Navoiy – qalb ehtiyoji

Inson ma’naviyati bolalikdan berilgan ta’lim-tarbiya, ota-ona nasihatlari, milliy qadriyatlar va ma’naviy merosimiz hisoblangan tariximizning ko‘hna durdonalari yordamida shakllanadi.

Kamolotning bu asoslari So‘z qudrati orqali namoyon bo‘ladi. So‘zning mo‘jiza ekanligi esa nafaqat bir millatga, balki butun dunyo ma’naviyati, madaniyati rivoji yo‘lida qilingan Yaxshilik egasining tarix va kelajak uchun abadiy tirik siymoga aylanganligida o‘z aksini topadi. Ana shunday buyuk siymo, mutafakkir, turkiy so‘z jilvalaridan ma’nolar olamini yarata olgan shoir Alisher Navoiyning hayoti ham, ijodi ham har bir inson uchun namuna, qalbni ezgulik nuri bilan yorituvchi mash’al kabidir.

Shoirning ijodiy merosi va ulardan chiqariladigan hayotiy xulosalar oiladagi, jamiyatdagi hamda dunyodagi zamon tanlamas axloqiy muammolarga yechim bo‘la oladi, ma’naviy ortda qolishga, o‘zlikni yo‘qotishga yo‘l qo‘ymaydi. Shoirning ijodi mavzu jihatdan juda boy, keng ko‘lamlidir. Ayniqsa, “Mahbub ul-qulub”, “Farhod va Shirin”, “Hayrat ul-abror”, “Saddi Iskandariy” kabi asarlari falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy va ma’naviy jihatdan mukammaldir.

Navoiyning har bir so‘zida inson va uning xislatlari qadrlanadi, ezgulik e’zoz topadi, har bir fikri inson komilligi uchun xizmat qiladi. Jumladan, “Mahbub ul-qulub” asarida ezgu amal mohiyati, yaxshilik va yomonlikning, oq-u qoraning doimiy kurashi, iymon mustahkamligi, xalqparvarlik, sabr, qanoat, kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo‘lishlik, ota-ona hamda farzandning burch va mas’uliyatlari o‘zining go‘zal ifodasini topgan:

Qobilga tarbiyat erur ul na’vkim, guhar,

Tushsa najosat ichra yug‘ay kimsa ani pok.

Gar it uzumiga kishi may birla bersa suv,

Bu tarbiya bila qila olg‘aymi ani tok.

Navoiy farzand tarbiyasi mavzusidagi ushbu mo‘jaz she’riy qit’ani nasrda qanday ma’no anglatishini shunday izohlaydi: “Qobilni tarbiya qilmaslik zulmdir, noqobilni tarbiya qilishlik esa hayf. Qobilga tarbiya qilishni zoye qilma, noqobilga esa tarbiyangni”.

Darhaqiqat, insonning boshqalarga yaxshilik ulashishi oiladan – o‘z farzandini munosib tarbiyalashdan boshlanadi. Bu esa, avvalo, ota-onaning farzandga, keyin atrofdagilarga, jamiyatga qilayotgan yaxshiligining debochasidir. Xalqimizda “Bola boshdan” degan hikmatga tayanib, uni qanday tarbiya qilish lozimligini anglaymiz. Chunki, farzandning fazilatu illatlari, xislatu nuqsonlari faqat o‘ziga va ota-onasiga ayondir. Agar ushbu misralarni kengroq mushohada qilsak, qobil va noqobil farzandning tarbiyasiga e’tibor berish faqat ota-onaning emas, balki atrofdagilar – qo‘ni qo‘shni, mahalla, ta’lim-tarbiya jonkuyarlarining zimmasidagi mas’uliyatlardan biri ekanligini anglaymiz. Shu o‘rinda mutafakkirning kelajak avlod uchun oiladan boshlab to‘g‘ri ma’naviy muhitni yaratish, yoshlarning har tomonlama yetukligi yo‘lida barchani birdek safarbarlikka undashi Navoiyning nafaqat chin insoniy fazilatlarini namoyon etadi, balki millat oldidagi burchini qanchalik yuksak darajada bajarganligini isbotlaydi.

Yana o‘qing:  Taekvondochilarimizdan 28 ta medal

Insonni ma’naviy kamolotga da’vat etuvchi tuyg‘ular – hamjihatlik, tinchlik va osoyishtalik, bunyodkorlik, vatanparvarlik, halollik singari ezgu g‘oyalarni kuylagan shoir asarlarining ahamiyati hali yana necha-necha asarlar inson kamoloti va baxt-saodati yo‘lida xizmat qilaveradi.

Bu esa uning nafaqat shoir sifatida, balki davlat va jamoat arbobi sifatida yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida ibratli va e’tirofga loyiq ishlar qilgan bo‘lib, u insonni ulug‘laydi, yoshlarni komil shaxs bo‘lib voyaga yetishga undaydi. Ayni paytda har bir kishi ezgu nom qoldirishi, umrini yaxshiliklar qilish bilan bezashi muhimligini uqtiradi.

Shoirning qaysi bir asarini olmaylik, xoh u g‘azal yo doston bo‘lsin, ularning bari biz yoshlarni mudom yaxshilik, ezgulik, bunyodkorlik, vatanparvarlikka chorlaydi.

Ulug‘ shoir:

Odami ersang, demagil odami,

Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami, –

deb yozadi. O‘zining hayoti uchun ham, ijodi uchun ham bu da’vatni shior sifatida qabul qildi. Davrimizning bugungi shiorlaridan biri esa “Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun!” deb nomlangan. Chinakam inson uchun kishilikni ulug‘lash, uning baxtli bo‘lishi lozimligini e’tirof etish hali oz. Bu baxt uchun kurashmoq ham zarur. Navoiy bu yo‘lda ham buyuk jasorat ko‘rsatdi. Insonparvarlikni har qanday muqaddas narsadan muqaddasroq bildi. Uni islom olamining eng muqaddas, mo‘tabar dargohi Ka’bani obod qilish bilan teng tutdi. Shoir yozadi:

Chinakam inson uchun kishilikni ulug‘lash, uning baxtli bo‘lishi lozimligini e’tirof etish hali oz. Bu baxt uchun kurashmoq ham zarur. Navoiy bu yo‘lda ham buyuk jasorat ko‘rsatdi. Insonparvarlikni har qanday muqaddas narsadan muqaddasroq bildi. Uni islom olamining eng muqaddas, mo‘tabar dargohi Ka’bani obod qilish bilan teng tutdi. Shoir yozadi:

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin

shod aylagay,

Oncha borki, Ka’ba vayron bo‘lsa,

obod aylagay.

Bir ko‘ngli siniq kishining ko‘nglini ko‘tarish, shod etish shu qadar ulug‘ ishki, bu vayron bo‘lgan Ka’bani obod qilgan darajadadir. Odamning ko‘ngli Ka’baga qiyoslanayapti. Ko‘ngil siniqligi Ka’ba vayronligiga o‘xshatilayapti. Mehr-muruvvatning bunday timsoli, o‘ylaymanki, har qanday kishini larzaga soladi. U elning nafini hamisha o‘zligidan ustun qo‘ydi. Uni hamisha eng yuksak mezon deb bildi.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

Amin bo‘lamizki, Alisher Navoiy nomining boqiyligi, siymosining abadiyligi, avvalo, buyuk bobokalonimizning haqiqiy inson, betakror odamiylik sohibi ekanligidan dalolatdir. Qalbida iymoni but, niyatida yaxshilik, siyratida xalqparvarlik balqib turgan bu aziz zotning qiyosi va naziri yo‘q merosini asrab-avaylamoq, uni chuqur o‘rganmoq va yoshlarga o‘rgatmoq nafaqat ona Vatan oldidagi mas’uliyatli burchimiz, balki yaxshilikka yaxshilik bilan qaytargan javobimiz bo‘ladi.

 

Munosib javob

Navoiy o‘zining eng yaqin shogirdlari qurshovida qandaydir yig‘indan qaytib kelayotgan payt Husayn Boyqaro saroyining g‘alamis a’yonlaridan biriga ro‘para kelibdi. Navoiy hamrohlaridan ajralib chiqib, unga ta’zim qilibdi. Shogirdlaridan biri ajablanib:

– Axir, bu odam sizning dushmaningiz ediku, hazratim? – deb so‘rabdi.

– To‘g‘ri, biroq mana shunday dushmanlarim bo‘lmaganida edi, men sizlardek do‘stlarni topolmagan bo‘lardim, – debdi dono ustoz.

 

Alisher Navoiy hikmatlari

O‘z vujudingga tafakkur aylagil,

Har ne istarsen, o‘zungdin istagil.

* * *

Naf’inga gar xalqqa beshak durur,

Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prak durur.

* * *

Bordur inson zotida oncha sharaf, –

Kim yamon axloqin etsa bartaraf.

* * *

Ko‘p demak birla bo‘lmag‘il nodon,

Ko‘p yemak birla bo‘lmag‘il hayvon.

* * *

Ilmni kim vositayi joh etar,

O‘ziniyu xalqni gumroh etar.

* * *

Kimki jahon ahlida inson erur,

Bilki, nishona anga iymon erur.

* * *

Befoyda so‘zni ko‘p aytma va

foydalig‘ so‘zni eshiturdin qaytma.

 

Saodat BOYMIRZAYEVA,

filologiya fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: