Nafosat malikasi
u mehribon ona, jonkuyar ustoz
Yurtimizda xotin-qizlarni sportga keng jalb qilish, xususan, ular orasida gimnastika sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli yil sayin sportchilarimizning natijalari yuqori bo‘lmoqda.
O‘tgan davr mobaynida terma jamoamiz a’zolari yozgi Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlarida munosib ishtirok etishdi, Osiyo o‘yinlari hamda qit’a birinchiliklaridatengsiz ekanliklarini isbotlashdi. Sportchilik faoliyatini yakunlab, hozirda yosh avlodga murabbiylik qilib kelayotgan Jamila RAHMATOVA bilan ayollar bayrami arafasida dildan suhbatlashdik.
– Bolalikda shohsupaga chiqishni, yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘tarishni, madhiyamiz yangrashini orzu qilganman. 2010 yil jamoamiz bilan Osiyo o‘yinlarida kumush medalga sazovor bo‘lganimizda “To‘rt yildan keyin, albatta, birinchi bo‘lishimiz kerak, degan maqsadni o‘z oldimga qo‘ygandim. Qilingan sa’y-harakatlar tufayli ana shu orzuim amalga oshdi. 2014 yilda Incheonda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida jamoamiz bilan oltin medalni qo‘lga kiritdik. Mustaqillik bayrami arafasida Birinchi Prezidentimiz meni “Shuhrat” medali bilan taqdirladi. Ana shu yili “E’tirof” mukofotining “Sportimiz malikasi” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldim.
Sportdagi faoliyatini yakunlagach Jamila Rahmatova o‘zining badiiy gimnastika maktabini ochdi. Bor mahoratini jajji qizaloqlarga o‘rgatish uchun murabbiylik qila boshladi.
Sport insonni tarbiyalaydi. Uni kuchli, irodali, sabr-toqatli, mehnatkash bo‘lishga o‘rgatadi. Bu xususiyatlar qizlarni katta hayotga tayyorlaydi. Sportning mashaqqatlariga bardosh bergan gimnastikachilar mustaqil hayotga qadam qo‘ygach, muqaddas dargoh – oilaning qadriga yetadilar.
– O‘zimdan misol qiladigan bo‘lsam, sport va ota-onam bergan tarbiyalari tufayli bolalikdan mustaqil bo‘lishni o‘rgandim. Ochig‘ini aytsam, sportchi bo‘lganimda menga oila davrasi, yaqinlarini mehri yetishmasdi. Doimiy o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlar, xorij safarlari paytida ota-onamni sog‘inardim. O‘sha kezlarda yuragimning tub-tubida mustaqil oila qurib, ko‘p bolalarim bo‘lishini orzu qilardim. Sportdagi faoliyatimni tugatgach, turmush qurdim. Bir yil o‘tgach, shiringina qizim dunyoga keldi. Shunda men hayotda eng qadrli, eng aziz narsa bu-oila ekanligini tushundim.
Jamila Rahmatova bolalikdan sportga oshno bo‘lib, sog‘lom, ruhan tetik bo‘lib ulg‘aydi, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Bularning bari yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ulkan islohotlar natijasidir.
Barcha qizlarga, sport bilan shug‘ullanishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotin-qizlar sportini rivojlantirishga katta e’tibor bergan edi. I. Karimov doimo “Qizlar sport bilan albatta shug‘ullanishlari kerak. Ular bo‘lajak onalar, barkamol avlod yaratuvchilari”, degan g‘oyani hayotga tatbiq qilgandi. Shuning uchun biz bu insondan bir umr minnatdormiz.
Badiiy gimnastika bilan jiddiy mashq qilganlarning musiqiy didlari shakllanadi, san’at va go‘zallikka oshufta bo‘lib, voyaga yetadilar. Balki shuning uchun ularni ko‘rib, beixtiyor, “Olamni go‘zallik asraydi”, dersiz. Olam go‘zalligini esa gullarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi…
– Barcha qizlar, ayollar, onalar, buvijonlar uchun gullar eng yaxshi sovg‘a bo‘la oladi, deb o‘ylayman. Uni hadya qiluvchi inson o‘zining ichki hissiyotlarini gullar orqali ifoda etadi.
Terma jamoa safida xalqaro musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilganimizda barcha g‘oliblarga medal bilan birga, gullar sovg‘a qilishadi. O‘zim ham ota-onamga, yaqinlarimga bayramlarda gul sovg‘a qilishni yaxshi ko‘raman.
Hozir ona bo‘ldim, murabbiyman. Shogirdlarimdan guldastalar qabul qilaman. Ularning e’tibori ko‘nglimni tog‘dek ko‘taradi. Bunday sovg‘a yodimda uzoq saqlanadi. Ranglar ichida moviy tusga yaqin bo‘lganlarini yoqtiraman. Barcha xotin-qizlarga doim ularning yonida guldastalar sovg‘a qiladigan aziz insonlari bo‘lishini tilayman.
Insoniyat ming yillar davomida to‘plagan barcha javohirlar-u, bebaho ilmiy durdonalari kitobda jamlangandir. Kitob mutolaa qilish asnosida har bir kishi ana shu boylikdan bahramand bo‘ladi. Kitoblarda yashiringan ma’naviy qadriyatlar bizni komil inson bo‘lishga undaydi.
Sportchilarning odatda vaqti ziq bo‘ladi. Kuniga ikki mahal mashg‘ulot, muntazam o‘quv yig‘inlari, chet davlatlariga safarlar… Ammo atletlar yuqori natijalarga erishishlari uchun faqat jismoniy yetuk bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi.
Qay bir chempion sportchini suhbatga tortmaylik, ular kitob mutolaasi uchun doimo vaqt ajrata olganliklarini aytishmoqda.
– Kitoblar insonni tarbiyalaydi. Sportchilik paytimda ham bo‘sh vaqtim bo‘ldi, deguncha kitob o‘qirdim. Aeroportda, samolyotda uchish paytida… Musobaqalarning orasida ham mutolaa qilishga harakat qilardim.
Men uchun kitob mutolaasi juda qiziqarli jarayon. Kitobning “ichiga kirib ketib”, atrofdagi barcha mayda narsalarni unutaman. Bu juda muhim deb o‘ylayman. Menimcha, ota-onalarning o‘zlari bu borada farzandlariga o‘rnak bo‘lib, kitob o‘qishlari zarur. Farzandlar ota-onalarning aksi, deb bejiz aytishmasa kerak.
Murabbiy sifatida ham bolalar – ga kitob o‘qishlarini tavsiya qilardim. Chunki, bugungi kunda, jahonda jismoniy qobiliyati yuqori bo‘lgan gimnastikachi emas, balki tezkor fikrlay oladigan, mulohazali atletlar ko‘proq qadrlanadi, g‘olib bo‘la oladi.
Bolalarni tarbiyalash jarayonida biz kattalar ular bilan birga ulg‘ayamiz… Kichkintoylardan hayotning, biz yillar davomida unutayozgan, eng inju haqiqatlarni o‘rganamiz… Bu o‘rgatish va o‘rganish jarayonida, beixtiyor baxt hissini tuyamiz.
– Hozirda beg‘ubor bolalar bilan ishlayotganimdan juda baxtiyorman. “Baxt – bolalarda” degan naqlni avvallari anglamagan ekanman. Ayni paytda ulardan juda ko‘p narsa o‘rganyapman. Bolalardan sizga ijobiy hissiyotlar o‘tadi. Ular hayotga oddiy va samimiy nigoh bilan qarashadi. Dakki eshitsalar xafa bo‘lishmaydi. Bunga javoban doim tabassum qilishadi. Men barcha insonlarni hayotga bolajonlar nigohi bilan qarashlarini istayman.
Badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindori bo‘lgan Jamila Rahmatova bugun murabbiy sifatida bor mahoratini shogirdlariga o‘rgatmoqda. O‘zbekistonimizning bir baxtli ayoli sifatida uning ko‘ngil tubidagi barcha orzulari amalga oshishiga tilakdoshmiz.
Yulduz ORTIQOVA suhbatlashdi