Yaxshilik urug‘idan ungan bog‘

Bu dunyoda onadan aziz va mo‘tabar zot bo‘lmaydi. Shuning uchun ularni qancha ardoqlab-e’zozlasak, ibratli ishlari haqida dostonlar bitsak, shuncha kamlik qiladi.

– Bolalarim, hamisha yaxshilik urug‘ini sepib yuringlar, bir kuni sizlarga juda totli shirin mevalar hadya etadi, – deydi mening mushtipargina, kamtaringina jondan aziz onajonim.

Onam rizqli – nasibali, qutlug‘ qadamli qiz bo‘lib, dunyoga kelgan. Shu sababli buvajonim Nasiba deb onajonimga ism qo‘ygan.

Uyda bosh farzandi bo‘lmish onajonimning zimmasiga hayot bir qancha mas’uliyatni yuklaydi. Shuning uchun maktabdan so‘ng onamda o‘qishni davom ettirish xohishidan ko‘ra, otaning yoniga kirib ishlab pul topish muhimroq bo‘lgan. Oyoq-qo‘llari chaqqon qizga albatta ish ham topilar ekan. Garchi, onam sohaga oid bilim olmagan bo‘lsada, o‘sha davrda Ijtimoiy ta’minot vazirligiga ishga qabul qilingan edi. O‘sha yerdan turmushga chiqib uchta farzandli bo‘lgunicha ishlab qoladi. Farzandlarining kattasi esa yaxshigina erkatoy, nozikta’b qiz edim. Onajonim nonushtaga tandirda somsa, patir yopib:

– Turaqol, ona qizim, issig‘ida yeb ol, mana buni ishxonang­ga ham olib ketasan, hamkasblaring bilan yeysan, degan volidamga, yoshlik qilib, “ey, hadeb ovqatdan gapiraverasiz, ko‘p yesam qomatim buzilib ketadi”, deb noz qilibman deng. Keyinchalik turmushga chiqib, hayotning pastu-balandini ko‘rganimdan so‘ng o‘sha bebaho damlarni juda qo‘msaganlarim ham sira yodimdan chiqmaydi. Barcha qizlar ham turmushga chiqqanidan so‘ng ota uyini sog‘inarkan. Onamni mahalla-ko‘y juda yaxshi ko‘radi. Shu sababdanmi bilmadim, uyimizdan sov­chilar arimasdi. Shunda onajonim hammaga birdek kulib, ularni aylanib-o‘rgilib kutib olardi. Uyingga kelgan odamni zinhor xafa qila ko‘rma, onalarni norozi qilma, bug‘doy uning bo‘lmasa ham bug‘doy so‘zing bo‘lsin, deya ochiq chehra bilan kutib olardi. Men bo‘lsam namuncha ularga yalinasiz, nima qizingiz ko‘chada qolibdimi, menga shu odatingiz sira yoqmaydi-da, deb koyib berganim ham yodimda.

Hech esimdan chiqmaydi, onajonim do‘ppining ustidagi gulini tikib, ro‘zg‘orga ko‘maklashgani, otam bilan yelkadosh bo‘lib uy qurilishida ham barobar mehnat qilganlarini ko‘rganman. Men jajji qizaloq volidamga achinganimdan ko‘zlarimdan yosh chiqib ketardi.

– Nega onajon, o‘zingizni hecham ayamaysiz, axir biror kori-hol bo‘lib qolsa, holimiz nima kechadi, desam, “mehnat qilgan odam hecham kam bo‘lmaydi. Kishini mehnat emas, g‘arazlik, ochko‘zlik, xiyonat yemiradi”, deydi.

Yana o‘qing:  Harakatlar strategiyasi ta’lim samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal

Ba’zan nogiron tug‘ilgan farzandlarini “Muruvvat uyi”ga topshirgan ota-onalar haqida eshitsam onajonimning amakilarimga qilgan mexribonliklari yodimga tushadi. Baxtga qarshi amakilarim nogiron bo‘lganlari sababli, ularning har birlariga alohida mehr ulashib onalik qilgan edi.

Yon qo‘shnimiz Jumagul kelinoyi asli o‘ratepalik bo‘lib kunda biznikiga chiqib, “Nasiba opa, Toshkentda sizdan boshqa yaqinim yo‘q, menga biror narsa bo‘lsa bolalarim sizga omonat, bilaman ularni hecham yolg‘izlatib qo‘ymaysiz, bu mahallada ularni faqat sizga ishonaman”, deb vasiyat qilgani sira yodimdan chiqmaydi.

Onamning yana bir yaxshi odatlarini ko‘z o‘ngimdan ketkazolmayman. Ishlagan davrlarida qo‘llari to‘la shirinliklaru muzqaymoqlar bilan to‘lib-toshib kelayotib, “qaynonamni ko‘rgansizlar, oling­lar, opoqijonlar, sizlardan qolganini keyin farzandlarimga yediraman”, deb shirinliklarni mahalladagi ayollarga ulashib, keyin qolganini bizga olib kirardi. Onajonimni hali g‘ayrat-shijoat bir zum bo‘lsa-da tark etgani yo‘q. Hali tandirdan somsa, patirlarni issig‘ida uzib, yeb olinglar, deb hammani yig‘gilari kelsa, samovarda choy qo‘yib, “samovarning choyi juda shirin bo‘ladi-da”, deb singillarini bir mehmon qiladi.

Ilgari hovlimizda mevali daraxtimiz juda ko‘p bo‘lardi. Ular pishganida albatta avval qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatib keyin biz yer edik. Chunki, bu mevalarda qo‘shni haqi bo‘ladi. Sizlar ham albatta shunday yo‘l tutinglar, kam bo‘lmaysizlar, deb ko‘p bora biz farzandlariga ham takrorlab turadilar, onajonim. Uyimizning fayzli, to‘kin-sochin bo‘lishiga ham o‘zlarining behisob hissalarini qo‘shgan ham shu hokisor onajonim bo‘ladi. Bir kuni ukamning xotini Nazokatxonni dard tutib qolibdi. Darrov kechasi uni shifoxonaga yotqizib kelgan onaginam, yarim kechasi qaynoqqina atalani pishirib, sharros yomg‘irda shifoxonaga kirib boribdi. Tuqqan ayolni madori ketadi, darrov mana bu tansiq taomni ichirib qo‘ying, tanasiga quvvat bo‘ladi, jon qizim deb hamshiraga yalinibdi. O‘sha kuni u kishi yetti marotaba kasalxonaga qatnagan ekan.

Hamshira bo‘lsa, “xolajon bunchayam mehribon ekansiz-a, axir qizingizga bu yerda ham yaxshi qarashadi”, desa, “voy, aylanay sizdan, bu mening tillo kelinim bo‘ladi, axir qizlarim uylaridan ortib kelgunlarigacha, engagimni axir shu kelinim boylaydi-da”, debdi. “Ey, qoyil-e, men sizga o‘xshagan qaynonani birinchi bor ko‘rishim” deb, uning havasi kelgan ekan. Hozir ham onajonim mehnatdan toliqmaydi.

Yana o‘qing:  Til bilgan tarjimon degani emas

Aziz va mo‘tabar onajon, siz haqingizda dostonlar bitsak ham ko‘nglim to‘lmaydi. Eng asosiysi, biz farzandlaringiz baxtiga, o‘sib kelayotgan nabiralaringiz baxtiga o‘zingizni ayab turing, hali siz bizlarga juda keraksiz, ko‘p ishlarga qodirsiz, to‘ylarimizning boshida duogo‘y bo‘lib, otajonim ko‘rmaganini siz ko‘rishingizni, o‘zingiz bosh bo‘lib turishingizni Ollohdan tilayman. Farzandlaringiz bir umr sizdan qarzdorligini his qilib yashayapti. Harakat qilib charchamay yurishingiz nur ustiga a’lo nur. Sizga boshimiz yerga tekkuncha ta’zim qilamiz, qadamlaringiz doimo rayhon iforlari bilan to‘lsin, jambillar chakkangizni bezab tursin.

Manzura UBAYDULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: