Limon mevasidagi vitaminlar va foydali elementlar
1) Efir yog‘i. Limon efir yog‘i – och sariq yoki yashil rangda bo‘lib, undan limon hidi kelib turadi. Efir yog‘ini olishda endigina pisha boshlagan limonning dum tarafining ichki qismini sovuq presslash orqali olinadi. Bunda 1 kg efir yog‘i olish uchun 60–70 kg xomashyo kerak bo‘ladi. Pishgan limonlarda ko‘kiga nisbatan efir yog‘i kamroq bo‘ladi.
2) Limon sharbati. Limon sharbati juda foydali bo‘lib, tarkibi mineral tuzlar, olma va limon kislotasi, fitonsidlar S, V2 vitaminlari, shuningdek, A, R provitaminlariga boydir. Diyetologlar limon sharbatini inson tanasini ortiqcha zararli unsurlardan tozalash va ortiqcha vaznga ega bo‘lganlarga ozish uchun tavsiya etishadi.
3) Limon sedrasi. Limon sedrasi – limonning eng ustidagi yupqa po‘stidir, uning rangi yashil-sariq bo‘ladi. Sedrani tayyorlash uchun limon mevalarini bir necha bor sovuq suvda yuvgach, ustidan qaynab turgan suv quyiladi va o‘tkir pichoq bilan po‘sti yupqa qilib artiladi (olma po‘sti archilgandek). Po‘sti ostidagi oq qobig‘iga tekkizilmay olingan sedra yaltiroq limon rangli bo‘lib chiqadi. Limon sedrasi davolashda qo‘llanilishi bilan birgalikda turli sharbatlar, salatlar, souslar, baliq taomlari va konditer mahsulotlari tayyorlashda keng qo‘llaniladi.
4) Limon yog‘i. Kuz-qish oylarida shamollash va o‘tkir nafas yo‘llari kasalliklarining avj olishi hammaga ma’lum. Shunday paytda limon yog‘idan foydalanib davolash yaxshi samara beradi. Uni tayyorlash uchun limon mevalarini issiq suvda yaxshilab yuvgach, po‘sti bilan kesib go‘sht qiymalagichdan o‘tkaziladi. Hosil bo‘lgan massaga 100 g yumshatilgan sariyog‘ va ikki osh qoshiqda toza asal qo‘shiladi. Barchasi yaxshilab aralashtirilgach, nonga surkab, buterbrod shaklida yoki yarim choy qoshiqda kuniga 4–5 mahal iste’mol qilish mumkin. Ammo shuni yodda tutish lozimki, tarkibida sariyog‘ bo‘lgan bunday dorivor mahsulotni ko‘p miqdorda tayyorlab bo‘lmaydi. Aks holda, uning sifati tez buziladi.