BEG‘ARAZ KO‘MAKKA HAMISHA ShAY

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan besh bosqichli siyosatning asosiy bo‘g‘inlaridan biri hisoblangan ijtimoiy himoya masalasi bugun yurtdoshlarimiz o‘rtasida Prezidentimizning “Savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kuni qilish kerak” degan iborasi bilan uyg‘un holda olib borilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘plab davlat va nodavlat tashkilotlari ushbu sohada faoliyat yuritishmoqda. Ana shunday tashkilotlar ichida Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi alohida o‘ringa ega. O‘zining 20 yillik bayramini nishonlash arafasida turgan mazkur jamg‘arma mamlakatimizda ko‘pchilik uchun tanish bo‘lib ulgurgan.

Jamg‘arma 1993 yilning 23 aprel kuni tashkil etilgan bo‘lib o‘tgan 20 yil davomida ko‘plab ibratli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi aholiga tibbiy ko‘mak ko‘rsatish, dunyoning qator rivojlangan davlatlari tibbiy-ijtimoiy tashkilotlari bilan hamkorlik olib borish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilish, “Mehribonlik” uylari, maxsus bolalar muassasalari va kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga muruvvat yordamlarini ko‘rsatish, yoshlar o‘rtasida sport hamda o‘quv-sog‘­lomlashtirish ishlarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini olib boradi. Jamg‘arma Koreya, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Turkiya va Misr Arab Respublikasi kabi dunyoning qator rivojlangan davlatlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari natijasida mamlakatimizdagi ko‘plab bemor bolalarga beminnat yordam ko‘rsatib kelmoqda. Birgina Koreya Respublikasi bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari natijasida 2008-2012 yillar mobaynida ko‘plab muruvvat yordamlari bilan bir qatorda, 7000 nafarga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bundan tash­qari “Tug‘ma yurak nuqsoni” tashxisi bilan 65 nafar bemor bolalar Koreya Respublikasi klinikalarida jarrohlik yo‘li bilan davolandi. “KOFIH” Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi, Koreyaning In Xa universiteti gospitali, “JCI Korea” xalqaro yoshlar tashkiloti, “Save The Children Korea” xalqaro tashkiloti, Seul milliy universiteti gospitali hamda “Cha” universiteti qoshidagi “Pundan Cha” gospitali bilan amalga oshirilgan hamkorlik ishlari natijasida ko‘plab bemor bolalar davolanishga muyassar bo‘lishdi.

Bundan tashqari Germaniyaning “Fridenzdorf Interneyshnl” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda 2002-2012 yillar mobaynida yuz-jag‘ sohasida tug‘ma nuqsonlari mavjud 206 nafar bemor bolalar Germaniyaning nufuzli kasalxonalarida davolanish uchun jo‘natildi. Shu bilan birga 3300 nafardan ziyod bolalar Toshkent Tibbiyot Akademiyasi, Buxoro va Andijon viloyatlari klinikalarida davolandilar.

Yana o‘qing:  YOSH QILICHBOZLAR MUSOBAQASI

Shu bilan birga, jamg‘arma o‘z tibbiy dasturlarini ishlab chiqib unga ko‘ra “Ona va bola” skriningi, bolalar tibbiyot muassasalari va tug‘ruq muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalarini tashkil qilish, bolalar va fertil yoshidagi ayollarni sog‘lomlashtirish hamda respublikamizning ekologik jihatdan noqulay hududlariga “Salomatlik” poyezd­lari orqali ko‘mak berish vazifalarini amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘tgan yillar mobaynida “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Navoiy, Qashqadaryo, Xorazm va respublikaning boshqa ekologik noqulay hududlariga jami 19ta “Salomatlik” poyezdlari jo‘natildi. Ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizning ekologik noqulay hududlarida istiqomat qiluvchi aholi sog‘ligini muhofaza qilish, aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish hamda uning tibbiy savodxonligini oshirish, shuningdek, keng jamoatchilikni xayriya ishlariga jalb etishdir. “Salomatlik” poyezdi tashkil etilgan 2000 yildan bugungi kunga qadar aholiga 4 million 681 ming AQSH dollari va 562 million so‘mdan ziyod muruvvat yordami ko‘rsatildi. 62 ming 248 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, nogironlarga manzilli muruvvat yordamlari yetkazib berildi.

Jamg‘armaning madaniy-ma’rifiy dasturlari doirasida yurtimizdagi oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim maskanlari bilan hamkorlikda maktab, kollej va universitetlarda tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy hamda sog‘lomlashtirish tadbirlari va sport musobaqalari farzandlarimizning ham ma’nan ham jismonan sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishlarida yordam bermoqda. Jumladan, umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “San’at g‘unchalari”, “Navro‘z sadolari” va “Yer kurrasida tinchlik” an’anaviy rasmlar ko‘rik-tanlovi mamlakatimizdagi yoshlarning iste’dodlarini yuzaga chiqarishda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilib kelinayotgan “San’at g‘unchalari” ko‘rik-tanlovi yosh musiqachilarimizga yaratilgan juda katta imkoniyatlardan biri bo‘ldi. Mazkur ko‘rik-tanlov g‘oliblari xalqaro ko‘rik-tanlovlarda ham ishtirok etib, chet ellik muxlisu mutaxassislarga O‘zbekiston tom ma’noda iste’dodlar makoni ekanini yana bir karra namoyish etishmoqda. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil qilib kelinayotgan sport musobaqalari ham bolajonlarning jismoniy jihatdan chiniqishlariga yordam bermoqda.

Sport – salomatlik garovi. Yurtimizda bolalar va o‘smirlar sporti rivojiga alohida ahamiyat berib kelinmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi bolalar sportini rivojlantirish, o‘smirlarni sportga ko‘proq jalb qilish hamda hukumat qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi bilan xamkorlikda o‘smir qizlar o‘rtasida “Nafosat olami” shiori ostida “Sog‘lom avlod uchun” kubogi uchun respublika sport festivali musobaqalarini tashkil qildi.

Yana o‘qing:  Bolalar kutubxonasi chorlaydi

Sport festivali doirasida suzish, sinxron suzish, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, sport raqsi musobaqalarida har bir jamoa tarkibida 16-20 nafardan ishtirokchi qatnashdi. Festivalda jami 300 nafardan 1997-2002 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va 1999-2004 yillarda tug‘ilgan qizlar o‘z toifalarida kurash olib borishdi.

Sport festivalini o‘tkazishdan asosiy maqsad sportchi qizlar o‘rtasida sportning ushbu turlarini muntazam tashkil etish orqali sport bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va foydali o‘tkazishlarini tashkil etishdan iborat. Bundan tashqari stol tennisi musobaqalari ham bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bilan bir qatorda ularning jismoniy jihatdan yaxshi holatda bo‘lishlarini ta’minlaydi.

Ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan va muruvvatga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash xalqimizga xos azaliy odatlardan biridir. Ana shu odatni o‘zlariga das­turulamal sifatida belgilab faoliyat olib borayotgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi mana 20 yildirki ushbu ezgu yo‘nalishda tolmay beminnat xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Asosiy maqsadi insonlarga beg‘araz ko‘mak berish bo‘lgan “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi xodimlariga ezgu ishlaringiz bardavom bo‘lsin deymiz.

Farhod TOLIPOV,

“Sog`lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: