E’tiborga munosib zafarlar

Bugun nafaqat shahar, hatto yurtimizning eng chekka tuman va qishloqlarida tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar ham o‘z iqtidori va salohiyati bilan dunyo kezmoqda, nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Bu mamlakatimizda kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lmish yosh avlod kamolotiga alohida e’tibor qaratilayotganining samarasidir.

Shuni faxr bilan tilga olish kerakki, istiqlol yillarida farzandlarimizni har jihatdan sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. Barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim va samarali omili bo‘lgan bolalar sportini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

 

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2003–2016 yillarda yurtimizda 2 ming 474 inshoot, jumladan, 2 ming 173 sport ob’yekti, 301 bolalar musiqa va san’at maktabi hamda 118 suzish havzasi qurilib, yoshlar ixtiyoriga topshirildi.

 

120 turdagi sport jihozlaridan 119 tasi yurtimizdagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Holbuki, 2003 yilda sport jihozlarining atigi 73 tasi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, xolos.

Joriy yil o‘zbek sportchilari uchun har jihatdan omadli yil bo‘ldi. Jumladan, yosh og‘ir atletikachilarimiz Gruziya va Malayziyada o‘tgan jahon chempionatida, boks bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari esa Sankt-Peterburg shahrida o‘tgan dunyo birinchiligida g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi. O‘zbekistonning yosh shaxmatchilari maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Badiiy gimnastikachilarimiz Lyuksemburgda o‘tkazilgan xalqaro turnirda to‘rtta medalni qo‘lga kiritdi.

Bu kabi g‘alabalar farzandlarimizning jismoniy tarbiya va sportga qiziqishini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ular ongiga vatanparvarlik, yurtga sadoqat kabi ezgu fazilatlarni singdirishda muhim ahamiyatga ega.

2016 yilning eng quvonchli voqeligi so‘zsiz o‘zbek sportchilarining Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qilgan yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki bo‘ldi. Bu gal ushbu nufuzli sport bayramida dunyoning ikki yuzdan ziyod davlatidan sportchilar qatnashdi. E’tiborlisi, ular orasidan 87 mamlakat atletlarigina shohsupaga ko‘tarildi. Oltin medalni qo‘lga kiritganlar esa yanada kam – 59 ta. Quvonarlisi, ushbu musobaqada o‘zbek sportchilari 13 medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida 21-o‘rinni band etdi. Bu ko‘rsatkich bilan delegatsiyamiz Osiyo davlatlari orasida to‘rtinchi, MDHda ikkinchi, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi.

Yana o‘qing:  Zamonaviy shifoxona el xizmatida

Mazkur Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga bokschilarimizdan Rustam To‘laganov, Murodjon Ahmadaliyev, dzyudochilar – Rishod Sobirov, Diyorbek O‘rozboyev, erkin kurash bo‘yicha Elmurod Tasmurodov, Ixtiyor Navro‘zov, Magomed Ibragimov bronza, bokschilarimizdan Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev esa ikkita kumush medalni qo‘shib qo‘ydi. Shuningdek, bokschilarimiz Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oyibnazarov, og‘ir atletikachimiz Ruslan Nurudinov g‘alabasi sharafiga XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.

– O‘tgan yillarda bolalar sportini rivojlantirish borasida qilingan ezgu ishlar natijasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchi o‘g‘il-qizlar safi kengayib bormoqda. 2016 yilda yosh sportchilarimiz Germaniya, Portugaliya, Rossiya, Vyetnam, Italiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Tailand, Bolgariya, Gretsiya, Gollandiya, Hindiston, Malayziya, Vengriya kabi davlatlarda o‘tkazilgan musobaqalarda 182 ta oltin, 130 ta kumush va 121 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktorining o‘rinbosari Akmal Bobonov.

Ishonamizki, kirib kelayotgan 2017 yilda o‘zbek sportchilari bundan-da yuksak marralarni zabt etadilar.

 

Xurshida HAKIMOVA,

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi:

– Sport – jonu dilim. Mana bir necha yildirki, sinxron suzish bilan jiddiy shug‘ullanaman. Shuni quvonch bilan aytishim kerakki, yakunlanib borayotgan 2016 yil men va sportchi dugonalarim hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Yil boshidan jamoamiz bilan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Yakunda o‘zbek sinxron suzish tarixida ilk bor mazkur nufuzli musobaqaning final bahslarida ishtirok etdik. Sentyabr oyida yurtimiz “Suv parisi” xalqaro turniriga mezbonlik qildi. Jamoamiz ushbu musobaqada o‘z dasturi bilan g‘oliblikka erishdi.

Shuningdek, joriy yil Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida duet dasturim bilan ishtirok etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldim. Bu orqali xalqaro toifadagi sport ustasi talabini bajardim.

Niyatim, kirib kelayotgan Yangi yil barcha yurtdoshlarimiz hayotida quvonchli lahzalarga boy yil bo‘lsin! Hamma o‘ylagan orzulariga yetishsin! Yuzingizdan quvonch, labingizdan kulgi sira arimasin!

 

Hasanboy DO‘SMATOV,

XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, 2016 yilning eng yaxshi bokschisi:

– 2016 yil ko‘plab g‘alabalar, kutilmagan quvonchlarga boy yil bo‘ldi. Sababi, shu yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni ko‘lga kiritdim. Bundan tashqari yaqinda Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi (AIBA) yilning eng yaxshi bokschisini aniqlash uchun ijtimoiy tarmoq orqali o‘tkazgan so‘rovnomada 77 foiz ovoz to‘plab, “Yilning eng yaxshi bokschisi” sovriniga loyiq topildim. Bu men uchun yanada quvonchli, yanada hayajonli, qolaversa, biroz kutilmagan voqea bo‘ldi. Chunki, raqiblarim kubalik ikki karra Olimpiya chempioni Roberes Ramires va qozog‘istonlik jahon va Olimpiya o‘yinlari chempioni Daniyar Yeleussinov edi.

Yana o‘qing:  UZTOZ BO‘LISH ORZUIM

Shu fursatdan foydalanib, meni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha yurtdoshlarimga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Kirib kelayotgan 2017 yil barchaga sog‘lik-salomatlik, ulkan zafarlar olib kelsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

 

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: