OPPOQ QORGA BURKANAR OLAM
Mana ikkinchi chorak ham yakunlanib biz orziqib kutgan Yangi yil bayramini qarshilab, qishki ta`tilni boshladik. Mahalladosh dugonalarim bilan maktabimiz qoshidagi “Shaxmat-shashka” to‘garagiga qatnaymiz. Mashg‘ulotlar tugagandan so‘ng, Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaga yo‘l olamiz. U yerdagi kitoblarning ko‘pligini ko‘rib quvonib ketasiz. Bir tekisda ketma-ket taxlangan kitoblar orasidan Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon”, “O‘tgan kunlar” asarlarini qo‘lga olaman. Ushbu asar qahramonlari bir menga emas barcha sinfdosh dugonalarimga ham yoqadi. Biz ushbu asarlar ustida qizg‘in munozara boshlaymiz. Axir hammani ham Ra`no yoki Kumushbibi singari oqila bo‘lgisi keladida. Har gal uy yumushlarini o‘rinlatib kitob o‘qiyotganimni ko‘rgan buvijonimning menga, qizlar nafosatu nazokati, xayo-ibosi, dono, oqilaligi bilan go‘zal, – deb qo‘yadilar. Bundan ko‘nglim tog‘dek o‘sadi.
Qishki ta`tilda o‘qigan kitoblarim asosida sevimli qahramonlarim mavzusida bayonlar yozayapman. Kechga tomon chor-atrofni bolajonlarning shodon qiyqirig‘i tutib ketadi. Biz ham qor-bo‘ron o‘ynashga kirishamiz. Ayozboboning burnilarimizni chimchilab o‘tishini pisand qilmaymiz. Oppoq qor qo‘ynidagi oydin orzularimiz cheksiz.
Maxbuba QO‘LDOSHYEVA, “Nafis g‘unchalar” to‘garagi a`zosi.,