Xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida “Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq” ichimlik suvi tarmoqlari qurilishi boshlanishi bilan tanishdi.
101 kilometrlik ushbu yirik suv tarmog‘i ishga tushirilgach, bir kecha-kunduzda 7 ming kub metr suv uzatish va 25 mingdan ziyod aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Prezidentimiz yurtimizning chekka hududlaridan bo‘lgan Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini yuksaltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning qariyb yarmi, hududiy eksportning 75 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Ish bilan band aholining 75 foizi aynan shu sohada mehnat qilayotir.
Bu boradagi ishlar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida yanada jadal davom ettirilmoqda.
“O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati va “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamkorligida amalga oshirilgan loyihalarga ko‘ra, Mo‘ynoq tumanida 260 ga yaqin xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.
Birinchi loyiha asosida tuman markazida “Gold Muynak masters” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishga tushirildi. Avtoyopqichlar, paxta yig‘im-terimida foydalaniladigan etak, turli xalq iste’moli mollari, sanoat korxonalari uchun korjomalar tayyorlashga mo‘ljallangan ushbu korxonaga Xitoydan 99 zamonaviy “JUITA” tikuv mashinasi keltirib o‘rnatildi.
Korxonaning ochilish marosimida davlat va nodavlat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Davlatimiz rahbarining xalq bilan muloqot qilish, ularning xohish-istaklarini o‘rganish, muammolarini hal etish borasida ko‘rsatayotgan tashabbuslari biz, mo‘ynoqliklarni behad quvontirmoqda, – deydi “Gold Muynak masters” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jamila Qarliboyeva. – Korxonamiz buyurtma asosida mahsulot ishlab chiqaradi. Loyihaga ko‘ra, uyda o‘tirgan 50 dan ortiq xotin-qizga zamonaviy tikuv mashinalari bepul berildi. Tuzilgan shartnoma asosida ular oilasi, ro‘zg‘oridan uzilmagan holda uyida buyurtma bajaradi. Kasanachilarning har biriga mehnat daftarchasi, davlat soliq qo‘mitasida ro‘yxatga olinganligi haqida soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, Xalq banki tomonidan pensiya jamg‘armasi daftarchasi topshirildi.
Korxonada mehnat qilayotgan 160 ga yaqin tikuvchining aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlardir.
– Toshkent viloyatining Ohangaron shahridan Mo‘ynoq tumaniga kelin bo‘lib tushganman, – deydi Gulnoz Abisheva. – Maishiy xizmat kasb-hunar kollejida tikuvchilik bo‘yicha o‘qiganman. Uch yildan buyon uyda ishsiz o‘tirgan edim. Zamonaviy sanoat korxonasi bunyod etilib, tengdoshlarim qatori men ham o‘z kasbim bo‘yicha ishga joylashdim.
Korxona yiliga 4,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Loyihaning ikkinchi qismiga ko‘ra, tuman markazidan 18 kilometr uzoqda joylashgan “Uchsoy” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi yuz nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Ularning har biriga “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan Yaponiyada ishlab chiqarilgan, bir paytda 12 jarayonni bajarish imkoniyatiga ega “JANOME” zamonaviy tikuv mashinasi topshirilib, 401,7 million so‘mlik gazlama etkazib berildi.
– Ovulda ish bilan ta’minlangan ayollarning huquqiy manfaatlari va mehnat sharoitlari prokuratura idoralari tomonidan doimiy nazoratda bo‘ladi, – deydi tuman prokurori Jengis Yermashev. – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi mutaxassislari tomonidan tikuvchilarga mahorat darslari o‘tildi, texnika xavfsizligini ta’minlash choralari belgilandi.
Tumanda amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, eng muhimi, ularda ertangi kunga ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Yerniyazov so‘zga chiqdi.
A.ORTIQBOYEV,
O‘zA muxbiri