Maktabgacha ta’lim tizimi takomillashmoqda
Bundan ikki yil avval yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan va ayni paytda 200 nafardan ortiq bola tarbiyalanayotgan Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi 10-maktabgacha ta’lim muassasasida barcha sharoit yaratilgan.
Ushbu dargohda faoliyat boshlagan qisqa muddatli guruhlarda 40 nafardan ortiq tarbiyalanuvchi kuniga 3-4 soatlik mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Bunday guruhlarda atrof-muhit bilan tanishish, rasm chizish, jismoniy chiniqish, turli o‘yinchoqlar yasash, nutq o‘stirish, matematika bilan shug‘ullanish kabi mashg‘ulotlar qat’iy jadval asosida olib borilayotir. To‘garaklarda yaqinda nashr etilgan she’r, hikoya va ertaklardan iborat 50 nomdagi kitoblardan samarali foydalanilmoqda.
Mazkur muassasada O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017–2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlarga bag‘ishlangan media-tur o‘tkazildi.
Qarorga muvofiq, bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida qisqa muddatda tizimda maktabgacha ta’limning yangi muqobil shakli yaratildi. Unga ko‘ra maktabgacha ta’lim muassasalari tarkibida ta’limning ushbu bosqichiga qamrab olinmagan 5-6 yoshdagi bolalar uchun qisqa muddatli – kuniga 3-4 soatlik mashg‘ulotlar o‘tiladigan maktabga tayyorlash guruhlari o‘z faoliyatini boshladi.
Hozir mamlakatimiz bo‘yicha 2 ming 300 dan ortiq ana shunday guruhlar tashkil etilib, ularda 49 ming 243 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra tizimda mavjud “Bolajon”, “Bilimdon” dasturlarini yanada takomillashtirish, shunga mos o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash uchun muqobil dasturlar ishlab chiqish ko‘zda tutiladi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning dastlabki natijalari sifatida tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan bolalar uchun tashkil etilgan qisqa muddatli guruhlar faoliyati bilan tanishtirildi.
Navro‘z NORBOBOYEV