Panda bambuk yeydimi?

Panda – Xitoyning Sichuan provinsiyasi va Tibetda yashovchi antiqa va noyob jonivor hisoblanadi. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, panda Xitoyning milliy ramzi va faxri sifatida ulug‘lanadi.

Olimlar ushbu jonivorni katta va kichik panda turlariga ajratishadi. Katta pandaning bo‘yi 1,2 metrdan 1,8 metrgacha, vazni esa 17 kilogrammdan 160 kilogrammgacha yetadi. Uning oyoqlari, qulog‘i, ko‘zining atrofi qora, gavdasi oq rangda bo‘ladi. Kichik (qizil) panda esa qizg‘ish qo‘ng‘ir, tumshug‘i, lunji va quloqlari oq yoki oqish rangli, nomiga mos ravishda bo‘yi 51-64 santimetr, og‘irligi esa 3,7-6,2 kilogramm atrofida bo‘ladi.

Yaqin vaqtlargacha tabiatshunos olimlar pandani hayvonlarning qaysi oilasiga kiritish borasida bahs va tadqiqotlar olib borishgan. Bu bejiz emas, chunki ushbu antiqa jonivor tashqi ko‘rinishidan ham suvsarga, ham ayiqqa o‘xshab ketadi. Shu o‘rinda, beixtiyor yodimizga bolalarning sevimli “Kunfu panda” multseriali qahramoni Poning “Men kimman o‘zi?” degan savoli yodga tushadi. Genetik tadqiqotlar o‘tkazilgandan keyin katta panda ayiqsimonlar, kichik panda esa suvsarsimonlar oilasiga mansub, degan xulosaga kelindi.

Panda “Qizil kitob”ga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Bu jonivorni ovlash va o‘ldirish Xitoyda og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritilgan bo‘lib, aybdorga xatto o‘lim jazosi tayinlanishi ham mumkin.

Qadim zamonlardan boshlab to XX asrning 70-yillariga qadar davlatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi munosabati bilan hurmat ramzi sifatida Xitoy tomoni o‘z hamkorlariga panda sovg‘a qilgan. Bugungi kunda bunday sovg‘alar berilmaydi. Ammo o‘z hududidagi hayvonot bog‘ida panda bo‘lishini istagan davlat uni 10 yilga ijaraga olishi mumkin. Ijara puli ham oz emas, yiliga 1 million dollarni tashkil etadi. Yana bir sharti, agar ijaraga olingan panda bolalasa, uning bolasi ham Xitoyning mulki hisoblanadi. Shu o‘oinda aytib o‘tish kerakka, urg‘ochi pandaning homiladorligi 95-160 kun davom etib, 1-2 ta bola tug‘adi.

Panda yirtqich hayvon bo‘lib, hamma narsani yeyaveradi. Jumladan, ular qushlarni va ularning tuxumlarini ham yeyishi mumkin, ammo eng sevimli ozuqa baribir bambuk bo‘lib qolaveradi.

Terisining o‘ziga xos rangidan tashqari pandaning o‘ziga xos jihatlari sirasiga old oyoqlari panjasida oltita barmoq mavjudligini hamda 12 santimetrgacha teadigan dumi borligini kiritish mumkin. Aynan ana shu barmoqlar uning bambukka osongina tirmashib chiqishi va barglarini uzib yeyishida yordam beradi. Katta yoshli panda bir kunda 30 kilogrammgacha bambuk va uning novdalarini yeydi. Uning qizilo‘ngach va oshqozoni qalin shilliq to‘qima bilan qoplangan. Bu – bambuk payraxalari tirnab yubormasligi uchun tabiatning o‘ziga xom himoyasi. Hayvonot bog‘larida esa pandalarga berish uchun maydalangan bampuk poyalarini presslab maxsus “pechenye”lar tayyorlanadi. Ozuqa pandalar uchun zarur oqsil manbasi hisoblanadi. Mabodo biror sabab bilan ular yashaydigan hududda bambuklar qurib qolsa, pandalar ochdan o‘lishi mumkin. 1975 va 1983 yillarda ana shunday holat kuzatilgan. Panda issiqqa bir qadar chidamsiz bo‘ladi. Shu bois yozda ular salqin joylarni izlab tog‘larda 4000 metr balandlikkacha chiqib ketishadi.

Yana o‘qing:  Tustovuq makkajo‘xorini hasharotlardan himoyalaydi

Xitoy aholisi pandalarni juda ham yaxshi ko‘radi. Ular ushbu jonivor faqat o‘zlarining mamlakatlarida yashashidan faxrlanishadi, tirik pandalarni ko‘rsatish uchun farzandlarini tez-tez hayvonot bog‘lariga olib borib turishadi. Panda tasviridan firma razmi sifatida, kiyim-bosh, poyafzal dizaynida, shuningdek mashinalarni tyuning qilishda keng foydalaniladi.

Xitoyliklarda panda bilan bog‘liq hazillar ham yo‘q emas. Masalan, biror kasalga chalinib, ko‘zlarining osti qorayib qolgan odamni ko‘rishsa, hazillashib “pandaga o‘xshab qolibsanku” deb qo‘yishadi.

 

Nargis QOSIMOVA tayyorladi.

ekolog.uz

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: