Opa-singil shaxmatchilar g‘olib
Bugun poytaxtlik opa-singil Sarvinoz va Farangiz Qilichevalar uchun muhim kun bo‘ldi. Ular “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan “Kamolot” shaxmat taxtasi” turnirining Olmazor tumani bosqichida o‘z yosh toifalari bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
Sarvinoz va Farangiz shaxmat bilan muntazam shug‘ullanib, mahoratini oshirib kelmoqda. O‘n to‘rt yoshli Sarvinoz uch marta mamlakatimiz chempioni bo‘lgan. O‘n yoshli Farangiz bir marotaba O‘zbekiston chempionatining oltin medali bilan taqdirlangan.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sportning shaxmat turini yanada ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan “Kamolot” shaxmat taxtasi” turnirining Olmazor tumani bosqichida yuzdan ortiq o‘g‘il-qiz 8, 12, 14, 16 va 19 yosh toifalarida dona surdi.
Rafiq Usmonov, Abdumalik Saidniyozov, Olim Po‘latov, Botir Abdurahimov, Fotih Abduholiqov, Mubina Rashidova, Farangiz Qilicheva, Habiba Qoziyeva, Sarvinoz Qilicheva, Malika Mannopova o‘z yosh toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.
– “Kamolot” shaxmat taxtasi” musobaqasida to‘rtinchi marotaba ishtirok etmoqdaman, – deydi Sarvinoz. – O‘tgan uch musobaqada oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritganman. Joriy yilgi musobaqada ham g‘alaba qozonganimdan xursandman.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari turnirning Toshkent shahar bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri