Zotiljamning oldini qanday olish mumkin?

Qish oylarida o‘pka va nafas yo‘llarida gripp va O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar sababli turli xastaliklar paydo bo‘lish xavfi ortadi.

Ular orasida eng ko‘p tarqalgani pnevmoniya – zotiljam sanaladi. O‘pka yallig‘lanishi bu a’zoni zararlaydigan infeksiya sababli yuzaga keladi. Uning alomatlari kishida isitmaning ko‘tarilishi, yo‘tal, nafas siqishi kabi holatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ko‘pgina hollarda o‘pka yallig‘lanishini antibiotiklar bilan samarali davolash mumkin. Ba’zan muolajalar ambulatoriya sharoitida o‘tkaziladi. Ammo bu dard juda xavfli kasallik bo‘lib, ayrim hollarda mudhish oqibatlarga olib keladi. Yosh bolalar, keksa kishilar, shuningdek, turli yo‘ldosh xastaliklari mavjud bemorlar zudlik bilan shifoxonada davolanishlari zarur.

Bu kasallikni turli bakteriyalar, viruslar, ayrim hollarda zamburug‘lar keltirib chiqaradi. Bakteriologik pnevmoniya yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi, masalan, gripni boshdan o‘tkazganda yuzaga kelishi mumkin. Xastalikni kelib chiqishida 50 foiz holatlarda viruslar sabab bo‘ladi. U havo-tomchi yo‘li orqali yuqori nafas yo‘llariga tushadi. Ko‘pgina hollarda bu kasallik 65 yoshdan oshgan keksalar yoki surunkali xastalanganlar yoki immuniteti past bolalar hamda homiladorlarda rivojlanadi. Pnevmoniyaning ilk alomatlari gripp, O‘RVIga o‘xshab o‘tishi mumkin. Bakteriologik pnevmoniya xastaligi o‘tkir holda kechib, xastalik o‘z vaqtida davolanmasa surunkali tus olishi mumkin. Isitma ko‘tariladi, titrash, ko‘krak qafasida kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Kasallik ko‘p terlash, quyuq yashil yoki sariq tusli balg‘amning ajralishi, tomir urishi va nafas olishning tezlashishi, tirnoq va lablarning ko‘kimtir tusga kirishi bilan kechadi. Virusli pnevmoniyaning ham o‘ziga xos alomatlari mavjud. Ya’ni, isitma, quruq yo‘tal, bosh va mushaklardagi og‘riq, holsizlik, behollik va nafas olganda kuchli hansirash kuzatiladi. Bemor bunday paytda vaqtni ortga surmay, zudlik bilan shifokorga ko‘rinishi lozim.

Bemorlarga aniq tashxis qo‘yish uchun ular to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari zarur. Tashxis qo‘yishda o‘pkaning rentgenografiya qilish o‘ta muhim usul.

Rentgen surati aksi orqali o‘pkaning zararlangan qismi, uning darajasi, o‘pka pardasi orasida suyuqlik bor-yo‘qligini yaxshi ko‘rish mumkin. Shuning uchun uzoq muddatga cho‘zilgan kasallikda, yo‘tal va isitma ko‘tarilganda, nafas siqqanida darhol rentgenografiya ko‘rigidan o‘tish lozim.

Pnevmoniya xastaligini davolash muolajalarini shifokor olib boradi. Bakteriologik pnevmoniya antibiotiklar yordamida samarali davolanadi. Odatiy hollarda antibiotikterapiyadan 24 soatdan so‘ng natija sezila boshlaydi. Eng muhimi davolanishni to‘xtatmaslik va uni muntazam olib borish lozim. Bemorning ahvoli ancha yaxshilangan bo‘lsa-da, sog‘ayish jarayoni 2-3 kundan ortiq vaqtga cho‘zilsa, qabul qilinayotgan antibiotiklarni almashtirish lozim. Agar xasta odamning ahvoli o‘zgarmasa, u shifoxonada davolanishi zarur.

Yana o‘qing:  DUNYo KENG, AMMO UNI XASTALIK KO‘ZGA TOR QILADI

Bu xastalikdan xoli bo‘lish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

O‘pka yallig‘lanishi ko‘pgina hollarda yaxshi davolanmagan gripp, O‘RVIdan so‘ng asorat sifatida qolishi mumkin. Har yilgi gripga qarshi emlash ham xastalikka qarshi profilaktika hisoblanadi. Bunda esa qo‘llarni muntazam sovunlab yuvib turish eng yaxshi himoyalanish vazifasini o‘taydi. Organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini oshirish uchun to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish zarur. O‘z vaqtida dam olish, ochiq havoda sayr, badantarbiyaga alohida e’tibor berish lozim. Chekish, ichish kabi salbiy odatlarni tashlash zarur. Chunki, bu illatlar immunitetni susaytirib, bronxlar va o‘pkalarning respirator viruslarga qarshi kurashuvchanligini kamaytiradi.

 

Natalya GAFNER,

Ftiziatriya va pulmonologiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kichik ilmiy xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: