Aholi salomatligi — oliy maqsadimiz
Mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot tizimida ham qator islohotlar olib borilmoqda. Zamonaviy uslubda bunyod etilayotgan qishloq vrachlik punktlari, kerakli tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan tibbiyot birlashmalari aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yangi bosqichga olib chiqdi. Jumladan, Samarqand viloyati Urgut tumani Tibbiyot birlashmasida ham el salomatligini mustahkamlash yo‘lida bir qancha ibratli ishlar olib borilmoqda.
Tumandagi 420 ming nafar aholiga birlashmaga qarashli 47 ta qishloq vrachlik punktlari, tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasi, stomatologiya klinikasi, Silga qarshi kurashish dispanseri, 120 o‘rinli Umar Qurbonov nomidagi shifoxona, 125 o‘rinli “Jartepa” shifoxonasi, 90 o‘rinli Abu Ali ibn Sino nomidagi shifoxona va 125 o‘rinli tuman markaziy shifoxonasi malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Tuman davolash-profilaktika muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan “Onalik va bolalik”ni himoya qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Zero, millat salomatligi ko‘p jihatdan onalar salomatligiga bog‘liqdir. Bu borada 2012 yilda tumandagi 116 ming 778 nafar fertil yoshidagi ayol va qizlardan 146 ming 418 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Turli xildagi ekstragenital kasalliklar aniqlangan ayollarga salomatligi borasida kerakli maslahatlar, yo‘l-yo‘riqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 22 iyuldagi “Respublikaning qishloq tumanlarida onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan qishloq tumanlarida yashovchi homilador ayollar salomatligi uchun zarur bo‘lgan vitaminlarga boy maxsus komplekslar barcha QVP larga tarqatildi.
Aholi o‘rtasida tez tarqaluvchi infeksiyalardan himoyalash maqsadida poliomiyelit, pentavalent vaksinalari bilan tumandagi bolalar hamda 2 yoshgacha bo‘lgan go‘daklar qizamiqqa qarshi emlandi.
Shifokorlarimiz tuman xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘limi, Ichki ishlar va tuman prokuratura xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, FHDYo, “Kamolot” YOIH bilan hamkorlikda omma orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘tkazib kelishmoqda. Shunga ko‘ra, mahalla, kollej, maktab, akademik litseylarda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, xotin-qizlar salomatligini yaxshilash, reproduktiv salomatlik, to‘g‘ri ovqatlanishga doir “Yosh oila maktabi”, “Sog‘lom turmush tarzi asoslari”, “Oila psixologiyasi” kabi tadbirlar, chekish, ichkilikbozlik, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi kurashish bo‘yicha davra suhbatlari, savol-javoblar o‘tkazildi.
Bo‘limda ultratovush tekshiruvi tibbiy uskunasi, gastroduoskopiya (endoskopiya) apparati, endoskopik operatsiya uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan keng miqyosda foydalanilmoqda.
Bemorlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida uning filiallari mahallalardagi 6 ta QVP qoshida tashkil etildi. Bu esa bemorlarning tezroq sog‘ayib ketishiga turtki bo‘lmoqda. “Salomatlik-2”, “Ona va bola, salomatligini muhofaza qilish” loyihalari asosida tumanimiz aholisi sog‘ligini saqlash, xastaliklarga erta tashxis qo‘yish va davolash maqsadida jami 34 mln. 368 ming so‘m mablag‘ sarflandi. Shundan tez tibbiy yordam bo‘limiga 2 mln. 284 ming, bolalar bo‘limiga 2 mln. 309 ming so‘mlik zamonaviy tibbiy jihozlar, asbob-uskunalar keltirildi va ulardan malakali mutaxassislar tomonidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Birlashma kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan xodimlarning salomatligini tiklash, ma’naviy hordiq olishlarini ta’minlash maqsadida yil davomida turli bayram tadbirlarini o‘tkazish, sihatgoh va dam olish maskanlariga yuborish, xodimlar farzandlarini yozgi oromgohlarga jo‘natish kabi ishlar amalga oshirildi.
Tadbirlarda o‘zining fidoyi mehnati bilan jamoa orasida hurmat qozongan xodimlar, ustozlar munosib taqdirlandilar. Tumanda istiqomat qilayotgan urush va mehnat faxriylari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi.
Tibbiyot xodimi o‘zgalarga salomatlik ulashish bilan birgalikda o‘zi sog‘lom, ma’naviy dunyoqarashi yuksak bo‘lmog‘i lozim. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportning ommaviyligini oshirish maqsadida shifokorlar o‘rtasida ham turli sport musobaqalarini o‘tkazishga katta e’tibor qaratilgan.
“Ustoz va shogird” an’analarini davom ettirish maqsadida har bir tibbiyot xodimiga kollej bitiruvchilari biriktirilib, sohaga endi kirib kelayotgan yosh mutaxassislarning kasb malakalarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa yosh kadrlarni kasbga tayyorlashning eng muvaffaqiyatli yo‘nalishlaridan biridir.
Farmon AZIZOV,
Urgut tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i
Faxriddin NURMUHAMMEDOV,
jurnalist