Tabiiy giyohlar xalq salomatligi uchun

Mamlakatimizda aholini sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, chetdan import qilinayotgan tibbiyot vositalarini mahalliylashtirish asosida ularni o‘zimizda ishlab chiqarish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Navoiy viloyatida ham ushbu yo‘nalishda qator loyihalar ishlab chiqarishga joriy etilib, iste’molchilar talabiga mos, ekologik toza, eng muhimi, salomatlik uchun foydali komponentlarga boy preparatlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Prezidentimizning 2016 yil 16 sentyabrdagi “2016-2020 yillarda respublika farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

O‘tgan yili viloyatda tibbiyot buyumlari, tayyor dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 4 loyiha amalga oshirildi. Buning uchun 7 milliard 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. 40 yangi ish o‘rni yaratildi.

Dorivor giyohlar ishlab chiqarish va qadoqlash yo‘nalishida ham 2 loyiha asosida samarali ishlar olib borilmoqda.

Karmana tumanidagi “Grand Farm Avitsenna” mas’uliyati cheklangan jamiyatida zamonaviy texnologiyalar asosida tabiiy giyohlarni quritish va qadoqlash yo‘lga qo‘yildi. Tadbirkor G‘olib Karimov rahbarlik qilayotgan korxonada 6 kishi ish bilan ta’minlandi.

– Mamlakatimizda tadbirkorlarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda, turli imtiyoz va preferensiyalar berilmoqda, – deydi G‘.Karimov. – Bunday e’tibor va rag‘batdan foydalanib, tarkibi tabiiy giyohlardan iborat 5 turdagi dori vositalari qadoqlashni o‘zlashtirdik. Mahsulotlarimiz tabiiy holda o‘sadigan dorivor o‘tlardan tayyorlanadi. Tibbiyotda damlama sifatida keng qo‘llaniladigan giyohlar aholi salomatligini tiklash va mustahkamlashda yaxshi samara beradi.

Viloyatning cho‘l, adir va tog‘oldi hududlarida tabiiy holda o‘sadigan kiyik o‘ti, moychechak guli, dala choyi, tog‘ rayhoni va na’matak kabi dorivor giyohlar qadoqlanayotgan sex zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.

Yosh tadbirkor dastlab, dorixona tashkil etdi va 3 nafar mutaxassisning bandligini ta’minladi. Ayni paytda dorixonaning o‘zida 30 nafar farmatsevt mutaxassis mehnat qilmoqda. Dorivor giyohlar qadoqlash sexi faoliyatini boshlashda “Qishloq qurilish bank” viloyat filialidan olingan 75 million so‘m miqdoridagi kredit hamda shaxsiy sarmoya qo‘l keldi. Xorijdan zamonaviy qayta ishlash va qadoqlash uskunalari keltirildi. Korxonada tayyorlanayotgan mahalliy dorivor damlamalar mamlakatimiz dorixonalari, tibbiyot muassasalaridagi fitobarlarga yetkazib berilmoqda.

Izlanuvchan tadbirkor joriy yilda orttirgan daromadi hisobidan xususiy klinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish – tibbiyot muassasasini qurish ishlarini boshlab yubordi. Kuniga 30-40 qatnovga mo‘ljallangan shifoxonada stomatolog, lor, terapevt, nevropatolog, androlog va urolog kabi yo‘nalishlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Bu yana 15 ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Yana o‘qing:  Kichkintoylar hayvonot bog‘i safarida

 

N.RAHIMOV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: