Bir farzandga uch kitob
Bulung‘ur tumanidagi 9-son bolalar musiqa va san’at maktabida xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tomonidan uyushtirilgan tadbirda shu tashabbus ilgari surildi.
Tadbirda tuman hokimi X. Xo‘jayorov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Azim Suyun, Abdusaid Ko‘chimov, Sobir O‘nar hamda adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ahamiyati va kitobxonlik madaniyati haqida so‘z yuritdi.
– Maktabda o‘qib yurgan kezlarimiz mutolaa uchun kitob topish muammo edi, – deydi shoir Azim Suyun. – Sinfdoshlardan kimdir bitta kitob topib kelsa, uni barchamiz bir kundan almashib o‘qirdik. Hozir-chi? O‘qiyman degan kishiga kitob topiladi. Lekin ayrim yoshlar kompyuter, telefonlarga chalg‘ib, kitob mutolaasida ortda qolyapti. Bu esa ma’naviy kemtiklikni keltirib chiqaradi.
Bugungi kunda tuman xalq ta’limi muassasalarida 67 ta maktab kutubxonasi va 5 ta axborot-resurs markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 9300 turdagi kitob va 3171 ta elektron kitoblar jamlanmasi mavjud. Kutubxonalar fondini yanada boyitish maqsadida “Maktab, kutubxona, jamoat tashkilotlari” hamda “Bir farzandga uch kitob” xayriya loyihalari rejalashtirilgan. Joriy yilning mart oyida ushbu loyihadan kelib chiqib har bir ota-ona maktabda o‘qiydigan farzandi uchun uchtadan kitob sovg‘a qilish taklifi bildirildi.
Tadbirda o‘quvchilar ijodkorlar she’rlaridan namunalar o‘qidi, kuy-qo‘shiqlar ijro etdi.
Olim SONNIBOYEV,
Rabbim HOTAMOV (foto).