Saraton hamisha xavfli bo‘lmaydi (davomi)

Yoki rak xastaligining qanday oldini olish mumkin?

Insonlar saratonni samarali davolash usullarini qadim zamonlardan beri izlab kelganlar. Adabiyotlardan ma’lumki turli xil hayvon a’zolari, o‘simliklar, metallar, minerallar, qimmatbaho toshlar, kuydirish, qon chiqarish kabi usullar shular jumlasidandir.

Onkologik kasalliklarning zamonaviy davolash jarayoni bir necha bosqichlardan iborat. Ular jarrohlik yo‘li bilan davolash, kimyoterapiya, nur terapiyasi, immun terapiya, gormon terapiyasi, gipertermiya (o‘smaga issiqlik ta’siri etib davolash), kriodestruksiya (o‘smani muzlatib, parchalash), fotodinamik terapiyalardan iborat. Yuqorida ko‘rsatilgan davo usullari kombinatsiyasi o‘sma jarayoni bosqichiga, uning o‘sish shakliga, qaysi a’zoda joylashganligiga va gistologik turiga, yon-atrof to‘qimalarga tarqash darajasiga, hajmiga hamda bemorning umumiy ahvoliga qarab belgilanadi.

Yurtimizda saratonni ko‘p uchraydigan turlarini ilk bosqichida aniqlash uchun skrining (yoppasiga tekshirish) dasturlari tashkil etildi. Barcha viloyat onkologiya dispanserlari zamon talabiga javob beradigan yuqori texnologik diagnostik, nurli terapiya, jarrohlik asbob-uskunalari bilan to‘liq jihozlangan, kimyoviy dori – darmonlar bilan yetarlicha ta’minlangan. Bemorlarni davolashga hamma shart-sharoitlar yaratilgan. Respublika Onkologiya ilmiy markazi direktori, professor Mirzag‘olib Tillashayxov boshchiligida mamlakatimiz tarixida birinchi marotaba saratonga qarshi milliy dastur loyihasi ishlab chiqildi.

Ba’zi bemorlar har xil “mish – mish”larga ishonib nur terapiyasi yoki kimyoterapiya olishdan bosh tortishadi. Bu esa davo samarasini keskin pasayib ketishiga olib keladi. To‘g‘ri, bu davo usullarining ba’zi a’zolar faoliyatiga salbiy ta’siri ham bor. Lekin boshqa a’zolarga bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlarining oldini olish maqsadida davo vaqtida shu a’zolar faoliyatini yaxshilaydigan, ularni salbiy ta’sirlardan himoyalaydigan muolajalar qo‘shib qilinadi. Salbiy ta’sirlar (tana harorati ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, soch to‘kilishi) vaqtincha bo‘ladi va keyinchalik o‘tib ketadi. Fan va texnika rivojlanishi a’zo saqlovchi, bemorning hayotini yaxshilovchi, endoskopik, yuqori texnologik operatsiyalar sonini ko‘payishiga olib keldi. XX asrda xavfli o‘smalarni olib tashlashda radikalizmni (o‘smani to‘liq sog‘lom to‘qima bilan olib tashlash) ta’minlash maqsadida ko‘p bemorlarga nogironlikga olib keluvchi operatsiyalar qilingan. Endilikda kesib olib tashlangan a’zolar o‘rnini bosuvchi sun’iy rezervuarlar (qovuq olib tashlangandan keyin ichakdan tayyorlangan sun’iy a’zo, me’da olib tashlangandan keyin esa uning o‘rniga ingichka ichakdan yasaladigan sun’iy me’da), endoprotezlar (qo‘l va oyoq suyak bo‘g‘imlari o‘rniga qo‘yiladi), implantlar (jag‘ suyagi kesilgandan so‘ng suyak butunligi tiklanadi), sut bezidagi plastik operatsiyalar, bemorlarning nafaqat to‘liq tuzalishiga, qolaversa jamiyatga, oilasiga va sevimli kasbiga qaytishiga, orzu-umidlarining amalga oshishiga yordam bermoqda.

Shuni yodda tutish kerakki, xavfli o‘smalarga duchor bo‘lgan bemorlar xastalikning birinchi bosqichida davolanganda 90–98 foizgacha, ikkinchi bosqichda 70 foizgacha, uchinchi bosqichda 30–50 foizgacha sog‘ayib ketadi.

Shuning uchun eng asosiysi kasallikni erta bosqichlarida aniqlashdir. Bu esa asosan bemorlarning o‘ziga bog‘liq.

Yana o‘qing:  Muskullar uyqu mustahkamligida muhim ahamiyatga ega

Saraton o‘ta og‘ir va xavfli kasallik. Lekin bu kasallikni sabr-toqat, ishonch, matonat va uning achchiq sinovlariga dosh berib, butunlay yengishga erishgan bemorlar ko‘p.

Robert De Niro, Rod Styuart, Maykl Duglas, Anjelina Joli, Vladimir Pozner, Layma Vaykule, Yuriy Nikolayev, Darya Donsova kabi mashhur insonlar saratonni chidam bilan yenggan.

Sog‘liq insonga Yaratgan tomonidan berilgan eng bebaho ne’matdir. Shunday ekan o‘zimizni, yaqinlarimizning sog‘ligini qadriga yetaylik. Dono xalqimiz “Kasallikni davolagandan ko‘ra, uni oldini olish oson” deb bejiz aytmagan. Xasta bo‘lmasdan turib har bir inson onkolog-shifokorlarga profilaktika uchun hech bo‘lmaganda 1-2 yilda bir marta uchrasa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ulug‘bek ISLOMOV,

Respublika Onkologiya ilmiy markazi Tayanch-harakat tizimi o‘smalari jarrohlik bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi

Boshi bu yerda.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: