Bahor timsoli – Ayol,Ayol – misoli bahor!
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni mamlakatimizda katta bayram sifatida nishonlanadi va dam olish kuni deb e’lon qilingan. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston xotin-qizlariga har yili bayram munosabati bilan tabrik yo‘llaydi. Ana shunday bayram tabriklaridan birida shunday deyiladi: “Ona, rafiqa, qiz – bu so‘zlar bizning xalqimiz uchun azal-azaldan Vatan, oila, mehribonlik, sadoqat kabi muqaddasdir”. Ayol kishini Vatan timsolida, sadoqat timsolida, mehr-muhabbat timsolida ko‘rmoqlik bu ulug‘lik va ulug‘vorlikdir. Bu millat istiqboli onalar qo‘lida degan g‘oyaning tasdig‘idir.
Ona, rafiqa, qiz so‘zlari o‘zbek ayollarining fazilatlarini ifoda etadi. Vatanimiz kelajagi bo‘lmish farzandlarni tarbiyalayotgan onalar, turmush o‘rtog‘ini oq yuvib, oq tarab xizmatga jo‘natayotgan rafiqa, onasining eng yaqin yordamchisi, ota-onaning mehriboni va Vatan kelajagini tarbiyalashga tayyorgarlik ko‘rayotgan qiz! Ushbu yumush va fazilatlar qatoriga mutaxassis va siyosatchi vazifalarini ham qo‘shing. Endi ayollar bajarayotgan ishni bir ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring-a. Fozillik va siyosatchilik ayoldan naqadar katta kuch, sabot, qat’iyat, tadbirkorlik xususiyatlarini talab etishini anglash qiyin emas.
Bugungi suhbatdoshimiz O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Aysha Oxunova bo‘ladi.
– Mamlakatimizda onalik va bolalikning ijtimoiy muhofazasi mustaqillikning ilk kunlaridanoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirib, ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishida, barcha sohalarda erkaklar bilan teng huquqligini ta’minlashga alohida e’tibor berildi. Zero, gender tenglikka erishish adolatli va barqaror taraqqiyotning asosiy omillaridan biridir. Bu masalani hal etish bozor iqtisodiyotiga bosqichma bosqich o‘tish yo‘lini tanlagan yosh mustaqil davlatlar uchun muhim sanaladi.
– Fikringizga qo‘shilaman. Juda ko‘p mamlakatlarda bo‘lgani kabi mamlakatimiz aholisining 51,2 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishi jamiyatning huquqiy davlat sari barqaror rivojlanishining muhim omillaridan biridir. Mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq mamlakatimiz Prezidenti shunday deb ta’kidlagan edi: “Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Ayniqsa, ayollarga sharqona ehtirom va e’zoz biz uchun ibratli merosdir”.
Prezidentimizning bu so‘zlari amaliyotda o‘z tasdig‘ini topdi. Ayollarga berilgan huquq va imkoniyatlar haqida mutaxassis sifatida shunday deyish mumkin: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida fuqarolarning jinsi-irqi, millati, diniy e’tiqodidan qat’iy nazar teng huquqli ekanligi, 46-moddasida erkak va ayollarning teng huquqligi, 117-moddasida esa saylash va saylanish huquqlari kafolatlangan. Shuningdek, Mehnat va Oila kodekslarida ayollarga imtiyozlar berilib, huquqiy himoyaga olingan. 1999 yil 14 aprelda esa “Xotin-qizlarga qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan.
Yana dalillarga keladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Prezidenti I.Karimovning 1995 yil 2 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, 1998 yilning “Oila yili”, 1999 yilning “Ayollar yili” deb e’lon qilinishi, 1999 yil 17 martdagi «Xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘ta zararli va o‘ta og‘ir mehnat sharoitlarda ishlayotgan ayollarning daromadlariga imtiyozli soliq solish to‘g‘risida”gi qarori, 2000 yilning “Sog‘lom avlod yili”, 2001 yilning “Onalar va bolalar yili” deb e’lon qilinishi, 2004 yil 25 maydagi “O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, 2004 yil 30 iyundagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 25 maydagi “O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori fikrimizning dalilidir.
Yana shuni ta’kidlash kerak-ki, yurtimizda ayollarning muammolari bilan bog‘liq siyosatni amalga oshiruvchi tizim ishlab turibdi. Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasining raisi ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari hisoblanadi. Viloyat va tuman xotin-qizlar qo‘mitalarining raislari hokim o‘rinbosari maqomida faoliyat yuritishadi. Ular xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlab salohiyatini ro‘yobga chiqarishda samarali ta’sir o‘tkazmoqdalar.
Bugungi kunda oila, onalik va bolalik ijtimoiy muhofazasini hamda ayollar huquq va erkinliklarini ta’minlovchi O‘zbekiston Respublikasining 80ga yaqin qonuni va qonun osti hujjatlari mavjud.
– Siyosatchi ayollarni yuzaga chiqaradigan huquqiy omillardan yana biri parlament saylovlarida ayollarga kvota belgilanganligidir…
– Darhaqiqat, siyosiy partiyalardan parlamentga nomzod ko‘rsatilayotganda ayollarga 30 foizlik kvota belgilandi. Saylov qonunchiligimizni bu tariqa takomillashtirishimiz milliy xususiyatlarimizdan kelib chiqdi. Natijada ayollarning Milliy qonunchilikdagi faol ishtiroki ta’minlandi. Ushbu kvota belgilanganligi tufayli parlament a’zolari bo‘lgan ayollar soni avvalgi parlament sayloviga ko‘ra ikki baravarga ko‘paydi. Yangi joriy etilgan kvota tizimiga ko‘ra siyosiy partiyalar hokimiyatning qonun chiqaruvchi va vakillik organlariga nomzodlar umumiy sonidan kamida 30 foiz ayollarning nomzodi ko‘rsatilishi lozim. 2004 yilgi saylov natijasidan keyin Oliy Majlis Konunchilik palatasida 21 ayol deputat (18% ) va 15 nafar ayol (15%) Senatda faoliyat yuritdi. Hozirgi paytda Oliy Majlis Konunchilik palatasida 34 ayol deputat (22% ) va 15 nafar ayol (15%) Senatda faoliyat yurityapti.
Jahonga yuz tutgan O‘zbekistonimizda parlament islohotlarini amalga oshirish haqiqiy fuqarolik jamiyati barpo etishning chinakam kalitidir.
– O‘zbekiston Respublikasi ushbu yo‘nalishdagi xalqaro huquqiy normalarga ham qo‘shilgan. Bu borada ham samarali ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tsa arziydi. Shunday emasmi?
– Juda to‘g‘ri. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan va 1981 yili kuchga kirgan “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiyasini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib, 1995 yili ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiya 30 moddadan iborat bo‘lib, unda xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasi, teng huquqliligi belgilangan.
Amalga oshirilgan ishlardan ko‘rib turibmizki, ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni bajarish ham boshqa mamlakatlarga qaraganda anchagina yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nyu Yorkda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida (2008y) buni tan oldi. Mamlakatimiz oldiga Pekin(1995 yilgi) konferensiyasidan keyin qo‘yilgan 50 ta vazifadan deyarli har biri bajarilganligini ta’kidlab o‘tildi.
– Gazetamiz mushtariylariga tilaklaringiz…
– Avvalo, gazeta jamoasidagi ayollarni, qolaversa butun yurtimiz ayollarini bayram bilan samimiy qutlayman. Oliy Majlis qoshidagi jamg‘arma orqali olingan “Innovatsion texnologiyalarning yosh sohiblari” loyihasi yakunlanganida gazetangiz jamoasi bilan yaqindan tanishdim. Loyihani yakunlab, undan ijtimoiy natijalar chiqarilgani menga juda ma’qul keldi. Shuningdek, jamoaning aksariyati yoshlar ekanligi yanada quvonarlidir. Bu albatta kelajakni o‘zida ifodalaydi. Tahririyat faoliyatining yanada yuksalishida ijodiy parvozlar, yutuqlar tilab qolaman.
Suhbatdosh
Ra’no ZARIPOVA,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist