Ona va bola sog‘ligi – yurt boyligi
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining majlislar zalida “Ona va bola sog‘lig‘i – millat kelajagi, yurt boyligi” davlat ijtimoiy buyurtma loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Shuni aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va fond hamkorligidagi ushbu loyihani hayotga tatbiq etish uchun Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 410 million so‘m mablag‘ ajratilgandi. Ushbu mablag‘ hisobiga skrining markazlari reagent va reaktivlar bilan ta’minlandi. Fenilketonuriya bilan kasallangan bolalar uchun maxsus ozuqa, tibbiyot muassasalari uchun diagnostika jihozlari sotib olindi va yetkazildi. Shuningdek, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning tug‘ma yurak nuqsonli ellik nafar bemor bolalari Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida davolandi.
Tadbirda bu kabi imkoniyatlardan oqilona foydalanib, o‘z salomatliklarini tiklagan bolalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.