Cho‘girma haqida nima bilamiz?

Xorazm vohasining betakror Xiva shahridagi Ichanqal’a muzeyiga tashrif buyurasangiz, go‘yo o‘zingizni ertaklar olamiga tushib qolgandek sezasiz. San’at darajasiga ko‘tarilgan turli xildagi hunarmandchilik buyumlarini ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi.

Oilaviy tadbirkor Shokir aka Abdullayev tomonidan tayyorlangan cho‘girmalar rastasi ham har doimgidek xaridorlar bilan gavjum. Mahalliy va chet ellik sayyohlar do‘kondagi bosh kiyimlardan o‘zlariga manzur kelganini xarid qilishadi. Bu esdalik ularga bir umr Xiva xotiralari, shuningdek, mohir va izlanuvchan hunarmandni yodga solib tursa, ajab emas.

Shokir aka hunarmandlar sulolasining yettinchi avlodi. Sulolaga tamal toshini Aminboy bobo qo‘ygan. Keyingi avlod vakillari, jumladan, Shokir akaga ham kasbga bo‘lgan hurmat va sadoqat ajdodlardan meros sifatida o‘tgan, desak yanglishmaymiz. Zero, uning o‘z ishiga ixlosi baland. Uch o‘g‘li – Aminboy, Muhammadjon va Feruzbeklarni ham shu kasbga yo‘naltirgan. Ro‘zg‘orining kam-ko‘stini ham ana shu hunar orqali to‘ldirib kelayapti. Qolaversa, Shokir aka vohada shaxsiy fermer xo‘jaligini ham tashkil qilgan. U cho‘girma tayyorlashda asosiy xomashyo sanalgan qo‘zi terisini bevosita shaxsiy xo‘jaligida yetishtiradi.

– Hunar insonning mehr-muhabbati bilan barkamol bo‘ladi. Kishining kasbiga ixlosi bo‘lmasa, ishida unum ham bo‘lmaydi, – deydi Shokir aka. – O‘zbeklarda qadimdan bosh kiyim davlat, g‘urur, iftixor ramzi sanalgan. “Oyog‘ingda maxsing bo‘lmasa ham boshingda cho‘girmang bo‘lsin”, deydi nuroniylarimiz. Bu er kishining bosh kiyimi nechog‘lik qadrli ekanidan darak beradi.

Darhaqiqat, o‘tmishga nazar solar ekansiz, XX asr boshlarida Xorazm aholisi o‘rtasida boshyalang yurish odobdan hisoblanmagan. Ma’lumotlarga qaraganda, qariyalar hatto kechasi uxlagani yotganlarida ham yumshoq chitdan, ichiga paxta solib, astar qilingan konussimon bosh kiyim – to‘ppi (shabpo‘sh) kiyib yotganlar. Cho‘girma boshqa birovniki bilan almashtirilmagan yoki o‘zgaga berib turilmagan. Otaning bosh kiyimi faqat uning o‘g‘liga meros qoldirilgan. Ota yuzini yerga qaratgan farzand cho‘girmadan mahrum bo‘lgan. Xorazm vohasida cho‘girma bilan bog‘liq yana bir udum saqlanganki, qiz bolaning bo‘y yetganligini bilish uchun uni otasining cho‘girmasi bilan asta urib ko‘rishgan. Agar qiz yiqilib tushmasa, uni turmushga uzatishgan. Ilgari safarga chiqilsa, ot egarining ustiga qo‘yib, undan yostiq sifatida foydalanishgan. Uyqudan uyg‘onib, bir-ikki silkitilsa, cho‘girma yana asl holiga kelgan.

Yana o‘qing:  Izlanishlar samarasi – muvaffaqiyat

 

Shuningdek, cho‘girma voha aholisining etnik xususiyatlarini yanada yaqqolroq namoyon etadigan bosh kiyimdir. U uch xil – “to‘galak cho‘girma”, “sherozi” va “silkima” cho‘girmalardir.

 

Ustki qismi teri yoki qalin matodan tekis qilib tikilib, atrofiga bosma shaklda qorako‘l yopishtirilgan to‘galak cho‘girma vohada XIX asrdan beri kiyilib kelingan. Uni avvallari faqat hukmdorlar, keyinchalik esa aholining barcha tabaqa vakillari kiygan. Kalta junli Hazorasp uslubida tikilgani esa sherozi cho‘girma deb atalgan. U yangi tug‘ilgan qo‘zichoqning terisidan tikilgan. Ushbu bosh kiyimning ko‘rinishi ixcham bo‘lib, hozirgi telpaklardan birozgina farq qilgan. Uchinchisi aholining quyi tabaqasi hamda vohada yashovchi turkmanlar kiygan uzun junli silkima cho‘girmadir. U qo‘yning uzun junidan, dumaloq shaklda va ancha katta hajmda tikilgan. Xorazmning tabiiy sharoiti va jug‘rofiy muhiti ham jun yoki teridan tikilgan kiyimlarning mavjud bo‘lishini taqozo etadi. Qolaversa, po‘stin va cho‘girma kabi ust-boshlar tana haroratining normal holatda bo‘lishi, qattiq bo‘ron yoki cho‘l shamoli tufayli sodir bo‘ladigan turli nojo‘ya ta’sirlardan kishini asraydi. XX asr davomida Xorazm vohasi erkaklarining asosiy bosh kiyimi qish faslida cho‘girma, yoz faslida taxya (do‘ppi) bo‘lib, voha iqlimiga juda mosligi uchun ularni xalq sevib kiygan. Hatto, keksalar yoz faslida ham cho‘girmani boshidan yechishmagan. Buning o‘ziga xos sababi bor: yoz faslida bosh terlaganda, cho‘girma o‘ziga terni shimib olgan va boshni yozning jazirama issig‘idan asrab, namlantirib turgan. Hozirgi kunga kelib, cho‘girma xalqimizning an’anaviy bosh kiyimlari sanaladi va qadriyat sifatida e’zozlanadi.

Qahramonimiz ham hozirda sherozi hamda silikima cho‘girmalarini tayyorlaydi. Har bir bosh kiyimiga alohida e’tibor va qunt bilan yondashadi.

– Cho‘girmani tayyor holga keltirish uzoq davom etadigan jarayon, – deydi cho‘girmado‘z Shokir aka Abdullayev. – Avvalo, qorako‘l terilari orasidan munosiblarini tanlay bilish kerak. Keyin teri oshlanadi, qayta-qayta ishlov beriladi, quritiladi. Shundan so‘nggina bichiladi. Bitta cho‘girma uchun kamida bir hafta mehnat sarflanadi. Bunday telpaklarni tayyorlayotganimizda ko‘p izlanamiz. Qadimiy namunalarni axtarish uchun manbalarga murojaat qilamiz. Shu bois, bizning kasbimizda bilim va mahorat birdek zarur.

Shokir aka Abdullayevning mo‘jazgina ustaxonasida ko‘pgina shogirdlari undan hunar sir-asrorlarini o‘rganib kelmoqda. U hunari ortidan 2008 yil “Tashabbus” ko‘rik – tanlovining respublika bosqichida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Dunyo kezdi, el duosini oldi. Ana shunday mohir hunarmandlarimiz bor ekan, asrlar osha bizgacha yetib kelgan milliy qadriyatlarimizdan kelajak avlod ham birdek bahramand bo‘ladi, albatta.

Yana o‘qing:  Ism ham husn

 

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: