Uch kilogrammlik limon
yoxud limonchilik sohasidagi izlanishlar o‘z samarasini bermoqda
O‘zbekistonlik birinchi kosmonavt Vladimir Jonibekov koinotda barcha ekipaj a’zolari vaznsizlik holatiga o‘tish jarayonini osonlik bilan yengib o‘tishida shifobaxsh Toshkent limonlari foyda berganini ta’kidlagani, shisha idishchada “uchayotgan” limon novdasi va parchalari namoyish qilingan videolavha o‘z davrida ko‘plab yurtdoshlarimizning hayratiga sazovor bo‘lgandi.
Fazogirlar uzoq koinot safaridan qaytgach, limonni qalamcha usulida fazoviy sharoitda o‘stirish mumkinligini isbotlash borasida izlanishlar olib borayotgan o‘zbek olimi, yurtimizda sitrus mevalar yetishtirish asoschisi Zayniddin Faxriddinov ildiz otib, bo‘yi ancha cho‘zilgan limon qalamchasini qo‘liga olganida ko‘zlariga quvonch yoshlari kelgan…
– O‘zbekistonda limon yetishtirishning iloji yo‘q, degan fikrlarni 1967 yilda otam yaratgan limonning “Toshkent” navi chippakka chiqardi, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Muhammadaziz Faxriddinov. – Uning vazni 450 gramm bo‘lib, tarkibida limon kislotasi to‘rt foizdan oshgan. Fazo sharoitida sinovdan o‘tgan ham aynan ana shu limon navi edi. Oradan uch yil o‘tib, limonning chatishtirilgan “Yubileyniy” gibridi yaratildi. Buni qarangki, undan yiliga to‘rt marta hosil olish mumkin. Qalin po‘sti tarkibida kislota miqdori 12 foiz bo‘lib, efir moyiga boyligi bilan oddiy limondan uch baravar ko‘p yuqori ko‘rsatkichga ega.
Hozirgi kunga kelib, o‘zbek seleksioner olimi yaratgan limonning o‘nga yaqin turi, apelsinning “O‘zbekiston”, mandarinning “Toshkent” navlari nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham yetishtirilmoqda. Masalan, Ufada 2 gektar maydonda F-1 “Toshkent” va F-2 “Yubileyniy” navlaridan barpo etilgan limonzorlardan mo‘l hosil olinmoqda. Ko‘chatlari ko‘paytirilib, aholiga yetkazib berilmoqda.
Sitrus mevalarning po‘stida yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining oldini oluvchi va davolovchi shifobaxsh moddalar mavjud. Ularda yuqumli jarohat va yaralarni davolashda qo‘llaniladigan fitonsidlar, biologik faol moddalar, shuningdek, inson qon tomirini mustahkamlovchi gesperindin ko‘p uchraydi. Yaponiyada sitrus mevalari sharbatining inson organizmiga ta’sirini o‘rganuvchi markazda limon sharbati odam organizmidagi rak hujayrasini o‘simtaga aylantiradigan zaharli moddalarni bartaraf etib, og‘ir xastalikning oldini olishi aniqlangan. Limon sharbati qovoq sharbati bilan ichilsa, qandli diabet kasalligini yengillatishi ham kuzatilmoqda.
“Bizdagidek serquyosh o‘lka yetti iqlimda bo‘lmasa-yu, limonni qachongacha plyonka ostida o‘stiramiz”, deya kuyungan seleksioner olim limonni sovuqqa chidamli o‘ttizdan ortiq meva ko‘chatlariga, hatto g‘o‘za, qora murch kabi o‘simliklarga ham payvandlab, chatishtirib sinovdan o‘tkazdi. Ammo…
Olimning sovuqqa chidamli, ertapishar limon yetishtirish borasidagi orzusini o‘g‘li Muhammadaziz amalga oshirdi. Yaqinda olimning issiqxonasida bo‘lib, g‘aroyib tajribani kuzatdik. Limonlar naq kosadek keladi. Mevalarining rangi va shakli deyarli bir xil. Hajmi taxminan uch kilogramm keladi.
– Markazimiz ilmiy jamoasi yaratgan “o‘zxitan” preparati bu borada qo‘l keldi, – deydi M. Faxriddinov. – Yashil qalamchalardan ko‘chat tayyorlashda unga shu modda bilan ishlov berildi. Ko‘chatda tashqi ta’sirlarga, turli kasalliklarga qarshi immunitet paydo bo‘ldi. Ildiz chiqishi uchun avvallari 60 kun talab etilgan bo‘lsa, endi u teng baravarga qisqardi. Mazkur ko‘chatlar ikki yil issiqxona sharoitida yetilgach, ochiq maydonda ekildi. Uch yil ehtiyotlab parvarish qilinsa, ko‘chatning quvvati oshgani sayin uning tashqi ta’sirga chidamliligi oshib boradi. Ayni vaqtda mazkur ko‘chatlar 10 darajagacha bo‘lgan sovuqqa dosh bermoqda.
Mustaqilligimizning ilk yillarida Shveysariyaga O‘zbekistonda yaratilgan va yetishtirilgan limon tonnalab eksport qilingani haqidagi so‘zlarga kimdir ishonsa, kimdir ishonmaydi… Yillar o‘tib, yurtimizda sitrus mevalarni ko‘paytirish hamda qayta ishlash borasidagi ulkan yutuqlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Xiva va Bog‘ot tumanlaridagi xonadonlarda bo‘lib limon, yong‘oq, anor, bodring kabi serdaromad ekinlar ekish zarurligini qayd etishi ana shu e’tiborning yorqin isbotidir.
– O‘zbekiston tuprog‘i unumdor, – deydi Muhammadaziz aka. – Har bir qarich yerdan ham unumli foydalanib, yaxshi hosil olish mumkin. Hozir Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Buxoro viloyatlaridagi fermer va shaxsiy tomorqa egalariga limon ko‘chatlari yetkazib berayotirmiz. Ayniqsa, Toshkent viloyatida “Toshkent” mahalliy naviga talab yuqori. Qibray tumanining Chingeldi qishlog‘ida limonning har tupidan 200 kilogramm hosil olinmoqda. Mulkdorlar har yili xorijga katta miqdorda limon eksport qilmoqda.
Limonlar qayta ishlash sanoati uchun qulay va vitaminlarga boy. Dunyoda sitrus ekinlarining o‘ttizdan ziyod turi bo‘lsa-da, ularning taxminan o‘ndan ortig‘i sanoat ahamiyatiga ega. Endilikda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida sitrus mevalari qayta ishlash sanoatining asosiy xomashyosiga aylandi. Uning mevalaridan sifatli konservalangan sharbatlar, murabbo, qiyom, marmelad va salqin hamda shifobaxsh ichimliklar tayyorlash uchun qo‘shimchalar ishlab chiqarilmoqda. Olimlarning e’tirof etishicha, boshqa meva va sabzavotlardan farqli ravishda sitrus mevalar tarkibidagi S vitamini hatto yuqori haroratlarda konservalanganda ham o‘zining sifatini deyarli yo‘qotmaydi.
Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan “Nuriddin agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati sitrus o‘simliklarni ko‘paytirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan. Bu yerda barpo etilgan besh gektardagi ko‘chatzorda limonning sanoatbop navlaridan ko‘chatlar yetishtirilib, aholiga va fermerlarga yetkazilmoqda, fermer va bog‘bonlarga ilmiy maslahatlar berilmoqda. Yosh ko‘chatlar nazorat qilinib, ilg‘or tajribalar o‘rgatilmoqda.
– Kuni kecha Sirdaryo viloyatiga 100 ming dona limon ko‘chati yetkazib berish borasida shartnoma tuzdik, – deydi Toshkent davlat agrar universitetining mevachilik va uzumchilik kafedrasi dotsenti, “Nuriddin agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nuriddin Faxriddinov. – Ilmiy ishimning mavzusi sitrus mevalarni yetishtirish va ko‘paytirishga qaratilgan. Hozir O‘zbekiston sharoitida limonni intensiv usulda yetishtirishni takomillashtirish borasidagi tadqiqotlarimiz davom etmoqda.
Mutaxassislarning ma’lum qilishlaricha, uy sharoitida limon, xususan, “Toshkent” navi tuvakda yetishtirish uchun juda qulay. Uning ildizlari oziqlanish maydoni kichik bo‘lib, besh yilgacha kichik tuvakda o‘sib, yiliga 120-150 dona hosil berishi mumkin. Bu nav kasalliklarga chidamli, nam va yorug‘likni yoqtiradi. Shu bois barglarini doim namlab, suv purkab turish kerak.
– Limon ko‘chatini turgan joyidan qimirlatib, aylantiravermaslik kerak, – deydi N. Faxriddinov. – Ular havo haroratining keskin o‘zgarishiga bardosh bera olmaydi. Yorug‘likni yoqtirsa-da, quyosh nurining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Pech, issiqlik batareyalari bor xonalarga ularning namligini orttirish uchun idishlarga suv solib qo‘ygan ma’qul. Agarda ularga noto‘g‘ri munosabatda bo‘linsa, qishda gullaydi-yu, meva tugmaydi. Meva olish uchun limon gulini sun’iy ravishda changlantirish kerak. Ular xona va hovlilarga ko‘rk beribgina qolmasdan, havoni tozalovchi muhim vosita hamdir. Nafis gullari asabni tinchlantirish, ko‘ngil aynishining oldini olish bilan birga inson kayfiyatini ko‘taradi.
…Yillar o‘tib, bir paytlar o‘zbek limonzorlarini ko‘rib hayratlangan kosmonavt V. Grechkoning ham quyidagi tilaklari ijobat bo‘lar: “Limon – hayot ne’mati. Ular bolalarga, bemorlarga, uzoq muddat kosmosda bo‘lgan kosmanavtlarga juda kerak. Ishonchim komilki, bu qutlug‘ zaminda yetishtirilgan limonlar kosmosda ham hosil berajak…”
Sayyora ShOYEVA,
O‘zA muxbiri