Oziq-ovqat mahsulotlaridagi maxsus belgilar: ular nimalarni anglatadi?
Hozirgi kunda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda ozuqaviy qo‘shimchalarsiz texnologik jarayon yo‘q. Masalan, non tayyorlashda ham achitqi (xamirturush) yoki iste’mol sodasi ishlatiladi.
Xalqaro “Kodeks alimentarius” tashkilotining tavsiyalariga ko‘ra oziq-ovqat qo‘shimchalari Ye harfi bilan belgilangan bo‘lib, ular quyidagi guruhlardan iborat:
E100–E199–bo‘yoqlar;
E200–E299–konservantlar;
E300–E391–oksidlanishga qarshi va kislotalikni me’yorda saqlovchi;
E400–E481–stabilizatorlar, emulgatorlar va mahsulotni quyuqlashtiruvchi moddalar;
E500–E585–boshqa turdagi qo‘shimchalar;
E600–E699–ta’m va hidni kuchaytiruvchi moddalar;
E700–E899–yangi turdagi qo‘shimchalar;
E900–E999–sirlovchi (yaltiratuvchi), shirinlik o‘rnini bosuvchi, unni oqartiruvchi qo‘shimchalar;
E1100–E1105–fermentlar.
“Ye” kodi berildi degani bu sun’iy yoki kimyoviy degan tushuncha emas. Masalan, mahsulot tarkibida Ye160a “karotinlar”, Ye162 “lavlagi bo‘yog‘i”, Ye170 “karbonat kalsiy”, Ye300 “askorbin kislotasi” va boshqa shunga o‘xshash bolalar uchun foydali bo‘lgan qo‘shimchalar mavjud degan ma’noni ham anglatadi. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasida bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus “Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligiga bo‘lgan gigiyenik talablar” sanitar qoidalari talabiga muvofiq sun’iy oziq-ovqat qo‘shimchalaridan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Mahsulotlarning yaroqlilik muddatlarini uzaytirish maqsadida qo‘llaniladigan konservantlarga shakar yoki uning o‘rnini bosuvchi shirinliklar qo‘shiladi. Ammo, ko‘pchilik oziq-ovqat qo‘shimchalari sun’iy, ya’ni kimyoviy moddalar sintezi natijasida olinadi. Shu sababli ularning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llanishini nazorat qilish zarurati mavjud.
Respublikamizda oziq-ovqat qo‘shimchalarini xorijdan olib kelish, ularni ishlab chiqarish va qo‘llash O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat qo‘shimchalarini ishlab chiqarish va ishlatilishini me’yorlashga bo‘lgan gigiyenik talablar” sanitar qoidalarida belgilab berilgan. Oziq-ovqat qo‘shimchalarining qabul kilingan me’yorlarining bajarilishi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan texnologik yo‘riqnomalarda va mahsulot retsepturasida belgilanib, uning nazorati mahsulot ishlab chiqaruvchilar zimmasiga yuklangan.
O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil “Aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanishni yanada rivojlantirish” to‘g‘risidagi qarori va yana shu yilning avgust oyidagi “2015–2020 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash konsepsiyasi va chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maksadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2015 yil sentyabr oyidagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida bolalar va o‘smirlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi konservantlar Ye242, dimetidikarbonat (velkorin), (dimethyldicarbonat), Ye237, formiat natriy (sodium formate), Ye238–formiat kalsiy (calcium formate)ni mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llanilishi ta’qiqlandi. Ilgari respublikamizning Bosh Davlat sanitariya vrachining 2007 yilda qabul qilingan qarori bilan bo‘yoq Ye128 (qizil 2G), konservantlar Ye216 (para-oksibenzoy kislotasining propil efiri), Ye217 (para-oksibenzoy kislotasining natriy tuzli propil efiri) ta’qiqlangan edi.
GO‘M – geni o‘zgartirilgan mahsulotlar xavfsizligi qanday baholanadi?
Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan buyon aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun tashkiliy, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy sharoitlar yaratildi. Bugungi kunda mazkur soha O‘zbekiston Respublikasining 1997 yilda e’lon qilingan “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solingan. O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiq oziq-ovqat xom ashyosiga, oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarishga, tashishga, saqlashga va realizatsiya qilishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2015 yilda “Aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanishni yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori va yana shu yilning avgust oyida “2015–2020 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash konsepsiyasi va chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi. Ushbu hujjatlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Sog‘lom ovqatlanishni tashkillashtirish” komissiyasining 2016 yilda “GO‘M mahsulotlarini mamlakatimizga olib kelish, ularni ro‘yxatga olish, ishlatish mexanizmlarining huquqiy-me’yoriy hujjatlarini tadbiq etish to‘g‘risida”gi rejasi qabul qilindi.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2016 yilda tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola davlat dasturi to‘g‘risidagi” farmoyishida “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga GO‘M mahsulotlarini olib kelish va qo‘llashni chegaralash va bolalar ovqatlanishida ushbu mahsulotlarni ta’qiqlash bo‘yicha qo‘shimchalar kiritish zarurligi ko‘rsatilgan. Ushbu davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga GO‘M mahsulotlarini qo‘llashni chegaralash bo‘yicha qo‘shimchalar kiritish masalasini ko‘rib chiqish uchun ishchi guruhi tashkil qilindi. Ushbu ishchi guruh zimmasiga GO‘M mahsulotlari to‘g‘risidagi mavjud ilmiy ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, ularning inson salomatligi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘iga salbiy ta’siri xususida hamda Yevropa davlatlarida geni o‘zgartirilgan mahsulotlarning oziq-ovqat sifatida ishlatilishi chegaralanganligini inobatga olgan holda mamlakatimizning “Oziq-ovqat sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuniga ularni olib kelishda va ishlatishda chegaralashlar borasida qo‘shimchalar kiritilishi zarurligi belgilandi.
Anatoliy XUDOYBERGANOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Ovqatlanish gigiyenasi bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori