E’tirof va rag‘bat – ijodiy izlanishlar omili
Mamlakatimizda erkin, farovon va demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida keng qamrovli islohotlarning yangi bosqichi boshlandi. Bunda asosiy vazifa – xalq bilan muloqot qilish, inson manfaatlarini ta’minlash, tinchlik va farovonlikni yanada mustahkamlash, aholini hayotdan rozi qilishdan iborat. Ushbu maqsadlarga erishish madaniyat, san’at, badiiy ijod, jurnalistika va sport sohalari taraqqiyoti bilan ham chambarchas bog‘liq.
Bu jihatlar 14 fevral kuni “Istiqlol” san’at saroyida mazkur sohalarda salmoqli yutuq va muvaffaqiyatlarga erishgan bir guruh ijodkorlar va sportchilarni “E’tirof – 2016” mukofoti bilan taqdirlash marosimida ham o‘z ifodasini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinayotgan “E’tirof” mukofoti mumtoz qo‘shiq, milliy estrada, raqs san’ati, jahon musiqa merosi, teatr va kino san’ati, adabiyot, musavvirlik, haykaltaroshlik, jurnalistika kabi yo‘nalishlarda soha ravnaqiga hissa qo‘shayotgan, izlanish va yutuqlari bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan, milliy madaniyatimiz va san’atimizni dunyo miqyosida keng targ‘ib etayotgan ijodkorlar faoliyatini xalqimizga yaqindan tanishtirish imkonini bermoqda. Bu yil mukofotga nomzodlar “Teatr, kino va ommaviy tomoshalar”, “Estrada, an’anaviy, opera xonandaligi, musiqa ijrochiligi va raqs san’ati”, “Tasviriy va amaliy san’at”, “Badiiy ijod, jurnalistika va televideniye”, “Sport”, “E’tibor, ehtirom, e’zoz” yo‘nalishlarida qirq to‘qqiz nominatsiya bo‘yicha aniqlandi.
…“Istiqlol” san’at saroyi bayramona bezatilgan. Chorlov musiqasi yangraydi. Zamonaviy va mumtoz kuy-qo‘shiqlar tomoshabinlarni ohanrabodek o‘ziga jalb etadi.
“E’tirof” mukofoti bilan taqdirlash marosimi uch yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Bu yil ilk bor har bir yo‘nalish bo‘yicha hakamlar hay’ati nomzodlarga onlayn ovoz berdi. Bu – g‘oliblarni aniqlash jarayonini tomoshabinlar ko‘z o‘ngida ochiq va oshkora o‘tkazish, bu borada turli noxolisliklar va biryoqlama yondashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tashkil qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishida ijtimoiy sohani rivojlantirish, jumladan, bolalar sportini yanada ommalashtirish, yangi bolalar sporti ob’yektlarini, bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, jismonan sog‘lom, ruhiy va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega, Vatanga sodiq yoshlarni tarbiyalash, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng qamrovli loyihalar amalga oshiriladi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asos solgan milliy o‘zlikni anglash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar bugun katta g‘ayrat-shijoat bilan izchil davom ettirilmoqda. Kuni kecha xalqimiz buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 576 yilligini keng nishonladi. “E’tirof” mukofoti sohiblarini taqdirlash marosimi yana bir buyuk ajdodimiz – ulug‘ shoir, olim, davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligiga to‘g‘ri kelgani bejiz emas.
Alisher Navoiy ham, Bobur ham davlat boshqaruvidagi faoliyatida oddiy odamlar bilan doimiy muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishni o‘zining oliy maqsadi, hayot mazmuni sanagan, bu borada necha-necha avlodlarga o‘rnak va ibrat bo‘larli buyuk meros qoldirgan. Shu ma’noda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev g‘oyasi asosida mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashda yangi, zamonaviy, samarali va qulay tizim – Xalq qabulxonalari institutiga asos solingani ulug‘ ajdodlarimizning komil inson, mukammal jamiyat haqidagi asriy orzu-intilishlariga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.
…Hakamlar hay’ati turli nominatsiyalar bo‘yicha onlayn ovoz berishni boshladi. Munosib nomzodlarni tanlash borasida bahs-muhokamalar qizg‘in tus oldi.
Nihoyat dastlabki nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar nomi e’lon qilina boshlandi. Zalni gulduros olqishlar tutdi.
– Yetmish yoshni qarshiladim, 16 yoshimdan beri milliy cholg‘ular yasayman, gapning ochig‘i, bugun shu anjumanga taklif etilganimda ham mukofotlanishimni kutmagandim, odam o‘z kasb-hunarini sevib, zavq bilan ishlasa, mehnatingning qadriga yetisharkan, – deydi «Yilning eng mohir hunarmandi» nominatsiyasi g‘olibi Rahmatilla Zokirov. – Qo‘limdagi «E’tirof» statuetkasiga qarang: Yer sharida Vatanimiz xaritasi, uning samosida turna parvozga shaylanmoqda. Bu tinch-totuv, farovon mamlakatda qadriyatlar qadr topishi, usta-hunarmandlar ilhom va ijod zavqi bilan mehnat qilishini ifodalaydi.
– Bugun ko‘plab davlatlarda teatr san’ati o‘z o‘rnini shou-biznesga bo‘shatib berayotgan bir paytda o‘zbek sahna san’atiga talabu ehtiyoj ortib bormoqda, – deydi “Yilning eng yaxshi teatr aktyori” nominatsiyasi g‘olibi, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov. – Bu mukofot bundan keyin yanada katta kuch-g‘ayrat bilan izlanishga, hayot sinovlarida toblangan fidoyi insonlar haqida hikoya qiluvchi asarlarni sahnaga olib chiqishda bizga chinakam ilhom, rag‘bat va ma’naviy quvvat bo‘ladi.
Tantanali kechada turli nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlarga “E’tirof – 2016” mukofotining statuetkasi va diplomi topshirildi.
San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi katta konsert dasturi kechaga fayz bag‘ishladi.
Umid Yoqubov,
O‘zA muxbiri