Saraton hamisha xavfli bo‘lmaydi

Yoki rak xastaligining qanday oldini olish mumkin?

El orasida xavfli o‘sma kasalligiga uchragan bemor haqida eshitgan odam uni bedavo dardga chalinibdi, endi tuzalmaydi, deb yanglish fikrlaydi. Aslini olganda bunday emas. Keling, masalaning mohiyatiga chuqurroq yondashamiz.

Onkologik xastaliklar boshqa dardlardan o‘zining belgilarsiz – ya’ni, yashirin kechishi, xavfliligi, tez rivojlanishi va erta metastaz berishi (boshqa a’zolarga tarqab ketishi) bilan ajralib turadi.

O‘smalar xavfli, xavfsiz, hamda xavfsizdan xavfliga aylanuvchi guruhlarga bo‘linadi. Xavfsiz o‘smalar – sekin-asta uzoq vaqt davomida o‘sadi, yon-atrofdagi to‘qimalarni ichiga o‘sib kirmaydi, hamda ularni parchalamaydi. Ko‘pincha og‘riqsiz bo‘ladi, boshqa a’zo va to‘qimalarga tarqab ketmaydi. To‘g‘ri, bu o‘smalar operatsiya qilib olib tashlansa, qaytalanmaydi. Ammo xavfli o‘smalar esa aksincha tez – agressiv ravishda rivojlanadi, yon-atrofidagi a’zo va to‘qimalar ichiga o‘sib kiradi. Ularni parchalaydi va atrofini qoplab oladi. Qon va limfa suyuqliklari orqali organizmga tarqab ketadi, inson hayotiga xavf soladi. O‘smalarning uchinchi turi esa hali tabiati yaxshi o‘rganilmagan, aniqlanmagan turkumga kiradi. Avvaliga ular xavfsiz tabiatga ega bo‘ladi. O‘z vaqtida to‘g‘ri davolanmasa, xavfli va og‘riqsiz o‘smaga aylanib ketishi mumkin. Haqiqatdan ham xavfli o‘smalar barcha kasalliklar ichida eng jiddiysi hisoblanadi.

Har bir xastalikni kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan omillar mavjud. Masalan, har qanday yuqumli infeksion kasallikni keltirib chiqaruvchi bir omil, ya’ni, ma’lum bir mikrob turi bo‘ladi. Onkologik kasalliklarni keltirib chiqaradigan omillar esa ko‘pdir.

Xavfli o‘sma hujayralari odam organizmiga tashqaridan kelib tushmaydi. Ular kanserogen (“kanser” – o‘sma, “ogen” – omil) omillarning ta’siri tufayli sog‘lom hujayrani rak hujayrasiga aylanishiga olib keladi. Bu kasalliklarni kelib chiqishiga 80-85 foiz holatda atrof-muhitdan organizmga salbiy ta’sir etuvchi (ekzogen), 15–20 foiz esa (endogen) ichki muhitdan kelib chiqadigan omillar sabab bo‘ladi.

Ular fizikaviy, kimyoviy, biologik va endogen omillardan iborat. Ya’ni, saraton polietiologik kasallik hisoblanib, yuqoridagi barcha omillar birgalikda mujassam bo‘lgandagina paydo bo‘ladi.

Fizikaviy omillarga – ionlovchi radiatsiya, to‘qimalarning termik va mexanik jarohatlari, quyoshning ultrabinafsha nurlari kiradi.

Kimyoviy omillar – alkagol, tamaki, nos, avtomobillardan ajrab chiqadigan gazlar, sanoat korxonalari, issiqlik energetika stansiyalaridan chiqadigan changli chiqindilar, pestitsidlar, gerbitsidlar, har xil bo‘yoqlar, turli xil mineral va organik o‘g‘itlar, shuningdek, xavfli raditsiya nurlari va hakozolar hisoblanadi.

Yana o‘qing:  Xom yong‘oq bo‘qoqni davolaydi

Biologik omillar – asosan o‘sma chaqiruvchi viruslardir.

Endogen omillar – xavfli o‘sma kasalliklarini hosil qiluvchi genni va saratonga moyillikni oshiruvchi genning nasldan naslga o‘tishi ya’ni, irsiy moyillik, modda almashinuvi buzilishi oqibatida organizmning o‘z ichida kanserogen moddalar paydo bo‘lishidir.

Har qanday kasallikni yengish uchun, birinchidan uning oldini olish, ikkinchidan xastalikning juda erta bosqichlarida aniqlash va uchinchidan kompleks ravishda samarali davolash muammosi turadi. Saraton ham bundan mustasno emas.

Demak, kasallikning oldini olish uchun inson o‘z sog‘ligiga befarq bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z organizmi faoliyatini nazorat qilishi lozim. Sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilish zarur. O‘z vaqtida to‘g‘ri ovqatlanish, dam olish, toza havoda ko‘proq sayr qilish, badan – tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, organizmni chiniqtirish, gigiyena qoidalariga amal qilish, sigaret, nos chekmaslik, spirtli ichimliklar ichmaslik, giyohvand moddalarni iste’mol qilmaslik barcha kasalliklarning oldini oladi.

Biror a’zo ish faoliyatida har qanday kichik bir o‘zgarish sezsangiz o‘z-o‘zingizni davolashdan tiyiling, loqayd bo‘lmang. Darrov shifokorga murojaat qiling.

Eng qiyini xavfli o‘sma kasalligini erta bosqichida aniqlashdir. Xastalik boshlanganda yashirin, belgisizlarsiz paydo bo‘ladi. Bu butun dunyo onkolog olimlari oldida turgan muhim va qiyin muammodir.

Hozirgi zamon tibbiyoti jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Yangi-yangi tibbiy tekshiruv usullari ixtiro qilinmoqda. Tashxis qo‘yishda asosan rentgen, ultratovush, magnit rezonansli tomografiya, kompyuter tomografiyasi, endoskopiya, genetik, morfologik va labarator tekshiruvlardan foydalaniladi.

Ulug‘bek ISLOMOV,

Respublika Onkologiya ilmiy markazi Tayanch-harakat tizimi o‘smalari jarrohlik bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi

Davomi bu yerda.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: