Oila charog‘boni, jamiyat ko‘rki
Bahorning ilk kunlarida xotin-qizlar bayramining nishonlanishida ham ajib bir ramziy ma’no borga o‘xshaydi. Zero, bahor ham, ayol ham go‘zallik, nafosat ifodasidir.
Shu kunlarda butun mamlakatimiz bo‘ylab 8 mart – Xotin-qizlar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.
Poytaxtimizda o‘tgan bayram tadbiriga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan turli sohalarda mehnat qilayotgan ilg‘or ayollar taklif etildi.
Bayram ishtirokchilari Mustaqillik va ezgulik monumenti – Baxtiyor ona haykali poyiga gullar qo‘ydi. Poytaxtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Iymon” spektaklini tomosha qildi.
“Navro‘z” davlat qabullar uyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tadbirda ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini ushbu ayyom bilan tabrikladi.
Davlatimiz rahbari adabiyot, san’at, fan, ta’lim, madaniyat, sport sohalarida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan 15 qizga ana shu yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi sohibalari – Toshkent shahri Mirobod yengil sanoat va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchisi, 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Nigora Tursunqulova, Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litsey o‘quvchisi Ayjamal Karamatdinova xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish borasida ko‘rsatayotgan e’tibori uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda qatnashgan onaxonlar, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, xotin-qizlar tashkilotlari, turli vazirlik va idoralar vakilalari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari to‘kin dasturxon atrofida suhbat qurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, ayollarning turmush sharoitlarini yaxshilash, salomatligini mustahkamlash, qobiliyat va intilishlarini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Birinchi Prezidentimizning 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ushbu tuzilma ishini takomillashtirish, ayollar hayotidagi rolini oshirish, mahallalardagi ma’naviy muhitni mustahkamlash, sog‘lom oilalarni shakllantirishda muhim omil bo‘ldi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini kuchaytirish, xotin-qizlar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchi qizlarining bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, oila asoslarini yanada mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida ham xotin-qizlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
– Ushbu bayram tadbiriga yig‘ilgan, mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan xotin-qizlar yuzida mamnuniyat ifodasini ko‘rish mumkin, – dedi Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 38-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Oygul Davletjonova. – Bu ularning hayotdan roziligi, farzandlari kamolini ko‘rayotgani, oilasi mustahkam va farovonligidan dalolatdir.
– Prezidentimiz xalqimiz salomatligi, mahallalar osoyishtaligiga katta e’tibor qaratmoqda, – dedi Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi «Namozgoh» mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Manzura Murodova. – Davlatimiz rahbarining «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori zimmamizga yanada mas’uliyatli vazifalar yukladi. Shu maqsadda ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy muhofaza va bank sohasi vakillari, tadbirkorlardan iborat ishchi guruh tuzib, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, uyma-uy yurib, odamlarning muammo va talablarini o‘rganmoqdamiz, masalalarni joyida hal qilmoqdamiz. Bunday muloqot xalqimizning kayfiyatini ko‘tarmoqda, hayotga munosabatini o‘zgartirmoqda.
Bayram san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan yakunlandi.
Anvar SAMADOV,
O‘zA muxbiri