Askarlar uyga qaytdi
Prezidentimizning 2016 yil 21 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan askarlarni tantanali kutib olish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Qarshi temir yo‘l vokzalida bo‘lib o‘tgan tadbirda Qashqadaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Muddatli harbiy xizmat yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash bilan birga, ularning jismoniy va intellektual salohiyatini yuksaltirib, salomatligini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Milliy armiya saflarida xizmat qilayotgan askarlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Harbiy qismlarda askarlarning yuksak jangovar va axloqiy-ruhiy sifatlarga ega bo‘lish, murakkab jangovar sharoitlarda tez va to‘g‘ri yo‘l tanlay olish, og‘ir vaziyatlarda optimal qarorlar qabul qilish kabi qobiliyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qurolli Kuchlarimiz safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan yigitlar mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha imtiyozga ega bo‘lmoqda.
– Vatanga xizmat qilish har bir yigitning muqaddas burchi, – deydi oddiy askar Sh.Yo‘ldoshev. – Muddatli harbiy xizmat davomida chiniqdim, dunyoqarashim kengaydi. Test va boshqa sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, qo‘mondonlikning tavsiyanomasini qo‘lga kiritdim.
Tadbirda Vatan, mustaqillik, tinchlik, do‘stlik va sadoqatni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri