Sen ona, sen bitmas – hayot bulog‘i
O‘zbekiston xalq shoiri, ulug‘ va mo‘tabar ustozimiz Zulfiyaxonimga so‘zliklarimizda bor eng chiroyli ta’riflarning hammasi yarashadi. O‘zbek ayolining timsoli, vafo-sadoqat ramzi, she’riyat malikasi…
Lekin barcha ta’riflar aro eng yaxshisi bu shoiraning Ona degan mo‘tabar unvoni bo‘lsa kerak. Chunki shoira she’riyatida ham, hayoti faoliyatida ham farzand tarbiyasiga, oilada dunyoga kelgan o‘g‘il-qizlarning barkamol bo‘lib voyaga yetishlari masalasiga alohida ahamiyat bergan edi.
Sen ona, sen bitmas – hayot bulog‘i,
Hayotni yaratgan muhtaram omil.
Ulug‘ kelajakning yosh nihollari,
Sendan tarmoq yozib, topar takomil…
Bu satrlardan ham, yana boshqa ko‘pgina hassos she’rlarining samimiy satrlaridan farzand faqat ota-onaninggina emas, butun jamiyat uchun eng muhim hodisa ekanligi haqidagi fikr qizil ip tarzida o‘tadi. Zulfiyaxonimning “Bir bola bor oti Alisher” deb nomlangan she’riy turkumi bor. Unda shoira maktabda a’lo o‘qigan, jamoat ishlarida faolligi uchun Artekka – Qora dengiz bo‘yiga dam olishga yuborilgan Alisher ismli bolani qahramon qilib oladi. O‘zbekcha rubobi bilan Artekkaga borgan Alisher “Andijon polkasi” kuyini chalib, dunyoning turli taraflaridan kelgan bolalarni raqsga tushiradi:
Andijon polkasiga
O‘ynadi ispan bola.
Vyetnamning yelkasiga
Qo‘lin qo‘ydi Angola.
O‘g‘il-qizlarimizning sog‘-omon voyaga yetishi uchun eng kerakli omil tinchlik suvrati shoira she’rida shunday chiziladi. Bugun ham bu suvrat, bu mavzu eskirmagan. Shoira she’rini:
Jurnalist yo rassom bo‘lsang, Alisher,
Olg‘a intilishdan
tolmasang bir dam.
Kelajakning ulug‘ quruvchisi der,
Sevgan qishlog‘ing ham,
xalq ham, Vatan ham… –
– deya yakunlaydi.
Zulfiyaxonimning bu satrlarini bugun ham yaxshi kasb orzusida kelajakka intilayotgan o‘g‘il-qizlarga qarata aytish mumkin.
Darvoqe, shoira orzusi yerda qolmadi. Alisher filolog olim bo‘ldi, u hozir Farg‘ona davlat universitetida yigit-qizlarga dars beradi. Zulfiyaxonim juda ko‘p she’rlarining qahramonlari o‘zining farzandlari, nevaralari.
Ota bo‘lib soldim men yo‘lga,
Ona bo‘lib mehrimga oldim.
Mana, yurtga o‘g‘il o‘stirgan –
Bir davlatmand boy bo‘lib qoldim.
Shoira o‘z hayotini ham, she’riyatini ham shaxsiy yoki ijtimoiy deb ajratmaydi. Uning uchun farzandni dunyoga keltirib, tarbiyalash, she’riyat tili bilan aytganda, “yurtga o‘g‘il o‘stirish” tufayli onalar “davlatmand, boy” bo‘ladi. Shoira bu tashbehlar bilan onalikning ijtimoiy burchiga e’tibor qaratadi. “Sening farzanding faqat seniki emas, yurtniki, Vatanniki”, degan fikrga urg‘u beradi.
Shoira ijodida ona va bola obrazlari orqali uyg‘un holatda berilgan sog‘lom avlod g‘oyasi she’rdan she’rga yuksalib ko‘chadi:
Nabiram qadamlar,
Yosh dorbozsimon.
Langarday silkiydi ikki qo‘lini.
Asr, qopqalaring borligicha och.
Bu keksa zaminda yana bir inson
Tong bilan boshlabdi Buyuk yo‘lini.
Shoiraning ezgu g‘oyalari faqat she’rlarida qolib ketmadi. O‘z farzandlari hayotida davom etdi. Hamid Olimjon va Zulfiyadan boshlangan ziyo farzandlari qalbiga ko‘chdi. O‘g‘li Omon aka – yuridik fanlari nomzodi “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist”. Qizi Hulkar opa – filologiya fanlari nomzodi. Uzoq yillar O‘zbekiston Milliy universitetida yigit-qizlarga dars berdi. Hulkar opamning qizlari Gulshod, Lola – tarixchi.
Omon akamning Ulug‘bek, Otabek, Farruxbek ismli o‘g‘illari ham oliy ma’lumotli: biri – iqtisodchi, biri – sharqshunos…
Hammasi oilali, farzandli, hayotda o‘rinlarini topgan. Ulug‘bekning bitta qiziga Hamid Olimjonning onasi – Komila ayaning ismini berishgan.
Bugun serhosil daraxt kabi shoxlab ketgan bu shajara ahli bir-biri bilan juda inoq, og‘ir-engil kunlarida hamisha bir-biri yelkadoshdir.
Zulfiyaxonimning “Ne bo‘larkin uyingizda men bo‘lmasam…” sarlavhali she’rlari bor:
Bolajonlar, bir kun shamday
bu jon so‘nur…
U choq kimdan so‘roqlaysiz
men bo‘lmasam…
– deya savol qo‘yadi-da, bu savolga o‘zi javob beradi:
Har g‘ishtida bahorimning bir yaprog‘i,
Har burchida haroratim dil ardog‘i.
Sizga asrab tole to‘la hovli, bog‘im
Kulgingizdan jarang bersin
men bo‘lmasam…
Ha, yana takror aytaman, shoiraning orzulari yerda qolmadi. Farzandlari hayot bog‘ini yashnatgandek, shogirdlari – shoiralar adabiyot bog‘ining ko‘klab, ko‘karishiga, nurafshonligiga hissa qo‘shib kelmoqda.
1999 yilda Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan iste’dodli qizlar uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgan edi. Bugun 200 nafardan ziyod iqtidorli, faol qizlar bu mukofot sohibi bo‘lishdi.
Shoira bir umid, ishtiyoq bilan yozgan edi:
Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi hali…
Mukammal inson tarbiyasi ijodkorlar uchun abadiy g‘oya, abadiy orzu timsoli bo‘lganidek, bu mavzuda yozgan, bu mavzuga ko‘z nuri, qalb qo‘rini bergan barcha yozuvchi, shoirlar shu jumladan, benazir shoira Zulfiyaxonim ham xalqimizning buyuk siymolari kabi abadiyatga daxldordir.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi