Surxonda bodom gulladi
Shu xabarni eshitdimu, sizdan suyunchi olay dedim. Yurtimizga yana ko‘klam keldi. Keliboq vohani yasatishga kirishdi…
Surxondaryoning bahori ham, Navro‘zi ham o‘zgacha, takrorlanmas va jozibali. Yasharish ayyomida Surxonga yo‘lingiz tushsa, vohaning maftunkor tabiatidan bir yayrasangiz, tanti xalqining asrlar davomida asrab-avaylab, avloddan-avlodga yetkazib kelayotgan milliy qadriyatlari, an’ana, urf-odat va marosimlari xilma-xilgidan zavqlanasiz.
Surxonliklar Navro‘z saylini keng qir-adirlarda, maftunkor tabiat qo‘ynida o‘tkazishni yaxshi ko‘radi. Hatto, har bir qishloq, mahallaning bayramni o‘tkazadigan o‘z tepaligi, qir-adirlari bor. Ayniqsa, viloyatning Boysun, Sho‘rchi, Oltinsoy, Sariosiyo kabi tumanlarida bu odat juda urf bo‘lgan. Bayramdan oldin qishloq, mahalla faollari bosh-qoshligida sayl o‘tkaziladigan adir yoki tepalikda obodonchilik ishlari olib boriladi. Tashkiliy ishlar taqsimlanadi. Pazanda onaxonlar bahor taomi sumalak uchun bug‘doy undiradi.
Nihoyat, Navro‘z kuni ham yetib keladi. Erta tongdanoq qishloq ahli adirga oshiqadi. Boriboq harakatga tushib ketadi. Bir muddat o‘tgandan so‘ng yer o‘choqlar taftida doshqozonlardagi sumalak biqir-biqir qaynab turgan bo‘lsa, yana bir tomonda o‘tovlar tuzilib, uning ichiga kashta-yu so‘zanalar, zardevor-u quroqchalar osilgan, tashqarisiga milliy hunarmandlik namunalari ko‘rgazmalari qo‘yilgan bo‘ladi. Istagan kishi o‘tovga kirib ularni tomosha qilishi, hatto bu namunalarni yaratgan hunarmandga shogird tushishi mumkin.
Janub xalqi ayniqsa, milliy kuy va qo‘shiqlarga oshuftadil, folklorga chinakamiga ixlos qo‘ygan. “Yaqqu-yaqqu”, “Mayda-mayda”, “Kavushim”, “Sust xotin” kabi xalq qo‘shiqlari ularning jismu-joniga, ruhiga singib ketgan go‘yo. Navro‘z bayrami bularsiz tatimasligi shundan. Folklor dastalar, baxshilar, havaskor xonandalar, qo‘yingki maktabdagi kuy-qo‘shiq to‘garagiga qatnab yurgan o‘g‘il-qizlar ham mahoratini ko‘rsatadi bunda. Jo‘shqin qo‘shiqlar ohangiga raqs tushayotgan qishloq yigit-qizlari, ular ko‘zidagi yoshlik jilvalarini ko‘rib, davraga qo‘shilib ketganingizni bilmay qolasiz. Do‘mbira sadolari, chanqovuz navolaridan mast bo‘lasiz. Taralayotgan tantana ohanglari qir-adirni tutib ketadi. Unga jo‘r bo‘lgan shabada kengliklar sari parvoz etib, bahor madhini, Navro‘z yallasini butun olamga taratadi go‘yo.
Navro‘z sayli ko‘pkari-yu, kurashsiz o‘tmaydi. Tomirlarda oqayotgan qonni qizdirib, ruhni ko‘taradigan milliy sport turlariga havasmand bo‘lgan qishloq odamlari ko‘pkari va kurashda o‘z omadlarini sinab ko‘radi. Ot choptirayotgan er yigitlarga omad tilayotgan shinavandalarning hayqiriqlari olamni tutib ketadi. Kuragi yerga tegmagan polvonlarning g‘alabasidan ilhomlangan yigitlar qalbidagi quvonchni hech narsa bilan tenglab bo‘lmaydi.
Bayramda hammadan ham bolalar ko‘proq yayraydi. Ular uchun “Besh tosh”, “Oq terakmi, ko‘k terak?”, “Chillak”, “Lanka”, “Varrak uchirish” kabi o‘yinlar uyushtiriladi. Bunga maktab faollari bosh-qosh bo‘ladi. Maktablar o‘rtasida bellashuvlar tashkil qilinadi. Jamoaning g‘olibligi undagi a’zolarning iqtidori bilan birgalikda tayyorlangan milliy taomlar, hunarmandlik namunalari xilma-xilligi bilan ham belgilanadi.
Surxon vohasida Navro‘z shodiyonalari ana shunday, milliy qadriyatlar va davr nafasi bilan yo‘g‘rilgan tarzda, o‘zgacha bir tantanavorlikda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkaziladi.
Yana bir gap. Surxonliklarning bahoriy bayramlarni keng qir-adirliklarda o‘tkazishida bir hikmat bordek. Hikmatki, Navro‘z ona tabiatning insoniyatga tuhfa qilgan chinakam yangilanish, poklanish ayyomidir. Inson qutlug‘ kunni uning bag‘rida qarshi olishi barobarida o‘zini jisman, ruhan poklaydi, atrofini o‘rab turgan butun olam go‘zalligidan bahra oladi, shodlanadi, zavqlanadi, ilhomlanadi va kirib kelgan yangi yil ostonasiga sof orzular bilan qadam tashlaydi.
Malohat Husanova,
O‘zA