Izhor

Yana bahor keldi… O‘rik gullari mening armonlarim, bodom gullari mening orzularim. O‘ylab-o‘ylab qolaman, o‘yga tolib-tolib qolaman. Nimanidir sog‘ingandek bo‘laman. Bahornimi? Bahor keldi-ku? Mehrnimi? Hamma menga mehribon. Yo‘lda ketib-ketib boraman. Manzilimga yetib-etib boraman.

Orzularim osmon qadar, ko‘nglimdagi armon ummon bilan barobar. Seni so‘rab-so‘rab ketaveraman, sen yurgan yo‘llardan o‘taveraman. Izlaringdan yurib-yurib ketaveraman. Biroq sen bilmaysan armonlarimni, yurakdagi behisob azoblarimni. Ortingdan telba daryodek bo‘zlab-bo‘zlab oqaveraman, seni izlab-izlab ketaveraman. Yuragimni g‘ashlab-g‘ashlab izlayman seni, alamlarni ortimga tashlab-tashlab izlayman, izlayveraman. Ammo sen yo‘qsan.

Quyosh novdalarni erkalaydi, erka shamol sochlarimni silaydi. Negadir yuragim simillaydi. Sen buning baridan boxabar bahor yanglig‘ go‘zalning sochlarini silaysan, erkalaysan. Men esa hamon seni kutaman. Vodiylar gulga burkanibdi. Sen yashaysan o‘sha yoqlarda, demakki bahor yashaydi. Bahorni sog‘insam seni, seni sog‘insam bahorni eslayman. Demakki, men tirikman. Ko‘zlarimni yumib-yumib olaman, bahor havosidan to‘yib-to‘yib olaman. Axir yellar sening iforingni olib keladi dimog‘imga. Ilk maysani qoshlaringga o‘xshataman, qoshlaringdek mayin ular. Tunu tong xayolimni band etadi xayoling… Xayolim senga yetishmoq emas, sening sog‘-omonligingning o‘zi kifoya. Seni shunchalar sevamanki, huddi ming yillardan beri yuragimda saqlab yurgandekman go‘yo…

Gullar uzra arilar g‘uvillaydi, kapalaklar raqs tushadi, ninachi nag‘ma qiladi. Bularning barcha-barchasi juda go‘zal. Ularga to‘yib-to‘yib boqaman, hamma ishimni qo‘yib-qo‘yib boqaman. Toki sening hijroningdan o‘tib ketsam, bu go‘zalliklar armon bo‘lmasin menga. Ko‘zimdan yoshlar daryo bo‘lib oqadi, oy tunda yuzlarimga hayron bo‘lib boqadi, ko‘nglimni olish ilinjida osmon yulduzlardan isirg‘alar taqadi. Biroq, men hamon bahorni, seni sog‘inib yashayman. Axir sensiz yashamoq… Yo‘q, sensizlik men uchun emas. Men axir seni sevish uchun yaralganman. Sen esa meni azoblash uchun. Naqadar baxtliman!

Saida Ibodinova

Yana o‘qing:  Dillarga zavq ulashib

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: