Deputatlar prinsipial jihatdan muhim islohotlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar

25 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yildagi faoliyati yakunlarini va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar oldindan siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining majlislarida muhokama qilingan edi.

Parlament quyi palatasi a’zolari o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yildagi faoliyati yakunlarini muhokama qilishdan boshladilar. Palataning hisobot davridagi faoliyati tanqidiy baholandi, deputatlarning qonun ijodkorligi va parlament nazorati kabi muhim yo‘nalishlardagi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.

O‘tgan yilda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotini huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilinganligi ta’kidlandi. Xususan, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar qabul qilindi.

Nazoratga oid vakolatlarni amalga oshirish yuzasidan muayyan ishlar bajarildi. Hokimiyat ijro etuvchi tarmog‘i  vakillarining, shu jumladan, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bir qator rahbarlarining bajarilgan ishlari va istiqbolga mo‘ljallangan rejalari to‘g‘risidagi axborotining eshituvlari o‘tkazildi.

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2016 yil 14 dekabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida hamda Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisida belgilab bergan vazifalarni amalga oshirish  kelgusida Qonunchilik palatasining joriy faoliyatida ustuvor yo‘nalish bo‘lishini ta’kidladilar. Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik deputatlar korpusi faoliyatining asosiy prinsiplari bo‘ladi. Shuningdek, ishlarning holatini shaxsan o‘rganish va aholining zaruriy ehtiyojlarini hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida deputatlarning joylardagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratiladi.

Parlament quyi palatasi deputatlari o‘z ishlarini “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilish bilan davom ettirdilar.

Yana o‘qing:  Hamjihatlikda hikmat ko‘p

Deputatlar ta’kidlaganlaridek, qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ushbu qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlarining ish yurituvida bo‘lgan ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarning ko‘rib chiqilishini sudlar vakolatiga o‘tkazishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik sub’yektlarining manfaatlari va huquqlarini himoya qilishda sud hokimiyatining rolini oshirishga, ma’muriy ishlarning ushbu toifalarini ko‘rib chiqish chog‘ida beg‘arazlik va xolislikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng deputatlar e’tiboriga “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda taqdim etildi. Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda bankrotlik to‘g‘risidagi ishda kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan xo‘jalik sudining apellyasiya instansiyasi chiqargan qarorlar kassatsiya va nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqilmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, kreditorlar va qarzdorlarning yuqori turuvchi instansiyalarga sudlarning qarori ustidan shikoyat qilish borasidagi huquqlarini cheklaydi. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mazkur cheklovni bartaraf etish imkonini beradi hamda kreditor va qarzdorlarga o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishda ko‘proq erkinlik beradi. Muhokamadan so‘ng deputatlar qonun loyihalarini birinchi o‘qishda qabul qildilar.

Majlisda parlament a’zolari Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

 Qonunchilik palatasining

Axborot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: