Epchil bo‘lay desangiz…

tennis bilan shug‘ullaning

Tennis bo‘yicha terma jamoamizning yetakchi sportchisi Denis Istominning olamshumul g‘alabalari muxlislarni ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishini orttirmoqda. Ayniqsa, raketka ustasining so‘nggi natijalaridan ruhlangan ota-onalar farzandlarini tennis mashg‘ulotlariga olib kelishmoqda.

 

Shahlo QURBONOVA, nevrolog:

Tennis ko‘plab sport turlari qatori umurtqa pog‘onasini to‘g‘ri shakllantiradi, qaddi-qomatni tekis bo‘lishiga yordam beradi. Qo‘l-oyoq mushaklarini rivojlantiradi. Tibbiyotda qo‘l kafti, bilak sohasidagi turli asab tolalari va mushaklaridagi jarohatli holatlarni tiklanishida tennis katta yordam berishi isbotlangan. Bu sport turi bilan muntazam mashq qilish yelka, bo‘yin, umurtqa pog‘onasidagi qon aylanishini yaxshilaydi. Koptok ketidan kuzatish ko‘z soqqasi mushaklarini jadal harakatlanishiga majbur qilib, natijada mushaklar mustahkamlanadi. Mashg‘ulotlar, ayniqsa, gipodinamik (kam harakat) holatda ishlaydigan odamlar uchun umumiy salomatlikni tiklashda yaxshi foyda beradi. Bunda tayanch harakat tizimidagi jarohatlar (posttravmatik holatlar)dan keyingi, yurak-qon tomir tizimidagi xastaliklarda, jigar, buyrak, nafas olish tizimi xastaliklarining o‘tkir davrida mashq qilish mumkin emas. Ushbu tizimdagi kasalliklarning surunkali remissiya(xastalik qo‘zg‘almagan) davrida faqat shifokor ko‘rsatmasidan keyin shug‘ullanish tavsiya etiladi.

 

Omon ANNAQULOV, Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi bosh murabbiyi, oliy toifali murabbiy:

Tennis bilan shug‘ullanish insonni chaqqon, epchil qilish barobarida uni tez fikrlashga o‘rgatadi. Tennis jamoaviy sport turi emas, o‘yinchilar kortda raqibi bilan yuzma-yuz bahsga kirishadilar. Har bir harakatlariga, natijalariga o‘zlari javob berishiga odatlanadilar. Bu holat tennis bilan mashq qilgan bolalarni mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Yakkalik bahslarda g‘alabaga intilgan tennischilar hayotda ham doim yetakchi bo‘lishga intiladilar. Tennis koptogi kichkina, kort esa katta hajmdagi maydonda joylashgan. Shuning uchun shiddat bilan harakatlanayotgan koptokni mo‘ljalga olish uchun atletning qo‘l va oyoq mushaklari yaxshi rivojlangan bo‘lishi lozim.

Bu sport turida biror bir natijaga erishish uchun, albatta, hozirjavob, tezkor fikr yurita oladigan bo‘lish kerak. Tennis bilan 8 yoshdan mashq qilishni boshlagan ma’qul. Professional tennischilar jismoniy holatiga ko‘ra musobaqalarda 35-36 yoshigacha ishtirok etishlari mumkin. Ammo jahonda bundan yoshi katta raketka ustalari ham bor. Umuman olganda, tennis yosh tanlamaydi. Bunda atletlarga ba’zi sport turlarida bo‘lganidek, bo‘y, vazn cheklovlari qo‘yilmaydi. Salomatligi, o‘zining qiziqishi uchun tennis bilan hatto, nafaqadagilar ham shug‘ullanishi mumkin.

Yana o‘qing:  Anjir – ming dardga davo

 

Yulduz ORTIQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: