Yangilangan loyihalar asosidagi uy-joylar qishloq ahliga qulayliklar yaratmoqda

Insonning qachonki yashashida halovat bo‘lsa, ishida ham unum va baraka bo‘ladi. Baxt esa uning mo‘jaz xonadonidan boshlanadi.

Navoiy viloyati, Karmana tumanidagi bir qancha oilalar Yangi yilni yangi xonadonlarda kutib olishdi. Tumanning “Talqoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangilangan loyihalar asosida barpo etilgan 32 ta oilaga mo‘ljallangan ikki qavatli va maydoni ikki sotixdan iborat bir qavatli 46 ta uy o‘z egalariga topshirildi.

– Prezidentimizning 2016 yil 21 oktyabrdagi “2017–2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi Qarori ko‘pgina oilalarning ixcham va zamonaviy ko‘rinishdagi yangi uylar bilan ta’minlanishiga, aholi turmush farovonligining yanada yaxshilanishiga zamin bo‘lmoqda, – deydi Karmana tuman xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Gulnoza Jalilova. – Joriy yil yana bir qancha oila ana shunday xonadonlarga ko‘chib o‘tishi, qalbimizga ko‘tarinkilik baxsh etadi.

Saf tortib qishloq ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan, zamonaviy andozalar asosida qurib bitkazilgan ushbu uylar suv, issiqlik tizimi bilan ta’minlangani aholiga manzur bo‘lmoqda.

– To‘qqiz nafar farzandim bor. Yaqinda ikkinchi farzandim Lobarxon yangi loyiha asosida bunyod etilgan uylardan biriga ko‘chib o‘tdi. Qishloq ahli tabiatan bir bosh bo‘lsa-da novvos boqsam, deydi. Ana shu jihatlar e’tiborga olinib, yangi uy-joylarning hovli etagida chorva mollarini boqish uchun mo‘jazgina og‘ilxona qurilgani oilaga qulaylik yaratadi, – deydi shu tumanda yashovchi Dilbar opa Nurullayeva.

2017 yilda viloyat miqyosida jami 1 ming 185 ta uy-joy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 469 tasi amaldagi loyihalar bo‘yicha, 152 tasi esa yangilangan loyihalar bo‘yicha barpo etilishi rejalashtirilgan. Jumladan, kam ta’minlangan oilalar uchun 220 ta 2 sotixli, 2 va 3 xonali, 344 ta 2 hamda 3 qavatli, 3 pod’yezdli 25 ta ko‘p qavatli arzon uy-joylar qurish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 noyabrdagi “2017–2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2017–2020 yillarda 840 xonadonli 20 ta, shu jumladan, joriy yilda 210 xonadonli 5 ta 7 qavatli turar-joy binolari qurilishi belgilangan. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, ob’yektlar viloyat Davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tkazilib, hozirda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Yana o‘qing:  Tomdida tibbiy ko‘rik tashkil etildi

Muxtasar qilib aytsak, aholining turmush farovonligini oshirish, yashash darajasini yaxshilashdagi eng muhim omil – ularni shinam shu bilan birga, arzon uy-joy bilan ta’minlashdan iborat. Bu kabi sa’y-harakatlarning zamirida shubhasiz, inson taqdiri, xalq manfaati yotibdi.

 

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: