Bola tarbiyasini kimga ishonmoq kerak?
Aksariyat ota-onalar farzandi 2-3 yoshga yetgach, kichkintoyni enaga yoxud MTMga berish haqida bosh qotiradi. Shunday ekan, o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Xo‘sh, farzand kamolini ishonib topshirish uchun yakka bir shaxs afzalmi yoki MTM?
Ona – bola hayotida eng asosiy rol o‘ynovchi inson hisoblanadi. Farzand tug‘ilganidan to 3 yoshgacha bo‘lgan muddat oralig‘ida ona bilan kichkintoy o‘rtasidagi yaqinlik o‘ziga xos tarzda kechadi. Bolakayning fe’l-atvori 1 oyligidan boshlab shakllana boradi, 2-3 yoshida esa xarakter yuqori sur’atlarda rivojlanadi.
Bolaning shakllanishida kattalar, uning yurish-turishi, madaniyati juda katta ta’sir etadi. Albatta, ko‘pchilik ota-onalarda farzand tarbiyasi va uning rivojlanishida turli savollar va qarashlar mavjud. Pedagog va ruhshunoslar ham bu borada yagona xulosaga kela olishmagan.
Birinchi galda ota-onaning farzand tarbiyasidagi asosiy roli uni har tomonlama rivojlantira oladigan (intellektual, jismoniy, ruhiy, ijodiy va madaniy) muhit yaratib berishdan iborat. Bu vaqt, bilim, sabr-toqat talab qiladigan jarayondir. Agar bu borada muammolar tug‘ilsa, mutaxassis bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Biz quyida MTM va enaga tarbiyasi borasida tavsiyalar berib o‘tamiz. Xulosa esa o‘zingizdan.
Bola tarbiyasida MTMning o‘rni
Biz farzandimizni shaxs sifatida shakllanib, jamiyatga chuqur singib ketishini xohlaymiz. Ushbu xususiyatning yuzaga kelishida MTMning o‘rnini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Bu maskanda kamol topayotgan bola tartib-intizomga, mehnatga, kattaga nisbatan hurmat, kichikka esa izzat, birovlarga yordam qo‘lini cho‘zishga o‘rganadi. MTMda kichkintoylar uchun maxsus o‘yinlar mavjud. Ular orqali bola jamiyatda yuz beradigan holatlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rib boradi. Bunday bolalar maktabda ham qiynalmaydi.
Hozirda maktabgacha bo‘lgan tayyorgarlik bolaning aqliy rivojlanishida o‘ziga xos o‘ringa ega. O‘quv tartibi, maktabda qo‘yiladigan talablar, unda yechiladigan test savollariga tayyorlanishda ham MTMning o‘rni o‘zgacha.
Ushbu maskanda tarbiya topayotgan bolada undagi o‘ziga xos qobiliyatlarning namoyon bo‘lishi biroz qiyin kechadi. Buni bartaraf etish uchun kichkintoy uyga kelgach, kattalar u bilan alohida shug‘ullanishi lozim. Bu orqali muammoni hal etish mumkin.
Bola tarbiyasida enaganing o‘rni
Qadimdan yuqori tabaqa vakillari zamonaning eng ziyoli vakiliga o‘z farzandi tarbiyasini ishonib topshirgan. Bunday farzandlar yetuk shaxs bo‘lib kamol topgani haqida ko‘p bora eshitganmiz. Enaga bola hayotida nafaqat pedagog va tarbiyachi, balki birinchi galda do‘st va ustozdir. Uning har tomonlama bilimga ega, bolaning rivojlanishi bilan bog‘liq holatdan boxabar, kichkintoy ruhiyatini yaxshi tushunadigan, u bilan tez til topishib ketadigan, do‘stlasha oladigan, uning qiziqishlari bilan qiziqadigan, iste’dodini rivojlantira oladigan shaxs bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Professional enaga bolani qachon taqdirlash yoki maqtash kerakligini juda yaxshi biladi. U odatda ota-ona tomonidan zimmasiga qo‘yilgan shart va talablar tomon harakat qiladi. Deylik ular tomonidan maktab yoshidagi bolani maktabga tayyorlash kerakligi topshirilsa, u shunga muvofiq harakat qiladi. Enaga kichkintoy bilan turli o‘yinlar o‘ynab, uni o‘qishga bo‘lgan muhabbatini oshiradi. Bu jarayonda bola uni o‘ziga do‘st deb biladi, do‘st bilan o‘ynash esa hech qachon zerikarli bo‘lmagan.
Ammo enaga bilan ulg‘ayayotgan bolalarning o‘ziga xos xususiyatlari namoyon bo‘lishi bilan bir qatorda unda odamovilik holati yuzaga keladi. Chunki, unga butun e’tibor qaratiladi. Natijada kichkintoyda biroz xudbinlik holati kuzatiladi.
Yaqinda bir bolakay darsga kirishni xohlamasligini aytib, onasi bilan tortishib qoldi. Ona farzandini uyga olib ketishga majbur bo‘ldi. Aniqlanishicha, u enaga qo‘lida katta bo‘lgan, shu sabab o‘quvchini bolalarga kirishib ketishi juda qiyin kechmoqda.
“Danagidan mag‘zi shirin”
Ko‘pchilik ota-onalar farzandi bilan shug‘ullanish uchun ularga vaqt yetishmasligini aytishadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ota-ona bilan o‘sayotgan hamda bobo-buvisi bilan ulg‘ayayotgan bola o‘rtasida katta farq mavjud. Odatda kattalar bilan o‘sayotgan kichkintoyning fikrlashi, dunyo qarashi ota-ona bilan rivojlanayotgan boladan ancha ilgarilab ketadi. Xo‘sh, buning sababi nimada?
Xalqimizda “danagidan mag‘zi shirin” degan ajoyib maqol bor. Chindan ham bobo-buvilarimiz nevaralarini o‘z farzandlaridan ham ortiqroq yaxshi ko‘rishini aytishadi. Ularning ko‘p yillik bola tarbiyasi borasida to‘plagan hayotiy tajribalari va donoliklari ularning tarbiyasida muhim o‘ringa ega. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shniga yaqinlashtiradigan, ularga nisbatan mehr uyg‘otadigan ham aynan keksalar sanaladi. Kichkintoyga buvijoni yoki bobosi singari qayg‘uradigan, ular bilan suhbatlashadigan insonlarni topish mushkul. Xuddi ota-ona singari ular ham kichkintoy hayotida juda muhim ahamiyatga ega shaxslar sanaladi.
Psixolog
Matluba TAGAYEVAning
fikrlari asosida
Tamara ShARIPOVA tayyorladi.