Olxo‘ri ekish va parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar
Ekish uchun tavsiya etiladigan navlari: Ispolinskaya, Berton, Izobilnaya, Vengerka fioletovaya, Chernosliv Samarkandskiy va h. k.
Ko‘chatlarni ekishga tayyorlash va ekish. Ko‘chatlarni ekishga tayyorlashda avvalo, tomorqa maydonida suvning yurishi hisobga olinib, yer yaxshi tekislanadi. Maydonning har kvadrat metrga 6-10 kg go‘ng, chirindi, 200-250 g fosfor, 100-120 g kaliy va 150-200 g ammoniyli azot o‘g‘iti solinib, chuqur (25-30 sm) haydaladi.
Olxo‘rini ekish sxemasi – 6×5 m (sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarda) va 4×4 m (shag‘alli-qumlik tuproqlarda), ekish muddati: erta bahorda – fevral oxiri-mart oyi boshlarida.
Ko‘chat ekish uchun chuqurligi va kengligi 60×60 sm bo‘lgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismini 20-25 sm qatlami o‘raning bir tomoniga, qolgan qismi ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi.
O‘raga 350-400 g fosfor, 30-40 g kaliy o‘g‘iti hamda 8-10 kg chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin ko‘chat ekiladi. Ko‘chatni ekishdan oldindan tayyorlab qo‘yilgan shaltoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtirilib, qaymoqsimon massa tayyorlanadi) botirib olish lozim.
Ko‘chat o‘raga tik holda qo‘yilib, tuproq bilan ko‘miladi. Ko‘chatni payvand qilingan joyi tuproqdan 4-5 sm yuqorida qolishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘latib suv quyiladi. Shunda tuproq zichlanib, nihol yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga yangi tuproq solib, to‘ldiriladi. Ko‘chatlar tuproqning namligiga qarab vaqti-vaqti bilan sug‘orib turiladi.
Tomorqa maydoni 0,03 ga bo‘lsa, ushbu maydonning quyosh tushadigan sharqdan janubga qaragan tomoniga olxo‘rining navlaridan 1-2 tupdan ekish tavsiya qilinadi. Tomorqa maydoni 0,06 ga bo‘lsa, yarmiga sabzavot ekinlari, qolgan qismiga esa mevalik daraxtlar, 0,10 ga bo‘lganda sabzavot uchun maydon qoldirib, qolgan kattaroq qismiga mevali ko‘chatlarni joylashtirish mumkin.
Parvarishlash. Olxo‘riga shakl berish uning tezpisharligiga qarab o‘tkaziladi. Tez o‘suvchi uchburchaksimon shoxlovchi navlarning yonidan chiqqan birinchi qatordagi asosiy novdalari qirqiladi. Bu shoxlarning kengayishi va pasayishiga imkon beradi.
Tomorqadagi olxo‘ri daraxtlariga 300-350 g azotli, 250-300 g fosforli va 200-250 g kaliyli o‘g‘itlar sof holda solinishi tavsiya qilinadi. Har 2-3 yilda o‘rtacha 50-60 kg chirigan go‘ng solish hosildorlikni oshiradi.
Bo‘z tuproqlarda olxo‘ri daraxtlari o‘suv davri mobaynida 4-6 marta, shag‘alli yerlarda 10-12 marotaba sug‘oriladi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Olxo‘ri daraxtiga zararkunandalardan meva kanasi, kasalliklardan klyasterosporioz (teshik dog‘) zarar keltiradi.
Meva kanasiga qarshi 17,5 foizli Perfekto sus. k. (10 sotix maydon hisobiga 15-20 ml), 5 foizli Karate em. k. (100 l suvga 50 ml) qo‘llanilganda yaxshi samara beradi.
Olxo‘rining klyasterosporioz kasalligiga qarshi Bordo suyuqligining 3 foizli (10 l suvga 300 g mis kuporosi va 300 g so‘ndirilmagan ohak) eritmasi sepiladi. Kasallikka qarshi preparatlar kurtaklar yozilguniga qadar, kuzda va erta bahorda purkaladi.
Hosilni yig‘ishtirish. Olxo‘ri mevalari asosan iyun-sentyabr oylari davomida pishib yetiladi. Turli navlar turlicha pishish muddatiga ega. Uzoq muddat pishib turadigan olxo‘ri navlari uch martadan besh martagacha terib olinadi. Shuning uchun mevalar yulib olinmasdan, bandi bilan uzib olinadi.
Sh. Ahmedov
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti