“Nafosat olami” – nafosat bellashuvi
So‘nggi yillarda farzandlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, Yurtboshimiz bejizga “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur”, deb ta’kidlamagan. Bugungi kunda yoshlarimizga yaratilayotgan imkoniyatlardan diling yayrab, ularning chindan ham buyuk kelajak vorislari ekanliklariga shubha qilmaysan.
Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi ham qator yillardan beri aynan ana shu sohada samarali faoliyat yuritib kelayotgan nodavlat tashkilotlardan biridir.
Jamg‘arma tomonidan muntazam ravshda o‘tkazilib kelinayotgan turli sport musobaqalari, ko‘rik-tanlovlar yosh iste’dodlarni kashf qilish hamda ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish uchun katta imkoniyat bo‘lmoqda.
Kuni kecha 8 mart – “xalqaro Xotin-qizlar kuni”ga bag‘ishlab, Respublika Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika Bolalar jamoatchilik jamg‘armasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Sog‘lom avlod uchun” kubogi uchun “Nafosat olami” shiori ostida II respublika sport festivali bo‘lib o‘tdi. “Yunusobod” sport majmuasida o‘tkazilgan mazkur sport musobaqasida jami 300 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashib, 1998-2004 yillarda tug‘ilgan o‘smir bolalar va 2000-2006 yillarda tug‘ilgan qizlar o‘z toifalarida kurash olib borishdi. Sportning suzish, sinxron suzish, sport gimnastikasi, badiiy gamnastika, sport raqsi, gimnastrada kabi turlarida festival ishtirokchilari o‘zlarining jozibali chiqishlari bilan tomoshabinlarni hayratga solishdi. Jumladan, badiiy gimnastika bo‘yicha Madina Ernazarova, Diyora Hakimova, Angelina Fokina, Ilona Ten, Sofiya Qosimova, sport gimnastikasi bo‘yicha Fayoz Najmiddinov, Aziz Usmonxonov, Vladimir Lyapin, Robiya Mahmudova, Dildora Oripova, Naima Nig‘manova, suzishda Sherzod Erkinov, Mirjalol Jahongirov, Dilrabo Sultonova, Dildora Akmalova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Gimnastradada Sergeli, Shayxontohur va Olmazor tumanlari yoshlarining chiqishlari hakamlar tomonidan yuqori baholandi.
Ushbu festival ham yosh iqtidor egalarini qizg‘in bellashuvlarga chorlash barobarida, ular o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ayniqsa, qizlarni sportga jalb etishga xizmat qilayotir.
“Nafosat olami” sport festivalini o‘tkazishdan asosiy maqsad sportchi qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni jismonan baquvvat, barkamol va sog‘lom bo‘lishiga hamda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga hissa qo‘shishdan iborat.
Turnir g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Farhod TOLIPOV