Kariyesli tishlar – infeksiya manbai
Bolaning barcha sut tishlari 2,5-3 yoshida chiqqan bo‘ladi. Bu yoshdan farzandingiz sizning yordamingizda tishlarini tozalab yuvish malakasini egallashi muhim ahamiyatga ega.
Aks holda ovqat qoldiqlari va uning og‘iz bo‘shlig‘idagi mikroorganizmlar ta’sirida tish yemirila boshlaydi, chiriydi va teshiladi. Buni tibbiy tilda “kariyes” deyiladi.
Kariyes – tishning tez ishdan chiqishiga olib kelishi bilan birga, infeksiya o‘chog‘i ham hisoblanadi. Teshilgan, chirigan tishda turli xil mikroblar bo‘lib, ular bola organizmida turli xil yallig‘lanish jarayonlarini keltirib chiqaradi. Bu mikroblar qon bilan tana a’zolari, jumladan, buyrakkacha yetib kelishi va uni yallig‘lantirishi mumkin.
Kariyesning oldini olish uchun bolada kechqurun uyquga ketishdan oldin va ertalab uyqudan keyin tishlarini yuvish ko‘nikmasiga odatlantiring. Ko‘proq tarkibida juda ham kam miqdorda ftor bo‘lgan maxsus bolalar tish pastalarini uch yoshdan keyin ishlating. U kariyesning oldini olishga yordam beradi.
Kichik yoshdagi bola tishlarini yumshoq tish cho‘tkasi yordamida yuvishi kerak. Sababi kichkinalarda milklar yumshoq bo‘lib, qattiq cho‘tka ta’sirida ular lat yeyishi mumkin.
Chala yuvilgan tish ham kariyesdan saqlash kafolatini bermaydi. Dastlab bolalar faqat og‘izlarini chayishni o‘rganishlari zarur. Ammo ular suvni yutib yuborishlari mumkin. Shuning uchun farzandingizga asta-sekinlik va sabr-toqat bilan og‘izni qanday chayish kerakligini ko‘rsatib bering. Ularning hali tishlari siyrak payti ko‘p so‘lak ajralib, tishlar tabiiy tozalanadi. Keyinchalik esa so‘lak ajralishi kamayadi. Ilk bora faqat yumshoq tukli kichkina tish cho‘tkasining o‘zi bilan kichkintoyning tishlari yuviladi.
So‘ngra vaqt o‘tgach, unga ozgina miqdorda tish pastasi surish zarur. Bolalarga danaklarni va boshqa qattiq narsalarni sog‘lom tishlarda chaqish zararligini va ular tish emalining yemirilishiga sabab bo‘lishini tushuntirish shart. Bu esa tish og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Albatta, bolalarning tishlari mustahkam bo‘lishi uchun ularga tarkibida kalsiy moddasi mo‘l bo‘lgan sut va sut mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qilishlariga e’tibor berish zarur. Shuningdek, meva-sabzavot hamda ko‘katlar ham bola immunitetini ko‘taradi. Immun tizimi mustahkam bo‘lsa, u sog‘lom bo‘ladi.
Tishni tozalash uchun ularning yon tomonlarini tepadan pastga va pastdan tepaga qarab yuvish zarur. Yana tishlarning yuza va chaynaydigan qismi esa aylanma harakatlar bilan tozalanadi. Har bir tish alohida yuvilishiga ahamiyat bering. Bu jarayon kamida 1-3 daqiqa davom etishi zarur.
Matluba NARZULLAYEVA,
Chilonzor tumani bosh stomatologi, oliy toifali shifokor-stomatolog