Muz ustida uchish yoxud “qushday yengil bo‘lish” zavqi
Qish kunlari bolalar muzda sirpanishga, chang‘i uchishga qiziqadi. Bunda faol harakatlangan bolalar ikki yuzlari qizarib, zavqu shavqqa to‘lib-toshadilar.
Ayniqsa, muxlislar tomonidan “muzdagi balet”, deya e’tirof etiladigan figurali uchishning o‘ziga xos ohanrabosi bor. Mutaxassislar qishki sport turlariga kiruvchi figurali uchish sportini shunchaki ermak deb bilmay, uni bolalarning chiniqishi, salomatligi mustahkamlanishida alohida o‘rni borligini ta’kidlashadi.
Savriniso HAKIMOVA, pediatr:
– Barcha qishki sport turlari qatori figurali uchishning chiniqtiruvchi ahamiyati juda yuqori. Odatda tabiiy muz inshootida past harorat saqlanadi. Bu esa faol harakatlanayotgan bolalarning tanasidagi moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Past haroratga tana ko‘nikib, chiniqadi. Qishki sport turlari bilan muntazam mashq qilgan bolalarning immuniteti mustahkam bo‘lishi, ularda gripp va O‘RVI (O‘tkir respirator virusli infeksiya)lar kam kuzatilgan. Muzdek sof tabiiy havo qon aylanishini yaxshilab, ularning kayfiyatini ko‘taradi. Turli sakrash, aylanish harakatlarini bajarish asnosida bolalarning vestibyulyar apparati – muvozanatni saqlash qobiliyati rivojlanadi. Gimnastik elementlarni o‘zlashtirish jarayonida tananing egiluvchanligi oshadi. Mashg‘ulotlar konki tig‘ida tananing muvozanatini saqlash uchun qaddi-qomatini tekis tutishga odatlantiradi. Bu esa umurtqa pog‘onasining bir qator muammolari – skolioz va yassioyoqlikning oldini oladi.
Surunkali kasalliklar(yurak, buyrak, nafas olish tizimi, me’da-ichak va asab tizimidagi ba’zi bir xastaliklari) bo‘lgan bolalar shifokor ko‘rsatmasidan so‘nggina mashg‘ulotlarga borishlari zarur. Figurali uchish jarohat olish xavfi yuqori bo‘lgan sport turlari qatoriga kirgani uchun faqat murabbiy boshchiligida mashq qilish tavsiya etiladi. Mashg‘ulot o‘tayotgan bolalarga vitamin va minerallarga boy bo‘lgan ovqatlar yeyish, qish-bahor oylarida esa qo‘shimcha ravishda tabletka ko‘rinishidagi preparatlarni qabul qilish tavsiya etiladi. Tabiiy muz saroyida harorat past bo‘lgani uchun faqat mutlaq sog‘lom bolalar mashg‘ulotga olib borilishi kerak.
Ellita AVANESYAN, murabbiy:
– Figurali uchish sportida konkida uchish, akrobatika, gimnastika sport turlari qatorida raqs va musiqa san’ati uyg‘unlashgandir. Bu sport turi bolalarni jismonan baqquvat qilish barobarida san’atga oshno qiladi, ularni ma’nan tarbiyalaydi. Seksiyaga ba’zan nimjon, tez-tez kasal bo‘ladigan bolalar kelgach, ko‘p vaqt o‘tmay, ular salomatligi tiklanib, sportda yuqori natijalar ham ko‘rsatishadi. Shogirdlarimizning betob bo‘lganligi yoki uyqusi buzilib, ishtahasizligidan shikoyat qilganini bilmayman. Ular o‘z tengdoshlariga nisbatan ancha tetik, baquvvat, eng muhimi, hayotda faqat maqsad sari intilishni biladilar. Hayotining har bir lahzasini faqat orzulari ro‘yobiga bag‘ishlash zarurligini ular shu yoshdan chuqur anglab yetishadi. Barcha sport turlarida bo‘lganidek, shogirdlarimiz mashqlar jarayonida katta hayotga tayyorlanib, yiqilib tushganida qaytadan o‘rnidan tura olishga kuch topa biladigan inson bo‘lib voyaga yetadilar.
Yulduz ORTIQOVA