taomlarini ilindi.
Ko‘pchilikning hayrati va havasini uyg‘otadigan, yurtimizdagi barcha mahallada qaror topgan bunday hamjihatlik muhiti Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mahalla institutini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samaralaridandir.
Mustaqillik yillarida mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab qadriyatlar, udum va an’analarimiz qayta tiklanib, zamon talablari asosida boyib bormoqda. Mahalla idorasining huquq va vakolatlari tobora kengaytirilmoqda. Bu fuqarolik jamiyatini shakllantirish, oila institutini mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, pirovardida, hayotimizni yanada obod qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
…Sahnaga – maydonga jajji bolakaylar kirib keladi, har taraf sho‘x-shodon kulguga to‘ladi. Ular ijrosidagi baxtiyor bolalikni, mustaqil yurt farzandlarining beg‘ubor va quvnoq hayotini tarannum etuvchi jarangdor kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar barchaga zavq-shavq bag‘ishlaydi…
Xalqimiz azal-azaldan farzandlar baxtu iqbolini o‘ylab, ezgu orzular bilan yashaydi. Navro‘z kunlarida farzandlariga atab, ularning baxtli va farovon kelajagini o‘ylab nihol ekib, bog‘ yaratadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha olijanob harakatlarimizning negizida, barcha ezgu niyatlarimizning zamirida farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamdir.
Bu sohada amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o‘g‘il-qizlarimizning sog‘lom va barkamolligida namoyon bo‘lmoqda. Ta’lim tizimining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus hamda oliy ta’lim tizimidan iborat barcha bosqichida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, chet tillarida erkin so‘zlashadigan, jismonan chiniqqan, e’tiqodi mustahkam avlod voyaga yetmoqda.
Bu Fransiyadagi “Inssad” xalqaro biznes maktabi tomonidan Jahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlangan “Innovatsiyalarning global indeksi” ma’ruzasida ham o‘z ifodasini topdi. Innovatsion rivojlanish kompleks tarzda tahlil qilingan ushbu ma’ruzada O‘zbekiston 141 mamlakat orasida inson kapitalini rivojlantirish darajasi bo‘yicha 35-o‘rinni, ta’lim tizimini rivojlantirish darajasi bo‘yicha esa 2-o‘rinni egalladi.
Yoshlarimiz eng nufuzli tanlovlarda, Olimpiada va jahon chempionatlarida hech kimdan kam emasligini isbotlamoqda. 2012 yilda futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
Mustaqilligimizning 21 yilligi arafasida poytaxtimizda qurib bitkazilgan “Bunyodkor” sport kompleksi mamlakatimiz sporti hayotida, qolaversa, O‘zbekiston tarixidagi katta voqea bo‘ldi. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi – FIFA tomonidan O‘zbekiston futbol federatsiyasining “Fair Play” (halol o‘yin) sovrini bilan taqdirlangani Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofi bo‘ldi.
Tinch-osoyishta elda xursandchilik, to‘y-tomosha bo‘ladi, halovatli xalqqa bayramlar yarashadi. Mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat samarasida osmonimiz musaffo, tinchlik-barqarorligimiz mustahkam, turli millat va elat vakillari yagona oila farzandlaridek ahil hayot kechirmoqda.
Bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun baraka ko‘tariladi, deydi xalqimiz. Dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan notinchliklarni, tanazzulni ko‘rib, ushbu naql hikmatini yanada chuqurroq anglaymiz. Shunday tinch, osuda, farovon yurtda yashayotganimizga shukronalar aytamiz.
Tinchlik barqaror yurtda qut-baraka, rivojlanish bo‘ladi. Buni global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamon davom etayotgan bugungi sharoitda mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror sur’atlarda rivojlanayotganida ham ko‘rish mumkin. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarasida 2012 yilda O‘zbekiston aholi turmush darajasini izchil yuksaltirishni ta’minladi, dunyo bozoridagi o‘z pozitsiyasini mustahkamladi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8,2 foizga o‘sdi. Aholi daromadlari miqdori 17,5 foizga ko‘paydi.
Yangi ish joylari tashkil etish, ayniqsa, yoshlarni va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor natijasida aholi turmush darajasi yuksalib bormoqda. O‘tgan yilda ushbu maqsadga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish hisobidan qariyb bir million yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Aholi bandligini ta’minlash bundan buyon ham eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi. Xususan, joriy yilda 970 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu oilalar farovonligini, mahallalar obodligini, yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bu borada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi alohida o‘rin tutadi. Bugungi kunda ushbu sektor jamiyatimizdagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlikning muhim omiliga, yurtimizni taraqqiyot yo‘lidan faol harakatlantiradigan kuchga aylanib bormoqda. Soha vakillari xalqimiz farovonligi, dasturxonimiz to‘kinligi, iqtisodiyotimizning jadal rivojlanishiga munosib hissa qo‘shayotir.
Bu jihatlar 2012 yil 14 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro konferensiyada xorijlik ishbilarmonlar, yetakchi ekspertlar tomonidan ham e’tirof etildi.
Yangilanish – nafaqat tabiatga, balki jamiyat hayotiga ham xos jarayon. Navro‘z arafasida yangi uy-joylar, korxonalar, tibbiyot va o‘quv muassasalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari foydalanishga topshiriladi. Bu inshootlar Vatanimiz chiroyiga chiroy qo‘shish bilan birga, yurtdoshlarimizning turmush tarzini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Navro‘zdan Navro‘zgacha mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayotida ulkan ishlar amalga oshirildi. Yirik ishlab chiqarish ob’yektlari ishga tushirildi.
Samarqand viloyatida Germaniyaning “MAN” kompaniyasi bilan hamkorlikda yuk avtomobili ishlab chiqariladigan yangi kompleksni bunyod etishning ikkinchi bosqichi yakunlandi. Surg‘il koni bazasida dunyo mezonlari bo‘yicha ham noyob bo‘lgan Ustyurt gaz-kimyo kompleksi qurilishi boshlandi. Qashqadaryo viloyatida Janubiy Afrikaning “Sasol” kompaniyasi va Malayziyaning “Petronas” korporatsiyasi bilan hamkorlikda sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirishga kirishildi.
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi tashkil etilganidan buyon bu yerda 12 ta korxona qurilib, foydalanishga topshirildi. 2012 yilda ular tomonidan qariyb 80 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. “Angren” maxsus industrial zonasi hududida qiymati 186 million dollarlik 8 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
2012 yilda O‘zbekistonda barcha qishloq xo‘jaligi ekinlari – g‘alla, paxta, sabzavot, poliz ekinlari va uzumdan yuqori hosil olindi. 7 million 500 ming tonna g‘alla, 3 million 460 ming tonnadan ortiq paxta, 2 million tonnadan ziyod kartoshka va 9 million tonnadan ortiq sabzavot hamda poliz mahsulotlari yetishtirildi.
Qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarining rivojlantirilayotgani, fermerlik harakatiga keng imkoniyatlar berilayotgani bunday yuksak natijalarni qo‘lga kiritishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xizmatlarning yuqori texnologiyalarga asoslangan va bozor iqtisodiyotiga xos turlari jadal rivojlanmoqda. Jumladan, 2012 yilda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 24,5 foizga, kompyuter dasturlash xizmatlari 18 foizga, texnologik asbob-uskunalarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish 17 foizga, moliya-bank xizmatlari 17,6 foizga o‘sdi.
– O‘zbekistonda bahor bayrami – Navro‘zni to‘rtinchi marta kutib olayotganimdan mamnunman, – deydi Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Chon De Van. – Har yili ushbu ayyomda tayyorlanadigan sumalakni bajonidil tanovvul qilaman. Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston har tomonlama jadal rivojlanmoqda. Buni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami yildan-yilga kengayib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi tobora oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin. O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari bundan keyin ham izchil taraqqiy etaverishiga ishonaman. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini Navro‘z ayyomi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman, tinchlik, baxt-saodat tilayman!
– Navro‘z – o‘ziga xos noyob, ajoyib bayram, – deydi Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Fransua Gotye. – Bu bayram barchaga quvonch ulashadi, hamjihatlik, mehr-oqibatni mustahkamlaydi. Biz ham bu shodiyonada ishtirok etib, davlat va jamoat arboblari, xorijlik mehmonlar, hamkasblarimiz bilan diydor ko‘rishamiz, bayram dasturini katta quvonch bilan miriqib tomosha qilamiz. Bayram tantanasidagi ko‘tarinki ruh, odamlar yuz-ko‘zidagi quvonch va shodlik yurtingizdagi to‘kinlik, farovonlik, tinch va osuda hayotdan dalolatdir.
Navro‘z bayramini xursandchilik, o‘yin-kulgi, yaxshi tilak va istaklar bilan kutib olish va o‘tkazish xalqimizning ezgu fazilatlaridandir. Bu kunlarda xalq termalari, baxshilar aytishuvi, hazil-mutoyiba, qo‘shiqlar, laparlar yangragan. Uloq-ko‘pkari, kurash, merganlik, qo‘chqor va xo‘roz urishtirish kabi tomoshalar o‘tkazilgan. Dorbozlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlar, polvonlar o‘z san’atini namoyish etgan. Sumalak, halim, ko‘ksomsa kabi xilma-xil bahoriy taomlar pishirilgan.
“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi hamda YUNYeSKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Asrlar sadosi” an’anaviy madaniyat festivali ana shu boy ma’naviy merosimizni keng targ‘ib etish, san’atning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotir.
“Art Week Style.uz – 2012” san’at haftaligi ham o‘ziga xos madaniyat va san’at bayramiga aylandi. Haftalik doirasida o‘tkazilgan “Oltin Gepard” ikkinchi xalqaro Toshkent kinoforumi, “Theatre.UZ/2012” xalqaro teatr festivali, VI xalqaro Toshkent fotobiyennalesi kabi yirik loyihalarda musiqa, kino, teatr, fotografiya, tasviriy san’at, dizaynerlik, moda, me’morlik kabi ko‘plab soha va yo‘nalishlardagi yutuqlar namoyish etildi.
2012 yilda Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 20 yilligini nishonladik.
Obod turmush yili arafasida davlatimiz rahbari Islom Karimov g‘oyasi va tashabbusi asosida poytaxtimizning Alisher Navoiy ko‘chasida bunyod etilgan ko‘pqavatli zamonaviy uylar foydalanishga topshirildi. Bu shaharning me’moriy qiyofasini yangilab, boshqa inshootlar bilan uyg‘unlik kasb etdi. Poytaxtimizni zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rejali rivojlantirishga qaratilgan bunday izchil ishlar samarasida Toshkent dunyodagi ekologik jihatdan toza va ko‘rkam qiyofaga ega yetakchi poytaxt shaharlar qatoridan joy olmoqda. 2012 yilda Buyuk Britaniyaning nufuzli Economist Intelligence Unit (EIU) kompaniyasi e’lon qilgan reytingda Toshkent dunyoning yashash qulay bo‘lgan shaharlari orasida qayd etilgani buning dalilidir.
Prezidentimiz Islom Karimov taklifiga binoan Obod turmush yili, deb e’lon qilingan joriy yilda mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish, shahar va qishloqlarimizda zamonaviy arxitektura talablari asosida uy-joylar, ijtimoiy ob’yektlar barpo etish, aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish borasidagi bunday ishlar yanada keng ko‘lam kasb etmoqda.
“Obod turmush yili” Davlat dasturiga muvofiq qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan 10 mingta yakka tartibdagi zamonaviy uy-joy qishloqlarimiz qiyofasini yaxshilash, odamlarning turmush madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Bunday yuksalishlar yurtdoshlarimizning ongu tafakkuri va dunyoqarashini ham o‘zgartirmoqda. Odamlar bugungi hayotidan mamnun bo‘lib, kelajakka katta ishonch bilan yashamoqda. Kattayu kichikning hayotga, mehnatga munosabati o‘zgarib, siyosiy va huquqiy madaniyati tobora yuksalib bormoqda.
– Navro‘z tantanalarini tomosha qilar ekanman, Yurtboshimiz rahnamoligida mustaqillik yillarida mamlakatimiz har tomonlama rivojlanganiga, odamlarimizning turmush darajasi o‘sib, dunyoqarashi o‘zgarib borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim, – deydi Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi mehnat faxriysi Komilabibi Xudoynazarova. – Misli ko‘rilmagan bu yutuqlar, bu o‘zgarishlar mana shu tantanalar shukuhida, yurtdoshlarimizning quvonchida ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Shunday dorilomon kunlarga yetganimizga shukronalar aytamiz. Ilohim, yurtimiz tinch, hayotimiz obod, xalqimiz farovon bo‘lsin.
Baxtli yashashning omillaridan biri salomatlikdir. Zamonaviy shifo maskanlarini bunyod etish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, kasalliklarning oldini olish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, bolalar sportini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar xalqimizning ana shunday baxtli hayot kechirishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazida zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan, yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan bemorlarga jahon standartlari darajasida diagnoz qo‘yish va ularni davolash imkonini beradigan Kardiojarrohlik majmuasining ochilishi aholi salomatligini saqlashga qaratilayotgan e’tiborning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Joriy yilda ham obod turmushning muhim sharti sifatida inson salomatligini mustahkamlash, buning uchun sog‘liqni saqlash tizimini zamonaviy davolash vositalari, texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash, kasalliklarning oldini olish ishlarini yanada kuchaytirish masalalari ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
…Sumalak – ming dardga davo tansiq taom. Ko‘pchilikning mehridan, birdamlik va ahillikdan totli bo‘lgan ne’mat. Xalqimiz har yili bahorda doshqozonlarda sumalak pishiradi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yga tarqatadi. Bu tanlarga quvvat, ruhga tiniqlik bag‘ishlaydi. O‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlaydi.
O‘zbekistonimizning bosh sahnasida sumalak tayyorlanishi ana shunday milliy qadriyatlarimizni, ezgu intilishlarni ifodalaydi. Sho‘x-shodon bolakaylar “Sumalak” qo‘shig‘ini ijro etadi.
San’at ustalari, estrada yulduzlari, yosh xonandalar o‘zlarining yangi kuy-qo‘shiqlarini, raqslarini ijro etadilar.
Maydon uzra taralgan musiqiy ohanglar, hofizlar xonishida Navro‘z, Vatan, jamiyatimizdagi bunyodkorlik muhiti, yoshlik, sevgi va vafo tarannum etiladi…
Milliy bog‘da tashkil etilgan xalq hunarmandlari ko‘rgazmasida namoyish etilayotgan mahsulotlar bunyodkor, mehnatsevar xalqimizning boy madaniy merosi va yuksak san’atining ifodasi sifatida ko‘ngilda faxr uyg‘otadi.
Qiru adirlarda, dashtu dalalarda, ko‘cha va xiyobonlarda dillarni erkalab bahor sabosi taralmoqda, borliqni uyg‘otuvchi Navro‘z navosi yangramoqda.
Mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida Navro‘z sayillari, bayram shodiyonalari davom etmoqda.
Anvar SAMADOV,
O‘zA muxbiri
Sarvar O‘RMONOV,
A’lo ABDULLAYEV
(O‘zA) olgan suratlar