Sport mashg‘ulotlari ijobiy fikrlovchilar uchun ko‘proq foydali
Sport mashg‘ulotlarining organizmga foydasi ko‘pligiga ishonish jismoniy mashqlar samarasini yanada oshiradi.
Germaniyaning Frayburg universitetida tadqiqot o‘tkazildi. Unda 18 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan 76 nafar odam qatnashdi. Ishtirokchilar guruhlarga bo‘linganidan so‘ng ularning bir qismiga velosiped sportining foydasi haqidagi qisqa film qo‘yib berildi va ulardan tadqiqotda qatnashgunlariga qadar sport mashg‘ulotlarining foydasi borligiga ishongan yoki ishonmaganliklari, kayfiyati qandayligi haqida so‘rashdi.
Shundan keyin barcha ishtirokchilar yarim soat davomida qo‘zg‘almas velosipedda mashq qildilar. Mashg‘ulot so‘nggida qatnashchilarga yana kayfiyati qandayligi, o‘zlarini qanday his qilayotgani to‘g‘risida savol berildi. Olingan javoblarga ko‘ra tadqiqotda qatnashishidan oldin ham sportning foydasi borligiga ishongan ishtirokchilarga mashg‘ulot ko‘proq foyda bergan.
Mirjalol Madvaliyev
tayyorladi.