YOSH AVLOD – HUQUQIY MUHOFAZADA
O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati Hafiza Karimova bilan yoshlarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklarini himoyalashning huquqiy asoslarini takomillashtirish jarayonlari haqida suhbatlashdik.
– Bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlari cheksiz, u shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Shuning barobarida, axborot uzatish tizimi ham kundan kunga takomillashtirilmoqda. Afsuski, axborot tarqalishi jarayonida nafaqat ijobiy, balki zararli, yot g‘oyalar oqimining ham kirib kelayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Axboriy jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotning asosiy vositalaridan biri sifatida namoyon bo‘layotgan bir sharoitda o‘z xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan samarali texnologiyalarni ishlab chiqqan davlatgina barqarorlikka erishadi. Ayniqsa, yosh avlodning ta’lim-tarbiyasida zamonaviy axborot-kommunikatsiyalarining ahamiyati katta.
– Fikringizga qo‘shilaman, mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi uchun zarur bo‘lgan mustahkam normativ-huquqiy hujjatlar tizimi shakllantirilgan. Xususan, voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqlariga doir 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga mos keladi. Ushbu qonun hujjatlari voyaga yetmaganlar va yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularning o‘z iste’dod va qobiliyatlarini to‘la namoyon etishlari uchun xizmat qilib kelmoqda.
Lekin, axborot makonida turli tahdidlar bor ekan, kelajagimiz vorislarining ertangi taqdirini o‘ylab, yoshlar uchun sog‘lom axborot muhitini yaratish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Bir so‘z bilan aytganda, ularni mustaqil fikrlaydigan, axborotni farqlay oladigan insonlar bo‘lib yetishishida olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizni yanada kuchaytirish bilan birga, rivojlangan davlatlar amaliyotidan kelib chiqib, turli nosog‘lom g‘oyalarga qarshi harakat tizimining huquqiy asoslarini takomillashtirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.
Aytish joizki, 2012 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunda o‘z aksini topgan me’yorlar aynan shu maqsadga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan qoidalarga muvofiq, yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib etuvchi barcha xatti-harakatlar taqiqlangan. Ushbu me’yorni yanada takomillashtirish va aniqlashtirish maqsadida, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks” yangi, ya’ni 189-1-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tayyorlash, respublika hududiga olib kirish, tarqatish va reklama qilish, shuningdek, namoyish etish ham taqiqlanadi. Bu xatti-harakatni sodir etgan shaxslarga nisbatan kodeksning 189-moddasiga ko‘ra eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi va barcha vositalar musodara qilinishi belgilab qo‘yildi.
– Qonunchilikdagi bu yangiliklar ayni muddao bo‘libdi. Zero, huquqbuzarliklar va ma’naviy axloqimizga zid jinoyatlar sodir etgan shaxslar uchun javobgarlikni kuchaytirish hamda tegishli qonunchilikni takomillashtirish axborot asri deb nom olgan bir davrda dolzarb vazifa hisoblanadi…
– Aynan shu mantiq O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga ham kiritildi. Uning 130-moddasi takomillashtirilib, yangi tahrirda berildi. Unga asosan, pornografik mahsulotlarni tayyorlash, tarqatish va namoyish etish bilan bog‘liq harakatlarga nisbatan jazo choralarining kuchaytirilishi bilan yanada ahamiyatlidir. Zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi harakatlar va ularni sodir etish bo‘yicha javobgarlikning aniq belgilanmaganligi o‘z navbatida jinoyatlarni aniqlash va jazolash jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Amaliyotda uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi, ya’ni 130-1-modda kiritildi. O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi xalqaro Konvensiyaga qo‘shilganligi, bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi qator huquqiy qoidalarning takomillashtirilganligi munosabati bilan ushbu modda yuqoridagi holatlar bo‘yicha javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirildi.
Shuningdek, ana shunday harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin qayta sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq jazosining belgilanishi, albatta, bu turdagi jinoyatlarning kamayishiga xizmat qiladi.
Yana shunga alohida e’tibor berildiki, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek, uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb qilish esa uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
– Albatta, bu barkamol avlod kelajagining huquqiy kafolatidan dalolat beradi. Shuningdek, hozirgi kungacha “pornografik mahsulot nima?”, degan savolga qonunchiligimizda aniq javob, ya’ni huquqiy tushuncha yo‘q edi. Bu borada ham o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilganligi maqsadga muvofiq bo‘libdi.
– Kodeksning “Atamalarning huquqiy ma’nosi” berilgan sakkizinchi bo‘limi “pornografik mahsulot” hamda “zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulot” tushunchalari bilan to‘ldirildi, natijada ushbu sohadagi munosabatlar uchun yanada aniqlashtiruvchi qoidalar mustahkamlandi. Bu moddaga ko‘ra, badiiy, ilmiy yoki madaniy qimmatga ega bo‘lmagan, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlik sodir etishga undaydigan materiallar zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulot hisoblanishi belgilangan. Bu tushunchalarning kiritilishi, birinchidan, aynan shunday jinoiy harakatlarni yoki ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘luvchi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortishni osonlashtirsa, ikkinchidan, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirib, qonun hujjatlarining amaliyotda to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlaydi.
Qonunlar mukammalligi va barqarorligiga erishish, ularni hayotga joriy etish mexanizmlari, shuningdek, pornografik mahsulotlarning qaysi yoshdagilar o‘rtasida tarqatilganligi va namoyish etilganligidan qat’i nazar, xalqimizning necha ming yillik an’ana va qadriyatlariga, oilasi, sog‘lom turmush tarzi va ma’naviy negiziga katta xavf solishi tabiiyligi diqqat markazimizda turishi kerak.
Shu nuqtai nazardan, xulosa o‘rnida alohida ta’kidlash lozimki, xalqimiz azaldan farzand tarbiyasini eng nozik va mas’uliyatli vazifa deb biladi. Ushbu milliy qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yosh avlod tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarning oldini olish, bu borada javobgarlikni yanada kuchaytirishda kuchli kafolatli, huquqiy hujjat vazifasini bajaradi. Zero, jamiyatimizda axloqni, ma’naviyatni, fuqarolar o‘rtasidagi mehr-oqibatni himoya qilish negizlarini yanada kuchaytirishga asos bo‘ladi. Qolaversa, mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy-axloqiy jihatdan kamol topishi, ularni axborot muhitining salbiy ta’siridan muhofaza qilishga zamin yaratadi.
– Sermazmun suhbatingiz uchun gazetamiz o‘quvchilari nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Suhbatdosh: Ra’no ZARIPOVA,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist