TERMIZDA “YOSHLAR MARKAZI” ISHGA TUSHADI
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillikning ilk yillaridan yurtimizning eng olis hududlarida ham barcha qulayliklarga ega ta’lim, tibbiyot muassasalari, bolalar sporti inshootlari, “Barkamol avlod” va “Yoshlar markaz”lari qurilib, zamonaviy usulda jihozlanayotir.
Obod turmush yilida Termiz shahrida zamonaviy “Yoshlar markazi” ishga tushiriladi. Ushbu muhtasham saroy yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom yigit-qizlarning yurt farovonligi va turmushimiz obodligini ta’minlashdagi o‘rni beqiyosdir.
– Viloyatimiz yoshlari vohada o‘tkazilgan “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivali, “Kelajak ovozi” kabi nufuzli ko‘rik-tanlovlarda, turli sport musobaqalarida yaxshi ko‘rsatkichlarga erishdi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Surxondaryo viloyati kengashi raisi Ollaqul Xudoyberdiyev. – Termiz shahrida barcha sharoitlarga ega zamonaviy “Yoshlar markazi”ning tashkil etilishi ularning bu boradagi imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Yangi markazda barpo etilayotgan ikkita muhtasham zalda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkaziladi. Qo‘shimcha xonalarda esa o‘n olti yo‘nalishda to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Xonalar zamonaviy usulda jihozlanib, yoshlarning kompyuter savodxonligi, tikuvchilik, pazandachilik, tasviriy va amaliy san’at, milliy hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratiladi. Fan, sport-sog‘lomlashtirish to‘garaklariga yosh avlodning ilm-fan borasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, jismonan chiniqishi uchun malakali mutaxassislar jalb etiladi.
– Tubdan rekonstruksiya qilinayotgan mazkur inshoot viloyat markazidagi eng ko‘rkam binolardan biriga aylanadi, – deydi “Surxon loyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihachi-muhandisi Xolmo‘min Shodiyev. – Bularning barchasi yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik va yoshlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.
X.MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri