Iste’dodli qizaloqning iqboli oydin
Yaqinda tahririyatimizga 11 yoshli marg‘ilonlik Roziyaxon Komiljonovaning Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan 8-Mug‘om – xalqaro bolalar festivalida mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritgani haqida quvonchli xushxabar keldi.
Biz Roziyaxonning ustozi Doniyor aka Nazarov bilan bog‘lanib, shogirdi haqidagi fikrlari bilan qiziqdik:
– Chinakam iste’dodning mukofoti yuksak bo‘ladi. Iqtidorli qizimiz Roziyaxon ana shunday e’tirofga sazovor bo‘ldi, – deydi Doniyor aka shogirdi haqida to‘lqinlanib so‘zlarkan. – Mazkur festivalda Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Iroq, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi 9 ta davlatdan ko‘plab yosh ishtirokchilar o‘z iste’dodini namoyish etdi. Shogirdim tanlovda O‘zbekiston xalq hofizi Ma’murjon Uzoqovning “Mustahzod” ashulasini maromiga yetkazib ijro etdi va hay’at a’zolari hamda yig‘ilganlarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Obod yurtning bog‘lari chamanzor bo‘ladi. O‘z iste’dodi bilan turli xalqaro tanlovlarda, Olimpiya o‘yinlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelayotgan bugungi kun yoshlari mustaqil O‘zbekistonning kelajagidir. Roziyaxon ham ana shu diyorda unib o‘sdi, ulg‘aydi. Betakror va so‘lim Marg‘ilonning tabiatidan ilhom olib, musiqaga o‘zgacha mehr qo‘ydi. Hozirda u 8-bolalar va musiqa san’at maktabining 2-sinfida, an’anaviy xonandalik va dutor yo‘nalishida tahsil olmoqda.
Ustozlarining aytishicha, musiqaga ixlosi baland bo‘lgan bu qiz o‘ziga xos iste’dodi bilan barcha tengdoshlaridan alohida ajralib turadi. U o‘zbek kuylaridan tashqari qardosh xalqlarning mumtoz qo‘shiqlarini sevib ijro etadi. Biror kuyni o‘rganish jarayonida matnlarni tezda yod oladi. Qo‘shiqni maromiga yetkazib aytmagunicha uni qayta va qayta ijro qilishdan charchamaydi.
Roziyaxon 2015 yilda bo‘lib o‘tgan “Kamalak yulduzlari” bolalar musiqa festivali g‘olibasi. Shuningdek, 2016 yilda o‘tkazilgan “Yagonasan, muqaddasan Vatan” respublika ko‘rik-tanlovida “Sog‘lom ona va bola” nomli qo‘shiqni ijro etib, faxrli 2-o‘rinni egalladi. Ustozlarining aytishicha, qo‘shiqqa kuyni Roziyaxonning o‘zi bastalagan ekan. Yurtimizda u kabi chinakam iste’dod egalarining safi kengayaversin, deya tilak bildiramiz.
V. PO‘LATOVA