Noni – mislsiz quvvat manbai
So‘nggi paytlarda olimlar insonni quvvatlantiruvchi, muntazam jismoniy faollikka ega bo‘lishiga ko‘maklashuvchi turli malham va dorilarni tayyorlash ustida tadqiqotlar olib bormoqda. Bu borada ular asosan tabiiy giyoh va o‘simliklarga murojaat qilishmoqda.
Kundalik hayotimizda tez-tez qo‘llanilib kelinayotgan argan moyi, papaya kukuni, karkade malhami ham aynan ana shunday noyob o‘simliklardan tayyorlangan shifobaxsh dori vositalaridir. Tailand orollarida yetishtirilayotgan noni mevasi ham o‘zining foydali xususiyatlari bilan ko‘plab olimlarning e’tiboriga tushgan. Noni tay xalqi uchun qadimiy va muqaddas meva sanaladi. Ko‘rinishidan kartoshkani yodga soluvchi noni tarkibida tabiatning mislsiz quvvati mujassam.
Izlanishlarga qaraganda uning tarkibida 150ga yaqin biologik faol qo‘shimchalar, muhim minerallar, vitaminlar kompleksi hamda aminokislotalar mavjudligi aniqlangan.
Shuning uchun bu meva tailandliklarning kunlik ratsioniga kiritilgan.
Uning daraxti 7 metrgacha bo‘y cho‘zib, 21 metr chuqurlikkacha ildiz otishi mumkin. Noni olma, apelsin, nok va uzum kabi bir paytda pishmaydi, ya’ni, uni har oy yig‘ib olish mumkin. Biroz noxush hidli, taxirroq mazasi borligi tufayli mahalliy aholi uni “xom meva” deb ham atashadi. Mevaning pishib yetilganini rangidan ajratib olish mumkin. To‘q yashil ko‘rinishdagisi hali quyosh nuriga to‘yinmagan, sarg‘imtir, oqimtir tusdagisi esa “g‘arq” pishib yetilganidan dalolat.
Noni mevasi ajoyib kimyoviy birikmalarga ega bo‘lib, uning tarkibida Mendeleev davriy jadvalidagi ko‘plab qimmatli mikroelementlar, shuningdek, glyukoza, karotin, terpenoid, vitaminlar, murakkab birikmali mineral va kislotalar uchraydi.
1950 yil taniqli biokimyogar R. Xeynik tomonidan prokseronin-alkoloid moddalari kashf qilingan. Ular inson tanasidagi hujayralarning birikishida va protein tuzulishida bog‘liqlikni hosil qiluvchi moddalar sanaladi. Atrof-muhitning ifloslanishi, meva va sabzavotlarning yetishtirish jarayonida qo‘shimcha kimyoviy moddalardan muntazam ravishda foydalanilayotganligi, inson organizmida prokseronin moddasini ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada kishi quvvatsizlanadi. Uning sog‘lig‘i borasida ko‘plab muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Doktor Xeynik noni mevasida prokseroninning ajoyib zaxirasini topishga muvaffaq bo‘ldi. Kishi organizmiga tushgan mazkur modda hujayralarni mustahkamlab, ularni bevaqt nobud bo‘lishidan asraydi. Bu meva kishi organizmining yoshligi va baquvvatligini ta’minlaydi.
Noni tarkibida sog‘liqni mustahkamlaydigan alkloid va enzim (protein) moddalari ham bor. Skopoletin moddasi esa qon aylanish tizimini yaxshilaydi. Shuningdek, noni yallig‘lanishga qarshi samarali vosita sanalib, antibakterial va antiasmatik xususiyatga ham ega. Tropik hududda yashovchi aholi buni qadimdan bilgan. Shuning uchun taylar undan qichima, toshma, muntazam aksirish hamda gripp va O‘RVIga qarshi samarali vosita sifatida foydalanishgan.
Qolaversa, noni ekstrakti turli xil onkologik xastaliklarni davolashda ham samaralidir. Kimyoviy terapiyadan so‘ng kuzatiladigan nojo‘ya ta’sirlardan xalos bo‘lishda mevadagi prokseronin yaxshi natija beradi. Qolaversa, noni daraxtining barglaridan organizmni tinchlantirish maqsadida xushbo‘y choy tayyorlanadi.
Ma’rifat TOLIPOVA
tayyorladi