“Ilik uzildi”

mavsumga doir maslahatlar

Ko‘klamoy olamga sepini yoyib, qiru adirlar, dalayu dasht, tog‘lar asta-sekinlik bilan yashilikka burkanmoqda. Shunday damlarda uzoq davom etgan qishdan so‘ng bahorni sog‘inganimizni his etamiz. Qalbimizga bahoriy jo‘shqinlik kirib keladi. Ammo negadir tanimizda ba’zan horg‘inlik his etamiz. Qish bo‘yi sarxil, sersuv saqlangan meva-sabzavotlar ko‘klamga kelib avvalgiday asl holatini saqlamaydi. Ularning ko‘rinishi o‘zgarmasada tarkibidagi vitaminlar, mineral moddalar uzoq vaqt saqlangani sababli kamayadi.

AVITAMINOZ SABABLARI VA UNING OLDINI OLISH

Xalq orasida bahorgi lanjlik behollik, darmon qurishiga “ilik uzildi” davri deb nom berilgan. Bu davrda organizmga zarur vitaminlar va mineral moddalar yetishmasligi sababli avitaminoz kuzatiladi. Avitaminoz (vitaminlar yetishmasligi0 sababli odam uyqudan ko‘z ochishni istamaydi. Surunkali charchoq tufayli qo‘li ishga bormaydi. Diqqat-e’tibori susaygani sababli parishonxotir bo‘lib qoladi. Salgina asabbuzarlik ham bunday insonlarni quyushqondan chiqarib yuboradi. Ularning yuz va qo‘l terisi yorilib, achishadi. Ko‘z tagida ko‘kimtir izlar paydo bo‘ladi. Sochlar esa o‘z jilosini yo‘qotib, xira tus oladi va to‘kila boshlaydi. Bu holatga kamqonlik (qonda gemoglobin miqdorining pasayib ketishi) ham sabab bo‘lishi mumkin.

Organizmda temir moddasi tanqisligi kamqonligida tez charchash, tushkunlik, bosh og‘rig‘i va teri qurishi, ishtaha pasayishi, teri rangpar tusda bo‘lishi kuzatiladi.

Yana mavzuga qaytib avitaminoz xususida to‘xtaladigan bo‘lsak me’da-ichak tizimi faoliyati buzilsa ham ushbu xastalik avj oladi.

Diqqat!

Ayrim odamlarda yuqorida ta’kidlangan kasallik alomatlari faqat bahor faslida kuzatilsa, ba’zilarda esa yil davomida bu muammo ularni tark etmaydi. Har ikkala holatda ham inson o‘z sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor qaratib, shifokor qabulida bo‘lib, yilda ikki marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarur. Avitaminoz va kam­qonlikning oldini olish uchun sifatli va to‘yimli ovqatlanish, to‘yib uxlash, o‘z vaqtida dam olish hamda meva-sabzavotlar, ko‘katlar iste’mol qilish shart.

Vitaminlar “alifbosi” yetishmovchiligida qanday kasalliklar rivojlanadi?

A (retinol) vitamini (darmondorisi) yetishmovchiligida ko‘zning ko‘rish quvvati pasayadi. Teri quruqlashib, unda mayda toshmalar paydo bo‘ladi. Soch to‘kilib, tirnoqlar mo‘rtlashib, sinadi.

A vitamini baliq jigari, tuxum sarig‘i, sut, qaymoq, smetana, sariyog‘, yog‘li pishloq tarkibida mavjud. Shuningdek, sar­g‘ish-olovrang, ba’zan qizil rangli meva-sabzavotlar (shirin bulg‘or qalampiri, o‘rik, shaftoli, chakanda(oblepixa) mevasi, ryabina, na’matak, qovoq, yetilib pishgan pomidor, qizil va sariq sabzi, sitrusli mevalar tarkibida mo‘l bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Qobiq ichidagi xazina

V1vitamini (tiamin) organizmda yetishmasa asab tizimi charchaydi, kishida toliqish kuzatiladi. Odam jizzaki bo‘lib qoladi. Asabiylik sababli teri kasalliklari, nevrit qo‘zg‘aladi.

Bu darmondori suli, grechixa yormalari, kepakli qora un, yong‘oq, dukkaklilar, pivo va xamir achitqisi (drojja), tuxum sarig‘i, tovuq go‘shti va shu jonzotlar buyragi, jigari, yuragi tarkibida bo‘ladi.

V2vitamini (riboflavin) yetishmasa holsizlik kuzatiladi. Ko‘z og‘rib, qizaradi. Lab chetida yoriqlar paydo bo‘ladi.

Bu vitamin mol jigari, tuxum, pishloq, tvorog, kefir, sut, smetana, yog‘li baliq (skumbriya, treska, kam miqdorda xek va kambalada) mol, quyon go‘shti, grechixa va suli yormalarida, yashil no‘xat, ismaloq, gulkaram, shirin bulg‘or qalampiri, ko‘k piyoz, shivit tarkibida ko‘p bo‘ladi.

V6vitamini yetishmasa til yallig‘lanadi. Bolalarda tomir tortishishi va kam­qonlik kuzatiladi.

V6vitamini (piridoksin) go‘sht, jigar, buyrak, miya, baliq, tuxum, dukkaklilar, kartoshka, pivo va xamir achitqisi (drojja) tarkibida ko‘p bo‘ladi.

S vitamini yetishmasa milklar qonaydi. Teriga kichik jarohat yetsa ham ko‘karadi.

S vitamini (askorbin kislotasi) shirin bulg‘or qalampiri, ko‘katlar, karam, pomidor, ismaloq, yashil no‘xat, mevalar (olma, apelsin, mandarin, limon), reza mevalar – qora qorag‘at (smorodina), na’matak tarkibida ko‘p miqdorda mavjud.

D vitamini yetishmasa bolalarda raxit kasalligiga sabab bo‘ladi. Katta yoshli kishilarda esa osteoporoz kasalligi rivojlanib, suyaklar tez sinadigan bo‘lib qoladi.

D vitamini (kalsiferol) o‘simlik yog‘lari, drojja, jigar, buyrak, tuxum, sariyog‘, yog‘li baliq turlari va ikra(baliq uvildirig‘i) tarkibida ko‘p bo‘ladi.

RR vitamini (nikotin kislotasi) yetishmasa ba’zi asab kasalliklari qo‘zg‘aladi.

RR yoki Vz vitamini (nikotin kislota) mol jigari, buyrak, til, tovuq, quyon, mol, qo‘y go‘shti, suli, tariq, arpa, manniy, grechixa yormalari, kofe, yashil no‘xat, baliq, non, guruch, bug‘doy, kartoshka, karam, sabzi, pomidor, mevalar, sut mahsulotlari, shuningdek, tuxum tarkibida mavjud.

SOCHLAR PARVARISHI

Bahorgi “ilik uzildi” davrida organizmda umumiy behollik kuzatiladi. Shu sababli sochlar ham parvarishga muhtoj bo‘ladi. Sochlaringizni qatiq va xina aralashmasi bilan yuving. Buning uchun bir litr qatiqqa bir quti quritilgan xina kukuni aralashtirib sochlaringizga surib qo‘ying. Keyin boshingizga maxsus klyonka qalpoq kiyib, ustidan sochiq o‘rang. Ikki-uch soatdan so‘ng boshingizni yuving. Sochlaringizni paxmoq, tabiiy tolali sochiq bilan quriting. Yog‘li sochlar uchun haftada ikki marta yog‘siz qatiq va xina aralashmasi kifoya qiladi. Aksincha, yog‘siz sochlar uchun yog‘li qatiq va xina aralashmasi haftada bir marotaba oziqlantiruvchi niqob sifatida zarur bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Kalsiy erta qarishning oldini oladi

SOCH “GULLASHI“GA QARSHI

500 gramm qichitqi o‘t (krapiva)ning ustidan yarim litr qaynab turgan suvni quyasiz. Bir oz sovugach, shifobaxsh damlamani dokadan suzib oling. So‘ngra iliq damlamani yuvib quritilgan sochlaringizga surtib chiqing. Bu niqob soch ildizini mustahkamlaydi. Uning to‘kilishining oldini oladi va bosh terisining qichishiga barham beradi. Muolaja haftada bir marta amalga oshiriladi. Shuningdek, soch uchi ikkiga bo‘linib, “gullashi“ga yo‘l qo‘ymaydi. Soch uchlari “gullasa” 2-3 sm. kesish zarur.

QAZFOQNING OLDINI OLISH

Bir osh qoshiq quritilgan oqqayin bargi (dorixonada sotiladi) ustiga 300 ml. qaynab turgan suv quyiladi. Ikki soat tindirib qo‘yilgach, dokadan suzib olinadi. Bu damlamani har safar bosh yuvganingizdan so‘ng bosh terisiga surtib chiqing. Damlamani muzlatgichning pastki qismida, usti yopiq shisha idishda saqlang. Zarur bo‘lsa xona haroratida iliq holga kelgan ushbu shifobaxsh damlamani yana qo‘llashingiz mumkin. Bu damlama nafaqat qazg‘oqqa qarshi samarali ta’sir etadi. Balki sochlarning qalin va serjilo o‘sishida ham ijobiy ta’sir etadi.

QO‘LLAR PARVARISHI

Qo‘llar terisi ham parvarishga muhtoj. Uni doimo tarang va silliq bo‘lishini istasangiz haftada ikki marta oziqlantiruvchi niqobni qo‘l terisiga surting. Buning uchun bir choy qoshiq xamirturushni bir osh qoshiq yog‘li sut bilan aralashtiring. So‘ngra hosil bo‘lgan aralashmani qo‘llaringizga surting. O‘n daqiqadan so‘ng iliq suvda qo‘llaringizni yuving. Oradan ikki oy chamasi vaqt o‘tgach qo‘llaringiz terisini yosharayotganining guvohi bo‘lasiz.

YUZ TERISI PARVARISHI

Bir osh qoshiq tvorogni bir choy qoshiq qaymoq, bir chimdim tuz bilan aralashtiring. Tayyor niqobni yuzingizga surting. 15-20 daqiqa o‘tgach iliq suv bilan yuving. Ushbu niqob quruq yuz terisiga mo‘ljallangan bo‘lib, oziqlantiruvchi xususiyatga ega. Yuz terisini silliq va mayin bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Haftada 2-3 marta qatiq, qaymoq, suzma va asalli niqoblarni yuzga surtib, uni yengil uqalang. Diqqat! Bu niqoblar yuz terisi holatiga qarab surtiladi.

Sifatli va to‘yimli ovqatlanish, to‘yib uxlash me’da-ichak tizimi kasalliklarini o‘z vaqtida davolatish ham yuz terisining sog‘lom va chiroyli bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Oziq-ovqat mahsulotlaridan tarkibida yelimshak (jelatin) bo‘lgan “liq-liq” (xolodets) kalla-pocha ham aminokislotalarga boy bo‘lib teriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yana o‘qing:  Patronaj hamshirasi xonadonda

OYOQLAR PARVARISHI

Oyoqlaringiz kun bo‘yi yurganingizdan tolib, kechga borib og‘riy boshlasa moychechak damlamasini tog‘oraga solib, yarim soat oyoqlaringizni vanna qiling. Haftada 2-3 marta ana shunday muolaja qilsangiz oyoqlaringiz dam oladi. Keyin paxmoq, tabiiy tolali sochiq bilan oyoqlaringizni artib quriting. Unga maxsus oziqlantiruvchi krem surting. Oyoqlaringizni ham tez-tez uqalab turing. Shunda qon aylanishi yaxshilanadi. Issiq kunlarda esa shag‘al, asfalt va mayin tuproqli yerda oyoq yalang yurish a’zoi badanga ijobiy ta’sir etadi. Sababi oyoq tagida (qo‘l va quloq suprasida ham) organizmning barcha a’zolari bilan bog‘liq biologik faol nuqtalar mavjud. Oyoq yalang yurilganda shu biologik faol nuqtalar ta’sirlanib, uqalanadi.

OLMA SIRKASI TERLASHNING OLDINI OLADI

Oyoq va qo‘llar terlasa zararli mikroorganizmlarning ko‘payishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu sababli bu salbiy holatning oldini olish uchun jigarrang olma sirkasi bilan oyoq va qo‘llar yuviladi. Lekin chayilmaydi. Shuningdek, oyoq kiyimning ichki yuzasi ham olma sirkasiga botirilgan paxta bilan artib chiqiladi. So‘ngra sellafon xaltachaga solinib 5-6 soat o‘rab qo‘yiladi. Yuvilgan paypoqlar ham olma sirkasiga botirib qo‘yiladi. 2-3 soat o‘tgach chayilmasdan yoyiladi.

Diqqat!

Teri xastaliklari mavjud va allergiyaga moyil shaxslar dastlab shifokor-dermatolog tavsiyasidan so‘ng olma sirkasini qo‘llash-qo‘llamaslikni bilib oladilar.

Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: