Eng keksa dengiz qushi 66 yoshida jo‘ja ochdi
Dunyodagi eng keksa dengiz qushi deb e’tirof etiladigan albatros 66 yoshida yana nasl ko‘rdi, deya xabar bermoqda AQSHning ovchilik va baliqchilik masalalari bo‘yicha boshqarmasi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, Uizdom (Donishmand) laqabli, yuqori qismi qora rangli albatros qushining urg‘ochisi kamida 66 yoshda. U 60 yildan beri Tinch okeanidagi Miduyey marjon qoyalariga tuxum qo‘ygani keladi. 16-fevralda qushning navbatdagi polaponi tuxumni yorib chiqdi. Biologlarning hisob-kitobiga ko‘ra, rekordchi qush o‘z umri davomida 30 ga yaqin polaponni “tarbiyalagan”.