Uslub qirolichasi
Ayol uchun yosh ahamiyatsiz: 20 yoshda u latofatli, 40 yoshda maftunkor va hatto umrining oxirigacha sohibjamol bo‘lib qolishi mumkin.
Koko Shanel
Yer yuzida o‘zining ishbilarmonligi, yetuk aqli va ziyrakligi bilan mashhur bo‘lgan ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning hayoti va faoliyati barchaning e’tibor markazida bo‘lgan.
Dunyoning mashhur dizaynerlari haqida so‘z borganda, albatta, Koko Shanel ismi tilga olinadi. U to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lish aziz ayollarimiz uchun qiziq bo‘lsa kerak, shunday emasmi?!
Koko Shanelning haqiqiy ismi Gabriel Bonyor Shanel bo‘lib, XX asrning afsonaviy shaxslaridan biri. U yaratgan liboslar odamlarda moda haqidagi tasavvurning tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. 1883 yilning 19 avgustida Fransiyaning Somur shahrida tug‘ilgan bo‘lajak dizayner 12 yoshga qadam qo‘yganida onasidan ayriladi. Uning qismatida otasidan ham ayro yashash yozilgan edi. O‘sha davrdagi kambag‘al qizlar singari Gabriyelning ham kelajagi aniq bo‘lib, uni katta bo‘lganda xizmatkorlik qismati kutayotgan edi. Ammo yosh qizaloq bolaligidan tadbirkor, ishbilarmon bo‘lib ulg‘aydi. Bu esa unga katta hayotda o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
Mehnat faoliyatini kiyim-kechak do‘konida sotuvchilikdan boshlagan Gabriel, tunda kafeda qo‘shiqchi sifatida faoliyat yuritadi. San’atga mehri o‘zgacha bo‘lgan 18 yoshli qiz, ayniqsa, “Ko ko ri ko” va “Kvi kva yu Koko” nomli fransuz milliy qo‘shiqlarini mahorat bilan ijro etardi. Shu bois, ko‘p o‘tmay, muxlislari uni qo‘shig‘iga moslab, Koko deya chaqira boshlaydi.
Keyinchalik shlyapa oldi-sotdisi bilan shug‘ullana boshlagan Gabriel 1909-yilga kelib, o‘zi yaratgan liboslar do‘konini ochadi va asta-sekinlik bilan mashhurlik pillapoyalaridan yuqoriga ko‘tarilib boradi.
Koko Shanel yaratgan liboslar nega haligacha mashhur? Ushbu savol aksariyat insonlarni qiziqtirishi, tabiiy. Bu xususda uning o‘zi shunday deydi: “Shanel – moda emas, Shanel bu uslub!”. Shu sabab u moda emas, uslub qirolichasi edi! Koko Shanel yaratgan liboslar o‘zining bashangligi va shu bilan bir qatorda oddiyligi bilan odamlarni o‘ziga jalb qilardi. Mohir dizayner inson tanasidagi eng xunuk a’zo – tizzalar, deb hisoblar va shu sabab u tomonidan yaratilgan yubkalarning uzunligi tizzadan pastda bo‘lardi.
Shanelning dunyoga mashhur iqtiboslari ko‘p. Ulardan birida shunday deyiladi: “Atir – ko‘rinmas, lekin unutilmas, eng mukammal aksessuar. U ayolning kelgani haqida xabar beradi va u ketganidan so‘ng ham ayol haqida eslatib turadi”. Gap nima haqida ketayotganini fahmlagan bo‘lsangiz kerak. Uning mashhur “Chanel № 5” atiri 1921 yil dunyoga keldi. Tadqiqotlarga ko‘ra uning ixtirolari orasida mashhurligi bo‘yicha ushbu atir “Ford” avtomobilidan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Bu xushbo‘yga “5” raqamining berilish tarixi ham ajoyib. 5 – Shanelninng eng sevimli soni edi. Uning liboslar kolleksiyasi aynan oyning 5 sanasida muxlislar e’tiboriga xavola etilgan.
Qashshoq oilada dunyoga kelgan Gabriel 88 yoshida vafot etdi. Moda olamiga qo‘shgan xizmatlari beiz ketmadi, balki uning nomi abadiyatga muhrlandi.
Xurshida Xusenova