Tiriklikning latif xilqati
Muhabbat… kishi diliga malham ulug‘ tuyg‘u. U tufayli ko‘ngil ko‘ngildan suv ichadi. Muhabbat tufayli inson dunyoni, hayotni, ona-Vatanni sevadi. Vatan bu har kimning qalbidagi iymoni. Onangizni, otangizni, farzandlaringizu yaqinlaringizni sevish shu Vatandir. Vatanpravarlik aslida shunday atalur.. Olloh bergan fidoyi insonlar – onalar doimo bor bo‘lsin. Odamlar bir-birlarini sevsinlar. Ollohdan hammaga faqat ezgulik, nurli kunlarni, tinch oqshomlarni tilayman.
* * *
Oila – Istiqlolning mustahkam qo‘rg‘ondir. Bunda xotin-qizlarning, sabr-qanoati, ziyrakligi, mehnatsevarligi alohida ahamiyat kasb etadi. Oila fidokorlar va vatanparvarlar yetishtiradigan eng oliyjanob, eng ta’sirchan dorilfunundir. Yurtimizda tinchlik va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy va milliy barqarorlikni mustahkamlashda onalar, opa-singillarimizning bunyodkorlik mehnati, vatanparvarligi, muhabbati g‘oyat qudratli kuchdir.
* * *
Ahillik ildizi qanchalik mustahkam bo‘lsa uni har qanday bo‘ronlar ham to‘zg‘itolmas. Men bilgan qaynonaning 6 ta kelini bor. Ular besh yilgacha bir hovlida yashadilar, o‘zidan ko‘paydilar. Keyinchalik hammasi birin-ketin uy-joy qilib chiqib ketishdi. Oqila qaynona kelinlarini xuddi qizlari singari bag‘riga bosdi. Borini oshirib, yo‘g‘ini yashirib, yo‘lga soldi. O‘z qaynonasidan eshitib diliga jo aylagan o‘gitlarini kelinlariga ham bot-bot so‘zladi. Kelinlar qaynonadagi mehru muhabbat tufayli ro‘zg‘orini ulug‘lab baraka topdilar. Xalqimiz orasida bir naql bor. “Qaynonali kelin qarqara kelin – qaynonasiz kelin masxara kelin”. Darhaqiqat, oqila qaynona sabab oila totuvligi bus-butun saqlandi.
* * *
Har bir ayol oilada, sevikli yori, farzandlari bilan bag‘ri butundir. Ayol zimmasiga bir vazifa yuklangan, u ham bo‘lsa — SABR. Har bir ishni qanoat, chidam, sadoqat va aql bilan uddalagani uchun u muqaddasdir.
* * *
Ona allasi. Yuragimizga tumor bo‘lgan qo‘shiq. Bir qo‘lida beshik, bir qo‘lida dunyoni tutib tunlarni tonglarga ulab alla aytayotgan bedor ona. U farzandining umriga umr tilab, uning nurafshon kelajagini orzulab yashaydi. Dilidagi jamiki ezguliklarni bayon aylab alla aytayotgan onaning tilaklari ijobat bo‘lur. Bu mo‘jiza qo‘shiqni tinglab ulg‘aygan qiz-yigit borki, u Vatanini xuddi onasi singari ulug‘lashi shubhasiz.
Jonibek TOJIYEVA,
faxriy pedagog