Sulolaning munosib davomchisi

Bundan bir necha yil avval “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksionerlik jamiyatiga qarashli shifoxonaning jarrohlik bo‘limiga bir bemor yaqinimni olib bordim.

Malakali shifokor Odil aka bizga Respublika teri-tanosil klinik kasalxonasining davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor muovini Oybek Ibragimovning oldiga borishni maslahat berdi.

Shu asnoda Oybek aka bilan uchrashdik. Shifokor qabuliga kirgach, uning nihoyatda samimiy, ochiqko‘ngil va kamtar inson ekanligiga amin bo‘ldim. Shundan keyin yaqinim uning tavsiyalari bilan dardiga shifo topib, ko‘rmaganday bo‘lib ketdi. Ushbu voqea sabab bo‘ldi-yu, bu qo‘li yengil shifokor haqida maqola yozishni niyat qildim.

Ma’lum bo‘lishicha, Oybek aka bolaligidan bobosi Qudrat ota qo‘lida tarbiya topgan. U inson salkam yarim asr o‘rta maktabda yoshlarga ona tili va adabiyoti fanidan saboq bergan. Qudrat otaning yetti nafar farzandi bo‘lib, ularning bari shifokorlik kasbini tanlagan. Qahramonimizning otasi Jo‘ra aka ham uzoq yillar stomatologiya sohasida samarali mehnat qilib, hozirda xususiy klinika rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda.

– Bobom farzandlarini kelajakda yetuk shifokor bo‘lishlarini juda-juda istagan edi, – deydi Oybek Ibragimov. – Farzandlar otaning orzularini ro‘yobga chiqarib, barchasi ana shu sohani tanladilar. Otamga havas qilib, men ham kelajak taqdirimni shifokorlik kasbi bilan bog‘ladim. Bugun qabulimga shifo istagida kelgan bemorlarga qo‘limdan kelgan yordamimni sira ayamayman.

Oybek Ibragimov 1991 yil Toshkent Tibbiyot akademiyasi (avvalgi 1-Toshkent davlat tibbiyot instituti)ga o‘qishga kirdi. Bu qutlug‘ dargohda malakali ustozlar qo‘lida bilim olib, sohaning sir-asrorlarini chuqur egalladi. Yetuk shifokor bo‘lish maqsadida o‘z ustida tinimsiz mehnat qildi, o‘qib-izlandi.

Yosh shifokor ish-faoliyatini boshlagan dastlabki yillari rossiyalik olim A. Rodionov bilan hammualliflikda teri-tanosil xastaliklariga oid qo‘llanma yozdi. Keyinchalik ustozlari R. Kavkayev va L. Lyubon bilan birgalikda teri-tanosil xastaliklarining oldini olish mavzuida olib borgan izlanishlari ham kitob holida chop etildi. Bugun ushbu asarlar sohada yosh shifokorlar uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayni paytda shifokor “Psoriaz, qipiqlanuvchi temiratki kasalliklarini yangi usulda davolash” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini yoqlashga taraddud ko‘rmoqda.

– Shifokorlik kasbini tanlagan inson xato qilishga sira haqqi yo‘q, – deydi Oybek aka. – Gap inson hayoti haqida ketar ekan, o‘z vazifangga doimo mas’uliyat bilan yondoshishing, har qanday holatda ham shifokorlik qasamiga sodiq qolishing zarur. O‘ylashimcha, bu dunyoda odamlarga nafing tegishidan-da ortiqroq baxt yo‘q.

Yana o‘qing:  OYMISIZ Yo QUYOSH?

Shifokordan volidasi haqida so‘raganimizda “Onam yumshoq tabiat, saxovatpesha insonlar. Biror marotaba bo‘lsin farzandlarga qattiq gapirganini eslay olmayman. Doimo bizga “Bolalarim, ilm olinglar. Ilmli insonning lafzi ham, rizqi ham butun bo‘ladi” deydilar.

Oybek akaning so‘zlarini tinglab, undagi samimiylik, insonparvarlik kabi ezgu xislatlar onasidan o‘tganligiga amin bo‘ldim. Kattalarimizning so‘z ham shifo, degan pandlarining ayni haqiqat ekanligini maqolamiz qahramoni bilan muloqot jarayonida yana bir bor anglab yetdim.

 

Oygul RAZZOQOVA,

Jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: