Yoshlar manfaati qonun bilan himoyalangan
O‘tgan 25 yillik istiqlol yo‘li davomida mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ilmiy, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. Bu borada iqtidorli o‘g‘il-qizlarimizni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan loyihalar, ko‘rik-tanlov va festivallarning muntazam o‘tkazilib kelinayotgani va ularda yurtimiz yoshlarning faol ishtirok etayotgani quvonarli, albatta. 2016 yilning 14 sentyabrida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi esa ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning kelajagini belgilab berdi.
Bu galgi davra suhbatimiz mazkur Qonun yoshlarning hayotida qanday o‘rin egallagani va uning ijrosi yuzasidan qilinayotgan ishlarga bag‘ishlandi.
Joldasbay ABDIJAMILOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
– Tahliliy o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, 1996 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun hozirgi kun talablariga javob bermasdan qolmoqda. Qonunni takomillashtirish, uni zamon ruhiga moslashtirishni davrning o‘zi taqazo qiladi. Shu munosabat bilan 2016 yilning 14 sentyabrida “Yoshlarga oida davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Mazkur huquqiy hujjat 4 bob 33 ta moddani o‘z ichiga oladi. Qonunda “yoshlarga oid davlat siyosati”, “yoshlar (yosh fuqarolar)”, “yosh oila”, “yosh mutaxassis”, “yoshlar tadbirkorligi” kabi 5 ta asosiy tushunchaning mazmuni ochib berilgan.
Ushbu Qonunni ishlab chiqishda butun mamlakatimiz aholisi, jumladan, ta’lim muassasalari, ularda ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlar ishtirok etdi. Ularning taklif va fikrlari Qonun nomlariga singdirildi. Hujjatda yoshlar hayotining barcha jabhalari qamrab olingan va huquqiy muhofaza qilingan.
Bir so‘z bilan aytganda undagi har bir modda, belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlarning barchasi yoshlar, ularning manfaati uchun xizmat qiladi. O‘ylaymanki, yangi Qonun yoshlarimizni aqlan yetuk, ma’nan barkamol, o‘zining qat’iy fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lib ulg‘ayishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Kumushxon ABDUSALOMOVA,
O‘zMU talabasi:
– Bolalikdagi qiziqishlarim meni adabiyot ostonasiga yetaklab keldi. Ayni damda badiiy ijod bilan shug‘ullanish barobarida, o‘z orzuimdagi ta’lim yo‘nalishida tahsil olyapman. O‘tgan yillar oralig‘ida ko‘plab she’riy mashqlarim matbuotda e’lon qilindi. 2015 yilda ilk to‘plamim O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida, “Kuylamasam bo‘lmaydi” nomi bilan chop etildi hamda yurtimiz bo‘ylab tarqatildi. Buning zamirida, avvalo, O‘zbekistonimizning tinchligi, yoshlar siyosatining izchillik bilan amalga oshirilayotgani va qonun ustuvorligi mujassam.
Joriy yilda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-bob 25-moddasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda men kabi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini rivojlantirish maqsadida nafaqat mahalliy, balki xalqaro tajribalar almashinuvining ham inobatga olinishi tahsinga loyiq. Bu esa o‘zbek yoshlarining dunyo sahnidagi o‘rni va ahamiyati katta ekanligidan dalolat beradi.
Abbosbek ABDURAHIMOV,
Andijon davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litsey o‘quvchisi:
– Qonunning 23-moddasida biz yoshlarning o‘n ikki yillik bepul ta’lim olishimiz, o‘z qiziqishlarimizni inobatga olgan holda sport-sog‘lomlashtirish, madaniy-ma’rifiy ishlarda faolligimiz davlat tomonidan kafolatlanishi, ta’lim kreditlari olish kabi yo‘nalishlarni davlat nazoratida ekani ta’kidlab o‘tilgan.
Qonunning 26-moddasida esa yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga doir bir qator vazifalarning belgilangani ushbu muhim hujjatning yoshlar hayotidagi roli katta ekanidan dalolat beradi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, bugungi kunda respublikamizda yoshlarga oid davlat siyosati izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu ham bo‘lsa, avvalo, biz yoshlarning manfaatini ko‘zlab qilinayotgan ezgu ishlarning bir namunasidir.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining izchillik bilan olib borilishi kelajagimiz egalarini har tomonlama yetuk kadrlar bo‘lib ulg‘ayishlari uchun zamin yaratadi. Bu esa yurt ravnaqi yo‘lidagi say-harakatlarimizning poydevori bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Isfandiyor BURGUTBOYEV yozib oldi.