Yurtdoshim, bog‘ingga bir nihol qada

Dam olish kuni qishloqqa bordim. Hamisha gavjum bo‘ladigan choyxona oldida shu yerda ishlaydigan bir-ikki do‘kondor va sartaroshdan bo‘lak hech kim ko‘rinmadi. Ko‘cha yo ariq bo‘yida oftobda toblanib o‘tiradigan keksalarga ham ko‘zim tushmadi. Hayron bo‘ldim.

Qishloq markazidagi qassobxonadan chiqib kelayotgan qo‘shnimiz Rahmat akani ko‘rib, mashinani to‘xtatdim.

– Biror to‘y-ma’raka bormi, negadir ko‘chada hech kim ko‘rinmaydi, – dedim.

– Nima, xabaring yo‘qmi, hamma o‘z ishi bilan band-ku hozir, – dedi Rahmat aka. – Aslida shunday bo‘lishi kerak-da. Prezidentimiz, rahbarlar xonadonma-xonadon yurib, odamlar turmush tarzi bilan qiziqayapti, kishilarni tadbirkor bo‘lishga, mehnat qilib, to‘kin hayot kechirishga da’vat etayapti. Bu yoqda banklar kredit beraman, deb uyma-uy yuribdi. Bunday paytda bekor o‘tirish, qayerdan bir so‘m kelarkan, deb kutib o‘tirish uyat-ku. To‘g‘rimi?

Rahmat akaning gapini tasdiqlab, “bankdan kredit olayotganlar ham bormi?”, deb so‘radim.

– Yil boshidan buyon tuman hokimi va boshqa rahbarlar kelib qishlog‘imiz odamlari bilan gaplashdi, bank xodimlari har xil kreditlar haqida ma’lumot beryapti. Kredit olayotganlar ham bor. Lekin odamlarning o‘zi harakatga tushib qoldi. Hech bo‘lmaganda tomorqasidan unumli foydalanib, ro‘zg‘origa baraka kiritishni o‘ylab ishlamoqda. Biznikida ham bugun hashar. O‘g‘illarim va bir-ikki jiyanni chaqirib, hovli to‘ridagi teraklarni kestirayapman. Tomorqaga quyosh tegadigan bo‘ladi, kichikroq bir issiqxona qilib, limon ekmoqchimiz. Bedapoyaning o‘rnida chog‘roqqina mevali bog‘ qilsam, degandim. Intensiv ko‘chatlar ekmoqchiman, qayerdan olsam bo‘ladi?

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi bosh agronomi Bobur Haydarovga qo‘ng‘iroq qildim.

– Bu yilgi mavsum uchun 400 ming tupdan ortiq intensiv olma va boshqa mevali daraxt ko‘chatlarimiz ekishga tayyor, – dedi Bobur aka. – Otaxon kelsalar hammasining xususiyati, parvarishlash usullari haqida ma’lumot beramiz. O‘zlariga ma’qulini olib ketaveradilar. Agar ulovi bo‘lmasa, ko‘chma avtodo‘konimizda o‘zimiz yetkazib beramiz. Tunu kun shu yerdamiz, kelaversinlar.

Rahmat aka ertagayoq ko‘chatga borishini aytib, mashinadan tushdiyu uyidagi hasharchilar tomon oshiqdi.

Shu kuni yana boshqa qo‘ni-qo‘shnilar, qishloqdoshlarim bilan gaplashib, ularning nimadir yangi ish boshlash, tadbirkorlik qilish istagida ekaniga guvoh bo‘ldim. Ko‘pchilik bu boradagi dastlabki harakatlarni ham boshlagan – bir necha kishi nasldor chorva moli xarid qilibdi, ellik-yuz bosh tovuq boqish bilan parrandachilikni yo‘lga qo‘yayotganlar qancha, kichik issiqxonasida serhosil limon ko‘chati ekish niyatida bo‘lganlar ham kam emas. Xullas, bu yil qishloqda bahor, mavsum yumushlari har qachongidan erta boshlanibdi. Odamlar bir kun oldin bo‘lsa-da, yerga urug‘ qadash harakatiga tushgan.

Yana o‘qing:  KICHKINTOY

…Kechga yaqin shaharga qaytar ekanman, yo‘l ustida akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasiga kirib o‘tdim.

Kech bo‘lishiga qaramay, stansiya ko‘chatxonasi gavjum. Yengil mashinasida o‘n-o‘n besh tup ko‘chat olib ketayotganlar ham, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridan kelgan yuk mashinalariga nihol ortib, yo‘lga chiqayotganlar ham ko‘p.

– Bir million tupdan ortiq tok va 520 mingga yaqin mevali daraxt ko‘chati bor edi, mana, odamlar kelib olib ketishyapti, – deydi Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi direktori Jamshid Ahmadjonov. – Mamlakatimizning turli hududlaridagi fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar bilan tuzilgan shartnoma asosida buyurtma qilingan daraxt ko‘chatlarini yetkazib beryapmiz. Viloyatimizdagi dehqon bozorlari, aholi gavjum maskanlarda ham savdo yarmarkalari tashkil etdik. Olis tumanlar qishloqlariga ko‘chatni ko‘chma avtodo‘konlarimiz orqali olib borayapmiz. Aholiga ko‘chat sotish bilan birga, har bir niholning nav xususiyati, agrotexnikasi haqida ham tushuncha berib, ularga amaliy yordam ko‘rsatyapmiz.

Direktorning aytishicha, keyingi yillarda, ayniqsa, MM-102, M-9 navli yarim pakana va pakana intensiv daraxt ko‘chatlariga talab katta bo‘lmoqda. Bu nihollar tabiiy iqlim va tuproq sharoitimizga mosligi, yuqori hosildorligi va xorijdan keltiriladigan ko‘chatlarga nisbatan arzonligi bilan aholiga manzur bo‘lmoqda. Ilmiy tajriba stansiyasida joriy yildan boshlab yong‘oq va unabining xorijdan keltirilgan urug‘lari asosida ushbu yo‘nalishda ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yiladi. Bu yaqin ikki-uch yilda Samarqand viloyati va qo‘shni hududlarning mazkur daraxt ko‘chatlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish imkoniyatini beradi.

 

Yurtimizga bahor kelayotgani, yurtdoshlarimizning ko‘klam yumushlariga kirishganiga guvoh bo‘lib, bugunning taassurotu hayratlarini o‘zimcha xayoldan o‘tkazib uyga qaytar ekanman, radiodan ko‘ngilga yaqin satrlar qulog‘imga chalindi:

 

Yurtdoshim, bog‘ingga bir nihol qada,

Bu nihol nomini yaxshilik ata.

Niholing yoniga bir gul ekib qo‘y,

U gulning ismini go‘zallik deb qo‘y.

 

Gulu niholingga baxsh etib hayot,

Suv ber va bu suvga mehr deb qo‘y ot.

Sendan farzandingga bog‘ qolsin, ey do‘st,

Bog‘ing Vatan degan nom olsin, ey do‘st.

 

G‘.Hasanov,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: